«IT Park Ventures»ga yangi direktor tayinlandi
Dalerxon Nodirov o‘tgan haftada «IT Park Uzbekistan» bosh direktori lavozimiga tayinlangan Azamat Karamatovning o‘rnini egalladi.

Dalerxon Nodirov «IT Park Ventures» direktori etib tayinlandi. Bu haqda fond matbuot xizmati xabar qildi.
Yangi rahbar fondning strategik yo‘nalishini izchil davom ettirish, startap-ekotizim rivojiga hissani oshirish hamda O‘zbekiston iqtisodiyotiga venchur investitsiyalarini faol jalb qilish vazifasini bajaradi. Shu orqali mahalliy va xalqaro startaplar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi rejalashtirilgan.
Nodirov 2022–2024 yillarda «AloqaVentures» tarkibida ishlab, investitsiya portfelini shakllantirish va startap ekotizimini rivojlantirishda ishtirok etgan. Keyinchalik u «IT Park Ventures»da investitsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida ishlab, fondning asosiy investitsiya yo‘nalishlarini boshqargan.
2026 yilda esa u «M&A» yo‘nalishi bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. Ushbu tajriba uning yangi lavozimda samarali ish olib borishi uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, «IT Park Ventures»ning avvalgi direktori Azamat Karamatov o‘tgan hafta «IT Park Uzbekistan» bosh direktori lavozimiga tayinlangan edi.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, «IT Park Ventures» portfelida 15 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritayotgan qariyb 70 ta startap mavjud. Fond «FinTech», «EdTech», «SaaS» va «AI» kabi ustuvor sohalarga investitsiya kiritadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yil o‘zbek startap ekotizimiga 329 mln dollar sarmoya kiritilganligi haqida xabar bergan edik.
