«Kredit xabarnoma» xizmati ishga tushirildi

Бугун 17:252 дақиқа

Ushbu xizmatni yoqish orqali fuqarolar o‘z nomiga ochilgan har qanday yangi kredit haqida darhol xabar olish imkoniga ega bo‘ladi.

«Kredit xabarnoma» xizmati ishga tushirildi

2026 yil 16-martdan boshlab «Kredit-axborot tahliliy markazi» kredit byurosi tomonidan «Kredit xabarnoma» xizmati ishga tushirildi. Yangi xizmat orqali fuqarolar o‘z nomiga yangi kredit rasmiylashtirilgani haqida darhol ma’lumot oladi.

Bu imkoniyat, ayniqsa, shaxsning roziligisiz yoki xabarisiz rasmiylashtirilgan kredit holatlarini barvaqt aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Shu orqali moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash va ehtimoliy firibgarlik holatlarining oldini olish mumkin.

Xizmat doirasida xabarnomalar SMS orqali yoki «KATM» mobil ilovasi orqali push-bildirishnoma shaklida yuboriladi. Bu esa fuqarolarga o‘z kredit tarixi bilan bog‘liq har qanday o‘zgarishlardan doimiy ravishda xabardor bo‘lib turish imkonini beradi.

Mazkur xizmat pullik hisoblanadi. Uning narxi bazaviy hisoblash miqdorining 0,01 baravari (QQSsiz) etib belgilangan. Xizmatga ulanish muddati 1 yil, ya’ni 365 kun davomida amal qiladi.

Shuningdek, «KATM» mobil ilovasi orqali boshqa xizmatlardan ham foydalanish mumkin. Xususan:

Kredit skoringi va tarixini kuzatish: O‘zbekistonliklarning kredit tarixi «Kredit-axborot tahliliy markazi» kredit byurosi tomonidan doimiy baholab boriladi. Bunda foydalanuvchilar kredit tarixidagi o‘zgarishlarni oylar kesimida ham kuzatib borishi mumkin. Qarz oluvchilar 0 dan 500 gacha bo‘lgan oraliqdagi skoring ball orqali baholanadi va ushbu oraliq 5 guruhga bo‘linadi:

A – a’lo (400-500 ball;

B — yaxshi (300-400 ball);

C — o‘rtacha (200-300 ball);

D — qoniqarli (100-200 ball);

E — yomon (0-100 ball). Skoring ballini har kuni bepul kuzatish imkoniyati mavjud.

Kredit tarixini esa ushbu saytlar orqali tekshirish mumkin:

— portal.infokredit.uz/reports (xizmat narxi 16 480 so‘m);

my.gov.uz orqali (xizmat narxi 14 834 so‘m).

Xizmatdan bir yilda bir marta foydalanish bepul. ikkinchi martasi esa pulli. Tayyor hisobotlarni «harakatlar tarixi» bo‘limidan yuklab olish yoki kuzatish mumkin.

Firibgarlikdan himoyalanish va taqiqlar: Xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida ilovada «Kreditga taqiq» xizmati joriy etilgan bo‘lib, u orqali o‘z nomiga kredit olishni mutlaqo bepul cheklab qo‘yish mumkin. Shuningdek, «Freeze» xizmati (13 843 so‘m) yordamida kredit tarixi ma’lumotlaridan begonalarning foydalanishini vaqtincha to‘xtatib qo‘yish imkoni bor.

Kafillik va qarzdorlik nazorati: Boshqa shaxslarga kafil bo‘layotgan fuqarolar uchun ham qulayliklar mavjud. «Ishonchli kafil» xizmati (8 240 so‘m) orqali qarz oluvchining to‘lov qobiliyatini tekshirish, «Kimga kafilman» bo‘limida (2 060 so‘m) esa mavjud kafilliklarni nazorat qilish mumkin. Bundan tashqari, 90 kundan oshgan muddati o‘tgan to‘lovlar haqidagi ma’lumotlarni ham alohida xizmat (4 120 so‘m) orqali olish imkoniyati yaratilgan.

Ma’lumot uchun, ayni paytda «KATM» ilovasidan foydalanuvchilar soni 1 milliondan oshgan.

Теглар

Мавзуга оид