Logo

«Kodeks buyurtmalar stoli emas» — parkovkaga to‘lov qilmaganlar muammosi nega Ma’muriy kodeksgacha yetib bordi?

Бугун 18:5512 дақиқа

Toshkentda pulli parkovka uchun to‘lovni amalga oshirmagan haydovchilarni 824 ming so‘mgacha jarimaga tortish taklif qilinmoqda. Biroq bu tashabbus oddiy jarima masalasidan chiqib, davlat vakolatlari, fuqarolik-huquqiy munosabat va jazoning mutanosibligi haqidagi bahsga aylandi.

«Kodeks buyurtmalar stoli emas» — parkovkaga to‘lov qilmaganlar muammosi nega Ma’muriy kodeksgacha yetib bordi?

Toshkentda pulli parkovkadan foydalanib, to‘lovni amalga oshirmagan haydovchilarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari — bugungi hisobda 824 ming so‘m (1-sentabrdan 880 ming so‘m) miqdorida jarima solish taklif etilmoqda.

13-iyul kuni Toshkent shahar hokimligi yo‘l bo‘yidagi pulli parkovkalardan foydalanganlik uchun to‘lovni amalga oshirmagan shaxslarga ma’muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Muhokamalar 28-iyulgacha davom etadi.

Taklif e’lon qilingan kunning o‘ziyoq ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jamoatchilik faollari, iqtisodchilar, huquqshunoslar va ko‘plab vatandoshlar, avvalo, tizimning o‘zi to‘liq va shaffof ishlamayotgan bir paytda jarima joriy etilayotganini tanqid qildi.

Bu holatni jamoatchilik muhokamasi natijalari ham tasdiqlaydi. 27-iyul holatiga ko‘ra, qonun loyihasi bilan qariyb 21 ming kishi tanishgan. Shundan 589 nafar fuqaro o‘z takliflarini bildirgan. Ovoz berish natijalariga ko‘ra esa 1 ming 177 kishi loyihaga qarshi fikr bildirgan bo‘lsa, uni atigi 170 kishi qo‘llab-quvvatlangan.

Biroq bahs faqat 824 ming so‘mlik jarima haqida emas. Pulli parkovka tizimi qanday tashkil etildi, operator qanday tanlandi va to‘lovni amalga oshirmaganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi norma kiritishga yetarli huquqiy asos bormi?
Vaqt.uz ushbu savollarga javob izlab, masalaning huquqiy va iqtisodiy jihatlarini o‘rgandi.

Xato qayerdan boshlandi?

Pulli parkovka atrofidagi bugungi bahslar aslida 824 ming so‘mlik jarimadan boshlangani yo‘q. Uning ildizi tizim joriy etilishidan avvalroq, operatorni tanlash jarayoniga borib taqaladi.

2024 yil 25-noyabr kuni Toshkentdagi yo‘l bo‘yidagi pulli parkovkalarni boshqarish huquqi «E-auksion» platformasiga qo‘yildi. Boshlang‘ich narx 57 milliard so‘m etib belgilandi. Savdolar davomida narx qariyb ikki baravar oshib, 120 milliard so‘mga yetdi.

Biroq bu narx iqtisodiy jihatdan realmi, degan savol o‘sha paytdayoq paydo bo‘lgandi. Operator vakillarining keyinchalik ma’lum qilishicha, ijara haqi, dasturiy ta’minot xarajatlari va boshqa majburiy to‘lovlarni hisobga olganda, loyiha bo‘yicha yillik moliyaviy yuk 200 milliard so‘mga yaqinlashishi mumkin edi. Bunday sharoitda loyiha o‘zini iqtisodiy jihatdan oqlashi qiyin bo‘lgani aytilgan.

Natijada auksionning birinchi g‘olibi — Balcom.uz shartnoma tuzishdan voz kechdi va savdo bekor qilindi.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev Kun.uz'ga bergan intervyusida buning sababini ishtirokchilar auksion shartlarini to‘liq anglamagani bilan izohladi.

«Auksion boshida narx 120 milliardgacha ko‘tarildi. Auksion shunaqa narsaki, odam o‘zini to‘xtata olmay qolganda, “men yutib olay”, deb bosib-bosib ketiladi. Keyin qarab ko‘rsa, bu pulni to‘lay olmasligi yoki nima qilishi juda shubha bo‘lganda, tushunishim bo‘yicha, yutgan odamning o‘zi ham tushungan», — dedi u.

Baxtiyevning aytishicha, ayrim ishtirokchilar 120 milliard so‘mlik taklifni bir martalik to‘lov deb o‘ylagan bo‘lishi ham mumkin.

«Bizning odamlar auksionda qatnashganda shartlarini oxirigacha o‘qimaydi. Menimcha, ayrimlar bu pulni bir martalik to‘lov deb o‘ylagan. Aslida esa bu har yili to‘lanadigan ijara haqi edi. 120 milliard so‘mni har yili to‘lash kichik mablag‘ emas. Tadbirkor keyinchalik buni bajara olmasligini tushungach, auksiondan voz kechgan», — dedi hokim o‘rinbosari.

Faqat birinchi g‘olib emas, undan keyingi zaxira ishtirokchi ham shartnoma tuzishdan bosh tortgan. Shundan so‘ng «E-auksion» tizimi amaldagi tartib asosida takroriy auksionni avtomatik ravishda e’lon qilgan.

«Undan keyin ikkinchi g‘olib ham bu raqamning kattaligini tushunib, ular ham voz kechgan. Keyin hokimiyat emas, auksion o‘tkazuvchi tashkilot avtomatik tarzda auksionni qaytadan o‘tkazgan. Bu qandaydir kimningdir gapi bilan yoki qandaydir buzuq niyat bilan bo‘lmagan», — dedi Baxtiyev.

Biroq birinchi auksion bekor qilingani bilan savollar tugamadi. Aksincha, takroriy savdo natijalari jamoatchilik orasida yangi muhokamalarga sabab bo‘ldi.

G‘olib almashdi, savollar o‘sha-o‘sha

Navbatdagi auksion yakunida pulli parkovkalarni boshqarish huquqi 62,9 milliard so‘mlik taklif bilan «Street Park Systems» MCHJga berildi.

Kompaniya birinchi auksionda ham ishtirok etgan, biroq g‘olib bo‘lmagan. Qizig‘i, birinchi auksion o‘tkazilgan paytda kompaniya tashkil etilganiga atigi 12 kun bo‘lgan edi. Oradan ikki hafta o‘tib o‘tkazilgan takroriy savdoda esa aynan shu kompaniya g‘olib deb topildi.

1

Manba: Orginfo

Bu holat qator savollarni yuzaga keltirishi tabiiy. Xususan, nega birinchi auksionda ishtirok etgan boshqa kompaniyalar takroriy savdoda qatnashmadi, «Street Park Systems» esa g‘olib bo‘ldi?

Hokimlik buni amaldagi auksion tartiblari bilan izohladi. Hokim o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyevning tushuntirishicha, birinchi auksion g‘olibi o‘z ixtiyori bilan shartnomadan voz kechgani sababli ikkinchi auksionda qatnashish huquqidan mahrum bo‘lgan.

Shuningdek, «Poytaxt Parking» loyihasi dastlabki ko‘rinishda amalga oshirilmadi. Avval 13 mingta parkovka o‘rni tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, keyinchalik avtobus yo‘laklari, yo‘l harakati xavfsizligi talablari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mahalliy hokimiyat qarorlari sabab qator ko‘chalar loyihadan chiqarildi.

Natijada loyiha qamrovi keskin qisqarib, tizim 55 ta ko‘chadagi 5300 ta parkovka o‘rnida ish boshladi. Shunga mos ravishda operatorning yillik ijara haqi ham 62,9 milliard so‘mdan 32,8 milliard so‘mgacha qayta hisoblandi.

Pulli parkovkadan tushgan mablag‘ qayerga ketdi?

