Ishtaha pasayganda: fastfud menyulari o‘zgarmoqda
Turli mamlakatlarda fastfud tarmoqlari bir xil tendensiyani kuzatmoqda: mijozlar ozish uchun kamroq yeydi va shirinliklar hamda bulochkalarni tobora kam tanlaydi. Shu fonda biznes ham moslashuvchan qadam tashlayapti.

«McDonald's» ishtahani pasaytiruvchi preparatlarni qabul qiladiganlar uchun mo‘ljallangan menyuni allaqachon sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda «Business Insider» xabar berdi.
Trenddagi yangi menyuda oqsilga boy va «yengil» formatlar: kaloriya kam, go‘sht ko‘proq, ayrim hollarda bulochkasiz (uning o‘rniga salat barglari ishlatiladi).

AQSHda ozishni istovchilar soni ortib bormoqda
AQSHda GLP-1 preparatlarini qo‘llash sur’ati oshmoqda. Iste’mol tovarlari bo‘yicha EY eksperti o‘tgan yili AQSH aholisining 10 foizi GLP-1 turkumiga mansub preparatlarning ma’lum bir shaklini qabul qilayotganini aytgan. Ma’lumki, «Ozempic» va «Wegovy» kabi dorilar ishtahani pasaytiradi, natijada foydalanuvchilar kichik porsiyalarni tanlaydi.

Bu esa AQSHdagi oziq-ovqat va ichimliklar bozoriga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bu o‘sib borayotgan mijozlar qatlami haqida faqat «McDonald's» emas, boshqa brendlar ham o‘ylamoqda. Masalan, qadoqlangan mahsulotlar sotadigan «General Mills» va «Conagra Brands» ishtahasi pasaygan odamlarga mo‘ljallangan, kichik porsiyali mahsulotlarni taklif qilmoqda.
«Conagra Brands»ga qarashli «Slim Jim» va «Marie Callender's» kabi brendlar ayrim muzlatilgan taomlarini «Healthy Choice» qatorida «GLP-1 Friendly» deb belgilamoqda.
Dekabr oyida esa «Shake Shack» «yaxshi jismoniy forma uchun menyu»sini taqdim etdi. Unda yuqori oqsilli, glyutensiz, vegetarian va GLP-1’ga mos taomlar o‘rin olgan. Menyuda bulochkalar o‘rniga salatga o‘ralgan uch xil burger taklif qilindi.





