«Labubu» ishlab chiqaruvchisining aksiyalari keskin tushib ketdi

Yillik daromad va foyda o‘sishi tahlilchilarning umumiy prognozlaridan past bo‘lganiga qaramay, kompaniya «Sony Pictures» bilan hamkorlikda «Labubu» haqida film ishlab chiqyapti.

«Labubu» ishlab chiqaruvchisining aksiyalari keskin tushib ketdi

Hongkong birjasida ro‘yxatdan o‘tgan kolleksion «blind box» o‘yinchoqlari ishlab chiqaruvchisi, jumladan virusga aylangan, tishlari ko‘ringan «Labubu» personaji bilan mashhur «Pop Mart International Group» (9992.HK) kompaniyasi aksiyalari 2025-yil moliyaviy natijalarini e’lon qilgandan so‘ng bugun, 25-mart kuni qariyb bir yildagi eng katta pasayishni boshdan kechirdi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.

Tushdan keyingi savdolarda «Pop Mart» aksiyalari 20 foizdan ortiq arzonlashdi. Pekinda joylashgan kompaniya ma’lum qilishicha, 2025-yilda daromad yilma-yil 185 foizga o‘sib, 37,12 milliard yuanga (5,38 milliard dollar) yetgan.

Xatarlar hali yuqori

«Morningstar» tahlilchisi Jeff Janning aytishicha, yillik daromad va foyda o‘sishi tahlilchilarning umumiy prognozlaridan past bo‘lgan. Ayniqsa, to‘rtinchi chorakda o‘sish sur’atining sezilarli sekinlashgani investorlarda asosiy intellektual mulk (IP)larning barqarorligiga oid xavotirlarni kuchaytirgan.

«2025-yilda dividend to‘lovi ulushining 35 foizdan 25 foizgacha qisqarishi ham bizningcha salbiy omil», – deydi Jan.

Uning ta’kidlashicha, «Pop Mart» litsenziya biznesi va tematik parklar yo‘nalishini ham kengaytirmoqda, ammo bu sohalarda ijro xatarlari hali ham yuqori.

Mahsulot turi kengayadi

Kompaniya raisi va bosh ijrochi direktori Van Nin esa 2026-yilda daromad kamida 20 foizga o‘sishini kutayotganini bildirdi.

«Biz foydalilik hisobiga daromadni oshiradigan o‘ta agressiv o‘sishni ko‘zlamaymiz», – dedi Van tahlilchilar va investorlar bilan o‘tkazilgan hisobotdan keyingi muloqotda.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, u mahsulot turlarini kengaytirishni davom ettiradi, jumladan maishiy texnika yo‘nalishi ham qo‘shiladi va bu mahsulotlar kelasi oyda taqdim etilishi kutilmoqda. Shuningdek, rahbariyatga ko‘ra, Pekindagi tematik parkni kengaytirish loyihasi yoz faslida ochilishi rejalashtirilgan.

Plyush o‘yinchoqlar, sumka bezaklari va mashhur intellektual mulklar – «The Monsters» (jumladan «Labubu»), «Molly» va «Crybaby» kabi kolleksion mahsulotlarga bo‘lgan global talab to‘lqini fonida «Pop Mart» mahalliy «blind box» sotuvchisidan mamlakatda eng ko‘p kuzatiladigan iste’mol brendlaridan biriga aylandi. Kompaniya ushbu ommalashuv to‘lqinidan foydalanib, xorijiy bozorlarga kengayishni davom ettirmoqda.

Xalqaro bozordagi o‘rinni kengaytirish

Kompaniyaning 2025-yildagi daromadi bir yil oldingi 13,04 milliard yuandan qariyb uch baravar oshib, 37,12 milliard yuanga yetdi. Sof foyda esa 3,13 milliard yuandan 12,78 milliard yuangacha o‘sib, 308 foizga oshdi.

Yanvar oyida kompaniya Meksika, Kamboja va Indoneziyada ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirganini ma’lum qildi, bu talabni qondirish va ta’minot zanjiri barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan.

Shuningdek, kompaniya Londonni Yevropadagi shtab-kvartirasiga aylantirishni rejalashtirmoqda hamda «Labubu» haqida film ishlab chiqish uchun «Sony Pictures» bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bu esa uning xalqaro bozorlarda yanada faol kengayishga intilayotganini ko‘rsatadi.

Теглар

Мавзуга оид