Logo

Islomiy moliyani kengaytirish rejalari, yangi alifboning bank shartnomalariga ta’siri va kripto-do‘kon litsenziyasi — 27-oktabr dayjesti

Кеча 23:333 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Islomiy moliyani kengaytirish rejalari, yangi alifboning bank shartnomalariga ta’siri va kripto-do‘kon litsenziyasi — 27-oktabr dayjesti

Markaziy bank rahbari islomiy moliyani rivojlantirishning keyingi bosqichi nimalarni o‘z ichiga olishini aytdi

Samarqandda o‘tkazilayotgan islomiy moliya forumida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov sohani rivojlantirishning keyingi bosqichlariga to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, islomiy moliyani kengaytirishning uchinchi bosqichi islomiy qimmatli qog‘ozlar, xususan, sukuk vositasi uchun zarur huquqiy bazani yaratishni o‘z ichiga oladi. Shu maqsadda hukumat tomonidan yangi kapital bozori to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyorlangani va ushbu hujjat derivativlar, sekyuritizatsiyalangan hamda barqaror rivojlanish obligatsiyalari qatorida sukuk uchun ham huquqiy asos yaratishi ta’kidlandi.

Shuningdek, forumda islomiy moliya standartlariga muvofiq korporativ boshqaruvni tashkil etish, likvidlikni boshqarish vositalarini joriy qilish, xalqaro moliya institutlari (Islom taraqqiyot banki, OْتB va boshqalar) bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish masalalari muhokama qilinmoqda.

Yangi alifboning bank sohasiga ta’siri: eski shartnoma va pullar o‘z kuchini yo‘qotadimi?

O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosiga o‘tishni nazarda tutuvchi 2026 yil 21-oktabrdagi O‘RQ–1184-sonli qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2027 yil 22-apreldan boshlab amaldagi 3 ta harf birikmasi va 26 ta harf o‘rnini 28 ta harf hamda 1 ta tutuq belgisidan iborat yangi alifbo (xususan, O‘ → Ö, G‘ → Ğ, Sh → Ş, Ch → Ç) egallaydi. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda tegishli chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishi belgilangan bo‘lib, bank nomlarini yangi alifboga moslashtirish muddatlari shu asosda hal etiladi.

Shu bilan birga, qonunning 2-moddasiga asosan, yangi alifboga o‘tish moliyaviy sohadagi amaldagi hujjatlarning kuchini yo‘qotmasligini kafolatlaydi:
— Shartnomalar: Ilgari tuzilgan kredit, omonat va boshqa turdagi barcha shartnomalar to‘liq yuridik kuchni saqlab qoladi va ularni qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.
— Milliy valuta: Muomaladagi so‘m banknotlari majburiy tarzda almashtirilmaydi va ularning qonuniy to‘lov vositasi sifatidagi maqomi o‘zgarishsiz qoladi.
— Qimmatli qog‘ozlar: Avval chiqarilgan aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar o‘z amal qilishini davom ettiradi.

Markaziy Osiyoda islom moliyasi bo‘yicha raqamli platforma ishga tushishi mumkin

Markaziy Osiyo mintaqasida, jumladan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda tijorat banklari hamda mikromoliya tashkilotlari uchun mo‘ljallangan «FB Islamic Finance» nomli maxsus raqamli platformani ishga tushirish rejalashtirilmoqda. AAOIFI (Islom moliya institutlari uchun hisob va audit tashkiloti) standartlariga to‘liq mos keluvchi mazkur tayyor yechim banklarga o‘zlarining «islomiy darcha»larini murakkab IT-infratuzizilmasini noldan yaratmasdan va uzoq muddatli tayyorgarliksiz qisqa fursatda bozorga chiqarish imkonini beradi.

Ushbu raqamli platforma kredit konveyerini avtomatlashtirish, CRM va bitimlarni boshqarish, mudaraba kabi tamoyillarga asoslangan investitsion operatsiyalarni yuritish, shuningdek, moliyaviy hisobot va nazoratni ta’minlash kabi qator muhim funksiyalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, tizim mahalliy qonunchilik talablariga moslashtirilib, banklarning amaldagi avtomatlashtirilgan bank tizimlari (ABS) va to‘lov shlyuzlari bilan oson integratsiya qilinadi.

Kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun yana bir korxonaga litsenziya berildi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligining ma’lumotiga ko‘ra, 26-oktabr kuni «Monetex» MCHJ korxonasiga kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun rasmiy litsenziya berildi. Natijada mamlakatimizda ushbu yo‘nalish bo‘yicha faoliyat yuritayotgan litsenziyaga ega korxonalarning umumiy soni 14 taga yetdi.

Shuningdek, respublikada kripto-birja sohasida 2 ta («Asterium» va «Coinpay») hamda kripto-depozitariy faoliyati bo‘yicha 6 ta korxona litsenziya asosida ishlab kelmoqda. Mutasaddilar xavfsizlikni ta’minlash maqsadida fuqarolarga faqatgina rasmiy ruxsatga ega kripto-platformalar orqali amaliyotlarni bajarishni tavsiya etib, ularning ro‘yxatini Agentlikning rasmiy (napp.uz) sayti orqali tekshirish mumkinligini eslatib o‘tgan.

Теглар

Мавзуга оид