Poytaxt Parking bosh menejerining Gazeta.uz'ga ma’lum qilishicha, kompaniyaning 2025 yildagi daromadi 10,8 milliard so‘mni, loyiha bo‘yicha zarar esa 60 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etgan.

Shuningdek, 2025 yil boshidan buyon loyiha uchun 6,5 million dollardan ortiq investitsiya yo‘naltirilgani aytilmoqda. Bu mablag‘ yo‘l infratuzilmasini tayyorlash, parkovka uskunalarini o‘rnatish, yo‘l belgilari, asfalt qoplamalarini saqlash, mobil ilovani ishlab chiqish, inspektorlar va texnik xodimlar ish haqiga sarflangan.

Operator ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil boshidan 2026-yil iyun oyigacha davlat budjetiga 35 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, shartnomaga muvofiq kompaniya Yo‘llarni rivojlantirish jamg‘armasiga ham har yili qat’iy belgilangan badal to‘laydi. Ushbu to‘lov parkovkalardan qancha tushum olinganidan qat’i nazar amalga oshiriladi va yiliga 20 milliard so‘mdan 61 milliard so‘mgacha bo‘lishi mumkin.

824 ming so‘mlik jarima nimaga teng?

Taklif qilinayotgan jarima miqdori — 2 BHM, ya’ni bugungi hisobda 824 ming so‘m (1-sentabrdan 880 ming so‘m).

Taqqoslash uchun, Toshkentdagi yo‘l bo‘yidagi pulli parkovkalarda bir soatlik to‘lov hududga qarab 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha etib belgilangan. Demak, eng qimmat tarif bo‘yicha ham parkovka haqini to‘lamagan haydovchiga qo‘llanilishi taklif etilayotgan jarima xizmat qiymatidan qariyb 69 baravar, eng arzon tarif bo‘yicha esa 165 baravar yuqori bo‘ladi.

Taklif qilinayotgan jarima miqdori Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda boshqa ayrim huquqbuzarliklar uchun belgilangan javobgarlik bilan ham bir xil.


Huquqbuzarlik

Jarima

Pullik parkovka uchun to'lov qilmaslik (taklif)




2 BHM – 824 ming so'm

Taqiqlangan joyda transport vositasini to'xtatish yoki to'xtab turish

Odam tashish qoidalarini buzish

Yo'l-transport hodisasi oqibatida transport vositasi yoki mol-mulkka shikast yetkazish


Natijada jamoatchilik orasida aynan 5–12 ming so‘mlik xizmat uchun 824 ming so‘mlik jarima belgilanishi qonun loyihasining eng bahsli masalalaridan biriga aylandi.

Haqiqatan ham atigi 2–3 foiz haydovchigina to‘layaptimi?

Pulli parkovka uchun ma’muriy javobgarlik joriy etish tashabbusining asosiy sababi sifatida to‘lov intizomining pastligi ko‘rsatilmoqda. 

Qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish xatida keltirilishicha, bugungi kunda Toshkentdagi pulli parkovkalardan kuniga o‘rtacha 15 ming nafar haydovchi foydalanadi. Biroq ularning atigi 2–3 foizi, ya’ni 300–450 nafari xizmat haqini ixtiyoriy ravishda to‘laydi.

Hokimlik hisob-kitoblariga ko‘ra, bir oy davomida pulli parkovkalardan 465 ming nafar haydovchi foydalanadi. Ulardan 451–456 ming nafari to‘lovni amalga oshirmaydi. Natijada yiliga 5 milliondan ortiq haq to‘lanmagan holat yuzaga kelayotgani qayd etilgan.

Aynan shu raqamlar qonun loyihasida ma’muriy javobgarlik joriy etishning asosiy asoslaridan biri sifatida keltirilmoqda. Operator vakili ham xuddi shunday munosabat bildirgan.

«Bugungi kunda parkovkaga kirib, mashinasini bir soatmi, uch soatmi, besh soatmi qo‘yib, to‘lamasdan chiqib ketayotganlar ko‘p. Ixtiyoriy ravishda to‘layayotganlar atigi 2–3 foizni tashkil qiladi. Men yurist sifatida har doim fuqarolar foydalangan xizmati uchun o‘z vaqtida haq to‘lashi tarafdoriman. Afsuski, bizda foydalangan xizmat uchun to‘lamasdan ketish holatlari ko‘p uchraydi», — deydi «Poytaxt Parking» huquqshunosi Davron Ahmatov.

Uning aytishicha, kompaniya to‘lovni joyida majburiy undirish vakolatiga ega emas.

«Biz mashinani evakuator bilan olib keta olmaymiz, g‘ildiragini qulflay olmaymiz. Bizda bunday vakolat yo‘q. Biz faqat fuqarolik-huquqiy mexanizmlardan foydalanishimiz mumkin — qarzdorni aniqlaymiz, sudga da’vo kiritamiz va qarzni sud orqali undiramiz», — deydi «Poytaxt Parking» huquqshunosi Davron Ahmatov.

Shu yerda asosiy savol tug‘iladi: agar operatorning o‘zi qarzdorlikni undirish uchun sud orqali murojaat qilish imkoniyati mavjudligini aytayotgan bo‘lsa, nega endi ushbu munosabatni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks orqali tartibga solish taklif qilinmoqda?

Axir amaldagi qonunchilik qarzdorlikni undirishning fuqarolik-huquqiy mexanizmini allaqachon belgilab qo‘ygan. Unda yangi ma’muriy javobgarlik turi aynan qaysi huquqiy bo‘shliqni to‘ldiradi? 

Huquqiy bahs: ma’muriy javobgarlikmi yoki fuqarolik-huquqiy munosabatmi?

Pulli parkovka uchun ma’muriy javobgarlik joriy etish tashabbusi e’lon qilingach, unga nisbatan eng keskin munosabatlardan birini Xalq demokratik partiyasi (XDP) bildirdi.

Partiya bayonotida, avvalo, Toshkent shahar hokimligining qonunchilik tashabbusi huquqi masalasi ko‘tarildi. XDP Konstitutsiyaning 98-moddasiga tayangan holda, hokimlik qonunchilik tashabbusi huquqiga ega subyektlar qatoriga kirmasligini, kodekslarga o‘zgartish kiritish bo‘yicha qonun loyihalari esa faqat Konstitutsiyada belgilangan subyektlar tomonidan kiritilishi mumkinligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, partiya pulli parkovka uchun haq to‘lamaslik operator va foydalanuvchi o‘rtasidagi fuqarolik-huquqiy munosabat ekanini qayd etdi.

«Fuqarolik kodeksiga muvofiq, pulli parkovka uchun haq to‘lash majburiyati foydalanuvchi va parkovka operatori o‘rtasidagi munosabatlardan kelib chiqadi. Mazkur munosabatlar o‘zining huquqiy tabiatiga ko‘ra fuqarolik-huquqiy munosabatlar hisoblanadi. Bu vaziyatda to‘lovni undirish uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutish emas, balki qonunchilikda belgilangan tartibni qo‘llash, ya’ni to‘lanmagan mablag‘ni operator sud orqali undirish chorasini ko‘rishi lozim», — deyiladi bayonotda.

XDP, shuningdek, ma’muriy javobgarlik davlat tomonidan ommaviy va umumiy manfaatlarni himoya qilish uchun qo‘llanilishini, tijorat subyektining daromadini ta’minlash maqsadida davlatning majburlov mexanizmlaridan foydalanish huquqiy davlat tamoyillariga zid ekanini ta’kidladi.

Partiyaga ko‘ra, hokimlik tomonidan keltirilgan «haydovchilarning atigi 2–3 foizi to‘lov qiladi» degan statistikaga ham jamoatchilikda savollar mavjud. XDP shu paytgacha pulli parkovkalardan tushgan tushumlar va davlat budjetiga o‘tkazilgan mablag‘lar bo‘yicha to‘liq va ochiq ma’lumotlar e’lon qilinmaganini qayd etdi.

XDPning ushbu bayonotidan so‘ng pulli parkovka operatori — «Poytaxt Parking» rasmiy raddiya bilan chiqdi.

Kompaniya, avvalo, jamoatchilik muhokamalarida uning roli noto‘g‘ri talqin qilinayotganini bildirib, o‘zini parkovka maydonlarining egasi emas, balki xizmat operatori ekanini ta’kidladi.

«Shahar ko‘chalari, yo‘l chetlari va avtoturargohlar davlat mulki hisoblanadi. “Poytaxt Parking” bularning hech birini sotib olmaydi va o‘z mulkiga ham ega emas. Biz shahar bilan tuzilgan shartnoma asosida operator sifatida faoliyat yuritamiz va faqat servis funksiyasini bajaramiz», — deyiladi kompaniya bayonotida.

Operator, shuningdek, ma’muriy javobgarlik masalasiga ham izoh berib, jarimalarni joriy etish yoki qo‘llash uning vakolatiga kirmasligini qayd etdi.

«Biz jarima solmaymiz va ularga aloqamiz yo‘q. Ma’muriy javobgarlikni joriy etish davlat organlarining mutlaq vakolati hisoblanadi. Bu boradagi qaror kompaniyamiz emas, balki vakolatli davlat institutlari tomonidan qabul qilinadi. Biz tegishli loyihaning tashabbuskori emasmiz va jazo choralarini qo‘llashda ishtirok etmaymiz», — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, kompaniya pulli parkovkalardan yig‘ilgan mablag‘lar shartnomada belgilangan tartibda Toshkent shahar budjetiga yo‘naltirilishini, o‘z faoliyati yuzasidan foydalanuvchilar soni, yig‘ilgan to‘lovlar va budjetga o‘tkazilgan mablag‘lar bo‘yicha ma’lumotlarni ochiqlashga tayyor ekanini bildirdi.

Advokat: Ma’muriy kodeks biznes loyihalarini himoya qilish vositasi emas

Advokat va avtobloger Kamoliddin Baxavdinovning fikricha, pulli parkovka uchun haq to‘lamaslikni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks orqali tartibga solish huquqiy jihatdan jiddiy savollarni yuzaga keltiradi.

Uning ta’kidlashicha, agar pulli avtoturargoh xususiy tadbirkor yoki hokimlik bilan tuzilgan shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan xususiy operator tomonidan tashkil etilgan bo‘lsa, u holda haydovchi va operator o‘rtasidagi munosabat o‘zining huquqiy tabiatiga ko‘ra fuqarolik-huquqiy munosabat hisoblanadi.

«Agar pulli avtoturargoh xususiy tadbirkor (yoki hokimiyat bilan tuzilgan shartnoma asosida faoliyat yurituvchi xususiy kompaniya) tomonidan tashkil etilgan bo‘lsa, u holda avtoturargoh haqini to‘lash majburiyati o‘z huquqiy tabiatiga ko‘ra fuqarolik-huquqiy majburiyat hisoblanadi», — deydi advokat Kamoliddin Baxavdinov.

Uning qayd etishicha, bunday holatda xizmat haqi to‘lanmasa, operatorda qarzdorlikni fuqarolik ishlari bo‘yicha sud orqali undirish huquqi yuzaga keladi. Biroq bu holatning o‘zi avtomatik ravishda ma’muriy huquqbuzarlikni anglatmaydi.

«Pul majburiyatining bajarilmasligi har doim ham ma’muriy huquqbuzarlikka aylantirilishi shart emas», — deydi advokat.

Kamoliddin Baxavdinovning fikricha, tadbirkorlik faoliyatining o‘zi tavakkalchilik bilan bog‘liq bo‘lib, xizmat haqi o‘z vaqtida to‘lanmasligi ham ana shunday xatarlardan biridir.

«Agar tadbirkor haq evaziga xizmat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, u holda tadbirkorlik faoliyatiga xos bo‘lgan tavakkalchilikni, shu jumladan, haq to‘lanmasligi xavfini ham o‘zi zimmasiga oladi. Albatta, davlat pulli avtoturargohlardan foydalanish tartibini belgilashi mumkin. Biroq savol tug‘iladi: xususiy tadbirkor foydasiga pul mablag‘ini undirish uchun ma’muriy javobgarlik choralaridan foydalanish qay darajada to‘g‘ri?», — deya savol qo‘yadi Kamoliddin Baxavdinov.

Uning ta’kidlashicha, huquqiy bahsning markazida aynan davlatning ma’muriy majburlov vakolatlari qaysi maqsadda qo‘llanayotgani masalasi turibdi.

«Davlatning ma’muriy majburlov vakolatlari jamoat manfaatlarini himoya qilish uchun qo‘llanilayaptimi yoki xususiy tadbirkor oldidagi pul majburiyatini ta’minlash vositasiga aylantirilayaptimi?», — deydi advokat.

Huquqshunos bu borada Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2-moddasini ham eslatadi. Mazkur moddaga ko‘ra, kodeksning asosiy vazifasi fuqarolarning huquq va erkinliklarini, mulkni, davlat va jamoat tartibini, ijtimoiy adolat hamda qonuniylikni himoya qilishdan iborat.

«Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks buyurtmalar stoli emas», — deydi huquqshunos.

Kamoliddin Baxavdinovning fikricha, aynan shu nuqtaga huquqiy baho berilishi mazkur tashabbusning Konstitutsiya prinsiplari, fuqarolik huquqi va ma’muriy huquq talablariga qanchalik mos kelishini belgilab beradi.

Toshkentdagi pulli parkovkalar va to‘lovni amalga oshirmaganlik uchun taklif etilayotgan 824 ming so‘mlik jarima atrofidagi bahs oddiy to‘lov masalasidan ancha kengroq muhokamaga aylandi.

Avvalo, pulli parkovkadan foydalanish haydovchi bilan operator o‘rtasidagi fuqarolik-huquqiy munosabat hisoblanadi. Shu bois bunday munosabatdan kelib chiqadigan to‘lov majburiyatini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks orqali tartibga solish eng kamida ortiqcha va keraksiz byurokratiya ham. Chunki, amaldagi qonunchilikda bunday qarzdorlikni undirishning fuqarolik-huquqiy mexanizmlari allaqachon mavjud. 

Bahsning yana bir muhim jihati — jarima miqdori. Bir soatlik parkovka narxi 5–12 ming so‘m bo‘lgan sharoitda 824 ming so‘mlik jarima belgilanishi, qolaversa, ayni miqdordagi jarima taqiqlangan joyda transport vositasini to‘xtatish yoki to‘xtab turish, odam tashish qoidalarini buzish hamda yo‘l-transport hodisasi oqibatida transport vositasi yoki mol-mulkka shikast yetkazish kabi huquqbuzarliklar uchun ham nazarda tutilgani jazoning mutanosibligi yuzasidan e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, tizimning o‘zi ham operatorni tanlash jarayoni, iqtisodiy modeli, parkovka o‘rinlari sonining qisqarishi va shaffoflik masalalari bo‘yicha hanuz savollardan xoli emas. 

Shunday ekan, mavjud muammolarni ma’muriy javobgarlik orqali hal qilishdan avval, ularning kelib chiqish sabablari va amaldagi fuqarolik-huquqiy mexanizmlar nima uchun yetarli emasligi huquqiy jihatdan aniq asoslanishi lozim. Aks holda, yangi jarima mavjud muammolarga yechim bo‘lishdan ko‘ra, ular ustiga yana yangi huquqiy bahslarni qo‘shishi mumkin. Xullas, jamoatchilik bu ishingizdan umuman norozi, o‘rtoqlar!

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 166

Барчаси

Мавзуга оид

«Kodeks buyurtmalar stoli emas» — parkovkaga to‘lov qilmaganlar muammosi nega Ma’muriy kodeksgacha yetib bordi? | Vaqt.uz