Logo

Markaziy bank rahbari islomiy moliyani rivojlantirishning keyingi bosqichi nimalarni o‘z ichiga olishini aytdi

Vaqt.uz muxbirining xabar berishicha, Samarqanddagi forumda asosiy e’tibor islomiy moliya standartlariga muvofiq korporativ boshqaruvni tashkil etish, banklarning barqaror faoliyati uchun zarur likvidlikni boshqarish vositalarini joriy etish, soha uchun malakali kadrlarni tayyorlash, islomiy moliya savodxonligini oshirish masalalariga qaratildi.

Markaziy bank rahbari islomiy moliyani rivojlantirishning keyingi bosqichi nimalarni o‘z ichiga olishini aytdi © vaqt.uz

Islomiy moliyani rivojlantirishning uchinchi bosqichi islomiy qimmatli qog‘ozlar, xususan sukuk instrumenti uchun zarur huquqiy asosni yaratishdan iborat. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Samarqanddagi islomiy moliyaga bag‘ishlangan forumda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Vaqt.uz muxbiri.

U ana shu maqsadda hukumat tomonidan O‘zbekistonda kapital bozori to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi tayyorlanganini aytib o‘tdi. Ishmetov aytib o‘tgan qonun loyihasi ta’minlangan obligatsiyalar, hosila moliyaviy instrumentlar (derivativlar), sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar, sukuk, barqaror rivojlanish obligatsiyalari, subordinatsiyalangan obligatsiyalar va xorijiy valutada ifodalangan obligatsiyalar uchun huquqiy asos yaratadi.

Regulyator rahbari islomiy moliyani rivojlantirish bir mamlakat yoki bir tashkilotning sa’y-harakatlari bilan amalga oshmasligini urg‘ulab, ushbu jarayonda xalqaro tajriba, institutsional hamkorlik, investitsiyalar va malakali mutaxassislarning qo‘shma hamkorligi nihoyatda muhimligini aytdi. Ishmetov shu bois O‘zbekiston Islom taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, olimlar va ko‘plab ekspertlar bilan amaliy yechimlarni ishlab chiqish, kadrlarni tayyorlash, yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etishda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Islomiy moliyani rivojlantirishning amaliy yo‘nalishlari muhokama qilindi

2026-yil 27–28-oktabr kunlari Samarqand shahrida Samarqand islomiy moliya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Unda regulyatorlar, xalqaro moliya institutlari, xorijiy va mahalliy tijorat banklari vakillari, soha mutaxassislari va ekspertlar, oliy ta’lim muassasalari professor va talabalari ishtirok etmoqda.

Forumda asosiy e’tibor islomiy moliya uchun Markaziy Osiyoda qo‘llab-quvvatlovchi ekotizimni shakllantirishga oid mavzularga qaratilib, unda mintaqa hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash, islomiy moliya standartlariga muvofiq korporativ boshqaruvni tashkil etish, banklarning barqaror faoliyati uchun zarur likvidlikni boshqarish vositalarini joriy etish, soha uchun malakali kadrlarni tayyorlash, islomiy moliya savodxonligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki kun davom etgan forum doirasida yettita panel muhokamalari bo‘lib o‘tadi. Ilk panel muhokamalarida Markaziy Osiyoda islomiy moliyaning joriy holati, hududning potensiali va tizimli muammolar tahlil etildi. Shuningdek, islomiy moliya sohasini barqaror rivojlanishini ta’minlash yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Alohida e’tibor islomiy moliya muassasalarida islomiy moliya standartlariga muvofiqlik, korporativ boshqaruv va ichki nazorat masalalariga qaratildi. Bunda islomiy moliya tashkiloti faoliyatining belgilangan talablarga muvofiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash hamda tavakkalchiliklarni boshqarish mexanizmlari muhokama qilindi.

Islomiy kapital bozorini shakllantirish va likvidlikni boshqarish vositalarini joriy etish ham forumning muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Xususan, ushbu vositalar banklar uchun majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishi uchun ahamiyatli ekani aytildi. Muhokamalarda bunday vositalarni rivojlantirishga xizmat qiladigan bozor infratuzilmasi va uni shakllantirish bo‘yicha amaliy harakatlar ko‘rib chiqildi.

Forumda kadrlar tayyorlash va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish soha rivojining o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlari sifatida muhokama qilindi. Professional ta’lim, malaka oshirish hamda aholiga sodda va aniq axborot yetkazish masalalariga e’tibor qaratildi. Kadrlar tayyorlash va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish islomiy moliya industriyasi ekotizimining muhim elementlari ekanligi alohida e’tirof etildi. Mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalari xizmatlar sifatiga ta’sir qilsa, mijozlarning mahsulot shartlarini tushunishi to‘g‘ri tanlov qilishiga yordam beradi. Shu bois forum so‘nggi ikki paneli davomida professional ta’lim, malaka oshirish hamda aholiga sodda va aniq axborot yetkazish masalalari muhokama qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun ilk litsenziya berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид