Migratsiya agentligining sobiq xodimi xalqaro qidiruvga berildi
Interpol orqali qidirilayotgan sobiq mulozim agentlikning Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi rahbari bo‘lgan.

Migratsiya agentligining sobiq bo‘lim boshlig‘i Azizbek Toshtemirov O‘zbekiston tomonidan Interpol orqali qidiruvga berildi. Uning ismi «qizil bildirishnomalar» ro‘yxatida paydo bo‘ldi.
Qidiruv kartochkasida ko‘rsatilishicha, Andijon viloyatida tug‘ilgan 35 yoshli Azizbek Toshtemirov firibgarlikda ayblanmoqda.
Migratsiya agentligi matbuot xizmatining «Gazeta»ga ma’lum qilishicha, Azizbek Toshtemirov 2025-yilning mart oyida turli qonunbuzarliklar uchun ishdan bo‘shatilgan. U Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida (2024-yil oktabr oyida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi sifatida qayta tashkil etilgan ) Koreyadagi vakolatxona rahbari sifatida ishlagan.
Koreyaga ishga jo‘natish keysi
2023-yil may oyida «Kun.uz» nashri Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun o‘tkaziladigan imtihonlardagi ehtimoliy qonunbuzarliklar yuzasidan fuqarolardan tushgan shikoyatlar haqida xabar bergan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, arizachilar imtihon vaqtida ayrim nomzodlar o‘rniga boshqa shaxslar kiritilganini, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ba’zi xodimlari esa ularga testdan o‘tishda go‘yoki yordam berganini ta’kidlagan. Unda Aziz Toshtemirov ismi ham tilga olingan.
O‘tgan yil avgustida fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga noqonuniy ravishda pul olgan Migratsiya agentligining Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi va agentlik markaziy apparati bosh mutaxassisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Shundan keyin Migratsiya agentligi faoliyatida Janubiy Koreyaga yuborish bilan bog‘liq kadrlar, shu jumladan, Seul shahridagi vakolatxonasida faoliyat yuritgan barcha xodimlar to‘liq o‘zgartirilgandi.
Eslatib o‘tamiz, ertalab Bosh prokuratura huzuridagi departament o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxemani fosh etgani xabar qilingandi. Uyushgan jinoiy guruh Tashqi mehnat migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdorlari va boshqalardan iborat bo‘lgan.





