Logo

Markaziy bank nazoratiga o‘tadigan nasiya savdosi, 2023 yildan beri eng pastga qulagan dollar va 264 mln dollarga yangilanadigan aeroport — 17-avgust dayjesti

Кеча 23:142 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Markaziy bank nazoratiga o‘tadigan nasiya savdosi, 2023 yildan beri eng pastga qulagan dollar va 264 mln dollarga yangilanadigan aeroport — 17-avgust dayjesti

Nasiya bozori Markaziy bank nazoratiga o‘tadi

Prezidentning 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan shu paytgacha yagona moliyaviy nazorat doirasidan tashqarida rivojlangan nasiya savdo bozori alohida tartibga olinmoqda.

Banklar va mikromoliya tashkilotlaridan tashqari, aholiga muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar «muddatli to‘lov xizmati operatori» deb e’tirof etiladi. Ular 2027 yil 1-yanvardan Markaziy bank shakllantiradigan reyestrga kirgandan keyingina bunday xizmatni ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari reyestrga regulyatorni xabardor qilish, boshqa kompaniyalar esa hisob ro‘yxatidan o‘tish orqali kiritiladi.

Urganch xalqaro aeroportining yo‘lovchi qabul qilish quvvati 4 barobar oshiriladi

Xorazm xalqaro aeroportini kengaytirish va modernizatsiya qilishga 264 mln dollar investitsiya yo‘naltirilmoqda. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida Janubiy Koreyaning «Incheon International Airport Corporation» kompaniyasi ishtirokida amalga oshiriladi.

Rekonstruksiyadan so‘ng aeroport «Boeing 747» va «Airbus A350» kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni qabul qila oladi. Birinchi bosqichda 18 ta samolyot turargohi va yangi burilish yo‘lagi quriladi. Shuningdek, zamonaviy chegara nazorati va viza bo‘limlari, biznes-zal, savdo va ovqatlanish shoxobchalari hamda 24 soat ishlaydigan tibbiyot punkti tashkil etiladi.

Dollar 2023 yil avgustidan beri eng past darajaga tushdi

17-avgust kuni birja savdolarida dollar kursi 33,83 so‘mga pasayib, 11 857,35 so‘mni tashkil qildi. Bu 2023 yil 10-avgustidan keyingi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Yil boshidan beri dollar 147,06 so‘mga yoki 1,2 foizga arzonlashdi.

O‘zbekistonda rasmiy dollar kursi Respublika valuta birjasidagi savdolar asosida belgilanadi. Banklar bu yerda xorijiy valutani sotib oladi va sotadi, kurs esa talab va taklif muvozanatiga qarab shakllanadi.

O‘zbekistonda yangi universitetlar ochilmaydi

Oliy ta’lim vaziri Kongratbay Sharipovga ko‘ra, mavjud universitetlar quvvati mehnat bozori ehtiyojini qoplash uchun yetarli. Shu sabab hozircha yangi OTM ochishga ehtiyoj yo‘q.

Vazirning aytishicha, 56,7 balldan yuqori natija olgan 256 mingdan ortiq yosh oliy ta’limga kirmoqda. Qolaversa, pastroq ball olgan abituriyentlarni ham mavjud OTMlar qabul qila oladi. Yangi universitetlar sonini ko‘paytirish esa sifatsiz ta’limga olib kelishi mumkin.

Andijon aeroportining yangi terminali qurilishi yil oxirigacha bitadi

Andijon xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminali qurilishi 40 foizga yetdi. Uni yil oxirigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Yangi terminal 19 650 kv. metr maydonga ega bo‘lib, soatiga 1 000 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Amaldagi terminalning quvvati esa soatiga 200 nafarni tashkil etadi. 2026-yilning birinchi yarmida aeroport 91,9 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan, yangi terminal ishga tushgach, yillik quvvat 1,1 mln nafarga yetishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид