Mo‘jtabo Xomanaiy sog‘-salomat va Qurolli kuchlarni boshqarmoqda — Eronning O‘zbekistondagi elchisi

Бугун 19:442 дақиқа

Muhammad Ali Iskandariy Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Erondagi urush va bosimlarga qaramay, hech kim mamlakatdan qochib ketmaganini aytdi. Vaqt.uz muxbiriga ko‘ra, u buni rahbariyatning mustahkamligi bilan izohlagan.

Eron Islom Respublikasi oliy rahbari Mo‘jtabo Xomanaiy tirik, sog‘-salomat va o‘z xizmat vazifasini bajarmoqda. Oliy rahbar xalq orasida, xalq bilan birga va mamlakatni, Qurolli kuchlarni va siyosiy bo‘limlarni boshqarmoqda. Bu haqda Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy bugun, 30-mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Oliy rahbarimiz sog‘-salomat va o‘z xizmat vazifalarini to‘liq bajarmoqdalar. U kishi xalq bilan birga bo‘lib, jamiyatimizni, Qurolli kuchlarni va siyosiy bo‘limlarni bevosita boshqarib turibdilar. Agar Eronda bo‘layotgan voqealarning yuzdan biri boshqa biror davlatda yuz berganida edi, barchaning o‘sha mamlakatdan qochib ketganiga guvoh bo‘lardingiz. Lekin Eronda shuncha urush va bosimlarga qaramay, bir nafar ham qochqin bo‘lmadi, hech kim chegaradan tashqariga chiqib ketmadi. Xalqimiz hech qanday cheklovlarga uchragani yo‘q. Agar mamlakatda mustahkam rahbariyat bo‘lmaganida, bularning barchasi qanday yuz berishi mumkin edi? Nima uchun Eron haqida bunday xabarlar tez-tez tarqatiladi? Buning asosiy sababi — bizni kuchsizlantirish va «Eron taslim bo‘lyapti» degan noto‘g‘ri tasavvurni uyg‘otishdir. Shuningdek, ular rahbarimizning aynan qayerdaligini aniqlashni istashadi. Biroq rahbarimiz o‘z o‘rnidalar va avvalgi rahbarimiz 37 yil davomida olib borgan obodonlashtirish siyosatini davom ettirmoqdalar. Bugungi kuch-qudratimiz kelajakda yanada ortadi. Hatto mag‘lubiyatga uchragan taqdirimizda ham, biz buni shahidlik maqomidagi g‘alaba deb hisoblaymiz. E’tiqodimizga ko‘ra, biz musulmonmiz: yo g‘olib bo‘lamiz, yo shahid. Bu borada bizda hech qanday ikkilanish yo‘q. Men buni shunchaki propaganda sifatida emas, balki o‘zligimizdan kelib chiqib aytyapman — biz bormiz va buni qila olamiz», - dedi elchi matbuot anjumanida.

Elchining ta’kidlashicha, Eron tomoni mintaqadagi AQSH harbiy bazalarini va Isroilni nishonga olgan hamda bu zarbalar aniq va samarali bo‘lgan. Iskandariy Tehron bundan keyin ham, hech kimdan yordam so‘ramagan holda, yanada kuchliroq zarba berishda davom ettirishini va bu borada hech qanday zaiflik sezmayotganini bildirdi.

«Yaqinda AQSHning o‘zida 9 millionga yaqin fuqaro «Qirollarga yo‘q!» shiori ostida Tramp siyosatiga e’tiroz bildirdi. Eng achinarlisi, AQSH va Isroil rahbarlari bugungi urushdan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanishmoqda. Ular urush fonida birjalarda o‘zlari uchun kerakli kelishuvlarni amalga oshirishmoqda. Ushbu «Pandora yashigi»ning ochilishi boshqa hududlar uchun ham xavflidir. Tramp o‘z shaxsiy foydasi uchun butun dunyo xalqlarining joni va molini garovga qo‘ymoqda», - dedi Muhammad Ali Iskandariy.

Теглар

Мавзуга оид