Neft narxi yana osha boshladi

Бугун 16:262 дақиқа

Bozorlar ochilgandan so‘ng Yevropa va AQSH aksiyalari pasayishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. OAV esa AQSH ittifoqchilari Eronga qarshi urushga qo‘shilishi mumkin, deb yozmoqda.

Neft narxi yana osha boshladi

Neft narxi yana o‘sishga qaytdi va barrel uchun 100 dollardan yuqorida mustahkamlandi. Bu esa bir kun oldin 11 foizga tushib ketganidan keyin sodir bo‘ldi, u pasayishga Donald Trampning Eron energetika infratuzilmasiga zarba berishni kechiktirish qarori sabab bo‘lgan edi. Eron inqirozi yakunlanishiga bo‘lgan umidlar esa Tehron Vashingtonning maxfiy muzokaralar haqidagi bayonotlarini rad etganidan so‘ng susaydi. Shuningdek, «The Wall Street Journal» AQSHning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy mojaroga qo‘shilishga yaqin ekanini xabar qildi.

Etalon neft turi «Brent crude» fyucherslari va Shimoliy Amerika «WTI crude» kontraktlari 24-mart kuni 4 foizdan ortiq qimmatlashib, mos ravishda 104 va 92 dollarga yetdi. Eron parlamenti vitse-spikeri Ali Nikzodning aytishicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi avvalgi holatiga qaytmaydi va Vashington bilan hech qanday muzokaralar bo‘lmaydi.

Yuqori lavozimli manbaning «CBS»ga bildirishicha, Tehron faqat vositachilar orqali AQSHdan kelgan yozishmalarni o‘rganmoqda.

Neft narxining o‘sishiga yana bir sabab – mojaro geografiyasining kengayish xavfi. «The Wall Street Journal» ma’lumotiga ko‘ra, Fors ko‘rfazidagi AQSH ittifoqchilari Eronga qarshi harbiy harakatlarga qo‘shilishga tobora moyil bo‘lmoqda. Xususan, Saudiya Arabistoni valiahdi Muhammad bin Salmon hozir tiyib turish salohiyatini tiklashga intilayotgani va hujumlarga qo‘shilish qarorini qabul qilishga yaqin ekani aytilmoqda. Manbalardan biriga ko‘ra, podshohlikning urushga kirishi vaqt masalasi, xolos.

Tahlilchilar fikri

«XS.com» tahlilchisi Lin Tranning ta’kidlashicha, «agar Fors ko‘rfazi davlatlari mojaroga qo‘shilsa, bu jiddiy eskalatsiyani anglatadi va qisqa muddatda bozorning xavflarni baholash tarzini o‘zgartirishi mumkin. Bozor axborot fonida juda sezgir bo‘lib qolmoqda, bu esa keskin narx sakrashlari va keyingi tez tushishlarga olib kelmoqda».

«Bloomberg» xabariga ko‘ra, Donald Trampning doimiy o‘zgarib turuvchi bayonotlari savdo hajmlarining qisqarishiga olib kelgan, axborot muhitidagi noaniqlik sabab treyderlar tavakkal qilishga tayyor emas. Agentlik hisob-kitobiga ko‘ra, Erondagi urush boshlanganidan beri «Brent» fyucherslari tarixdagi eng katta sakrashlarning oltitasidan to‘rttasini boshdan kechirgan.

«IG» tahlilchisi Toni Sikamor «Reuters»ga bergan izohida shunday deydi:

«Vaziyat hali ham juda noustuvor va hatto portlovchi holatda. Barcha tomonlar bir xil fikrda emas. Tramp istaganini aytishi mumkin, ammo Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopiq va u barcha eronliklar kelishuvga kelmaguncha yopiq qoladi, muammo aynan shunda».

Aksiyalar holati

24-mart kuni Osiyo fond bozorlari Uoll Stritt ortidan o‘sdi. «MSCI»ning Yaponiyadan tashqari Osiyo-Tinch okeani aksiyalari indeksi 1,2 foizga oshdi, «Nikkei» 225 0,6 foizga ko‘tarildi, «Hang Seng» esa 1,5 foizga o‘sdi.

Biroq AQSH fyucherslari pasayishga o‘tdi: «Nasdaq» indeksi bo‘yicha kontraktlar 0,6 foizga, «S&P 500» esa 0,5 foizga tushdi. Yevropa «EUROSTOXX» 50 fyucherslari 0,9 foizga, Britaniyaning «FTSE 100» indeksi esa 0,8 foizga pasaygani xabar qilindi.

Теглар

Мавзуга оид