Islomiy moliya mikromoliyadan sukuk bozorigacha rivojlantiriladi — Markaziy bank raisi
Ayni paytda 12 ta mikromoliya tashkiloti murobaha, ijara, salam, muzoraba va mushoraka kabi islomiy moliya shartnomalari asosida xizmat ko‘rsatmoqda. Ulardan biri esa ayol tadbirkorlarni muzoraba, ya’ni foydani taqsimlash tamoyili asosida moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlashga to‘liq ixtisoslashgan.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaMarkaziy bank raisi Timur Ishmetov «Silk Road Finance & Technology» forumida O‘zbekistonda islomiy moliya tizimini shakllantirish uch bosqichda amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Vaqt.uz muxbiri xabar bermoqda.
U dastlab islomiy mikromoliyalashtirish yo‘lga qo‘yilganini aytib, keyinchalik islomiy bank faoliyati uchun huquqiy asos yaratilishini urg‘uladi. Navbatdagi bosqich islomiy kapital bozorini, jumladan, sukuk instrumentlarini rivojlantirishga qaratilmoqda.
Islomiy moliya uch bosqichda rivojlantiriladi
Regulyator mulozimi O‘zbekistonda zamonaviy islomiy moliya tizimini shakllantirish davlat siyosatidagi muhim yo‘nalishlardan biri ekanini ta’kidladi.
«O‘zbekistonda zamonaviy islomiy moliyani rivojlantirishni uch bosqichga bo‘lish mumkin. Ular islomiy mikromoliya, islomiy bank va islomiy kapital bozorini rivojlantirish hamda joriy etishni qamrab oladi», — dedi u.
Birinchi bosqichda mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya mahsulotlarini taklif qilish imkonini beradigan qonunchilik va tartibga solish mexanizmlari joriy etildi. Ayni paytda 12 ta mikromoliya tashkiloti murobaha, ijara, salam, muzoraba va mushoraka kabi islomiy moliya shartnomalari asosida xizmat ko‘rsatmoqda. Ulardan biri esa ayol tadbirkorlarni muzoraba, ya’ni foydani taqsimlash tamoyili asosida moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlashga to‘liq ixtisoslashgan.
Islomiy banklar uchun huquqiy asos yaratildi
Islomiy moliyani rivojlantirishning ikkinchi bosqichi joriy yil 29-iyun kuni islomiy bank faoliyatini joriy etishga oid qonun kuchga kirishi bilan boshlandi. Yangi qonun O‘zbekistonda to‘liq islomiy banklarni tashkil etish, shuningdek, an’anaviy banklar tarkibida «islomiy darcha»larni ochish uchun alohida litsenziya tizimini nazarda tutadi.
Shu bilan birga, islomiy moliyani boshqarishning ikki pog‘onali tizimi ham joriy etilmoqda. U Markaziy bank huzuridagi Islomiy moliya kengashi va tijorat banklaridagi tegishli kengashlarni o‘z ichiga oladi.
Ishmetovning ta’kidlashicha, islomiy va an’anaviy moliyaviy operatsiyalar uchun soliq jihatidan teng sharoit yaratish sohadagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois yangi qonunda qo‘shilgan qiymat va daromad solig‘i bo‘yicha tegishli mexanizmlar belgilangan.
Navbatdagi bosqich — sukuk bozori
Endi asosiy e’tibor islomiy kapital bozorini shakllantirishga qaratiladi. Kapital bozori to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasida sukukka bag‘ishlangan maxsus bob kiritilgan. Qonun loyihasi parlamentning Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan bo‘lib, davlat va korporativ sukuklarni chiqarish uchun huquqiy asos yaratishni nazarda tutadi.
Hujjatda sukukning asosiy turlari, islomiy moliya standartlariga muvofiqlik talablari, sukuk uchun maxsus loyiha kompaniyalarining huquqiy maqomi hamda aktivlarni himoya qilish mexanizmlari belgilangan. Shuningdek, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan milliy islomiy moliya industriyasini rivojlantirish yo‘l xaritasi IFSB bilan hamkorlikda ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.
Besh yillik hujjat beshta yo‘nalish va 39 ta tadbirni qamrab oladi. Unda qonunchilik va tartibga solish bazasini kuchaytirish, sohadagi kadrlar salohiyatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, islomiy banklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va zarur infratuzilmani yaratish kabi vazifalar belgilangan.
Fintex islomiy moliyaning yangi tayanchiga aylanishi mumkin
Markaziy bank raisi fintexni islomiy moliya ekotizimini rivojlantirishdagi muhim vositalardan biri sifatida baholadi. Uning qayd etishicha, texnologiyalar moliyaviy xizmatlarning samaradorligi va shaffofligini oshirib, ularni keng qamrovda ko‘rsatish imkoniyatini yaratadi.
Raqamli yechimlar esa yangi biznes modellari, investisiyalar va iqtisodiy faollik uchun qo‘shimcha sharoit ochadi. Markaziy rahbariga ko‘ra, raqamli iqtisodiyot sharoitida, jumladan, islomiy moliyaviy xizmatlarni raqamli kanallar orqali ko‘rsatishning ahamiyati tobora ortib boradi. Bu biznes va jamiyatning o‘zgarib borayotgan ehtiyojlariga tezroq javob qaytarish, innovatsiyalarni rivojlantirish va yangi investisiya imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.





