Nizomiddinov atrofidagi gap-so‘zlar, hokimlar almashinuvi va haftaning muhim voqealari — hafta dayjesti
Ortda qolayotgan haftada sodir bo‘lgan muhim voqealar bilan Hafta dayjestida tanishing.
Zaynilobiddin Nizomiddinov Sirdaryoga hokim bo‘ldimi?
Bu hafta boshidagi eng shov-shuvli tayinlov xabari Prezident administratsiyasining sobiq rahbari, hozirgi Bekobod tumani hokimi Zaynilobiddin Nizomiddinovning boshqa ishga o‘tishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda bosh vazir Abdulla Aripovning avtomobili Toshkent viloyati tomon ketayotgani, Bekobod tumanida rahbar o‘zgarishi kutilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ko‘p o‘tmay, Bekobod tumanini boshqarib kelayotgan Nizomiddinov Sirdaryo viloyatining sobiq hokimi o‘rniga tayinlangani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Bu xabarlar faqat Telegram kanallarda emas, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi sahifasida ham e’lon qilindi. Soniyalar ichida Nizomiddinovning Vikipediyadagi sahifasida ham u Sirdaryo viloyati hokimi deb yozildi.
Ammo keyinchalik Toshkent viloyati hokimligi hech qanday yig‘ilish bo‘lmagani, hokim o‘zgarmagani va Zaynilobiddin Nizomiddinov o‘z lavozimida qolayotganini ma’lum qildi.
Nizomiddinov o‘z joyida qoldi, lekin tarqalgan xabarlar butun internet olamini «portlatdi».
Turdimov o‘rnini Qodirov egalladi
O‘tgan hafta bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri bo‘lgan Erkinjon Turdimovning o‘rni Doniyor Qodirovga berildi. Bu haqdagi farmonni prezident shaxsan imzolagan.
Sirdaryoga hokim vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Qodirov shu vaqtgacha Prezident administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi masalalari departamentiga rahbarlik qilib kelayotgan edi. Undan avval esa u qariyb ikki yil davomida prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlagan.
O‘zbekistonning yangi mudofaa vaziri o‘zgardi
Yuqorida aytganimizdek, hafta tayinlovlarga boy bo‘ldi. 2023-yilning noyabridan buyon mudofaa vaziri sifatida ishlab kelayotgan Shuhrat Xolmuhamedov bu lavozimidan ozod etildi. O‘zbekiston prezidentining tegishli farmonlari bilan ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Botir Qudratxo‘jayev mudofaa vaziri bo‘ldi.
Yangi mudofaa vaziri shu vaqtgacha asosan prokuratura organlari va huquqni muhofaza qilish tizimida ishlagan. U 2014–2016-yillarda Surxondaryo viloyati prokurori vazifasini bajaruvchi, keyinchalik viloyat prokurori bo‘lib ishlagan. 2016–2017-yillarda Toshkent shahri prokurori lavozimida faoliyat yuritgan. 2017–2020-yillarda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori, 2020–2022-yillarda Xorazm viloyati prokurori, 2022-yildan bosh prokuror o‘rinbosari, O‘zbekiston harbiy prokurori lavozimida ishlagan. U 2025-yilning fevralidan 2026-yilning yanvariga qadar favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘lgan.
Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganlar umrbod qamaladi
Bundan buyon 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Bunday og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddatida cheklov bo‘lmaydi. O‘zbekiston prezidenti birdaniga 5 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Ushbu qonun Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning 30-sentabr kuni qabul qilingandI, Oliy Majlis Senati tomonidan 2-oktabrda ma’qullangandi.
Shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga tegishli protsessual harakatlarga jalb etilgan vaqtdan boshlab davlat hisobidan advokat ajratiladi.
Yangi Toshkentga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritildi
Yangi Toshkentga qancha investitsiya kiritilganini bilasizmi? 2 milliard dollardan ortiq. Bu hafta boshida prezident Shavkat Mirziyoyev ishni Yangi Toshkentda bunyod etilgan inshootlarni ishga tushirish va yangi obyektlarning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etishdan boshladi. Keling, o‘tgan haftada davlat rahbari nimalar bilan band bo‘lganiga to‘xtalamiz.
Prezident Yangi Toshkentga tashrifida ma’lum qilishicha, uch yil avval boshlangan Yangi Toshkent qurilishiga hozirgacha 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritilgan. Yangi Toshkent uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Yangi aeroport qurilishi bilan hududning investitsiya salohiyatini 200 milliard dollargacha yetkazish mumkinligi ham aytilgan.
Hozir tadbirkorlarga atigi 94 gektar yer ajratilgan, investorlar uchun berilgan 28 ta lotda esa qurilish boshlanmagan. Prezident bunga ruxsat jarayonlarining cho‘zilishi va idoralardagi ortiqcha byurokratiya ham to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi. Bu tadbir doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Muloqotda nafaqat Yangi Toshkent, balki boshqa masalalar ham muhokama qilingan.
Prezidentning ishongan kadri
«O‘zimning eng ishongan kadrimni olib kelib, ta’lim vaziri qildim», — Shavkat Mirziyoyev.
Bu — ko‘pchilikka hokim sifatida tanilgan Erkinjon Turdimov. Davlat rahbari uni bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlagani haqida gapirar ekan, shunday dedi.
«O‘zlaring ko‘rdinglar, man ta’lim vazirini o‘zgartirdim. Eng ishongan kadrimni olib kelib, ta’lim vaziri qilganim... Son ko‘payib ketdi, sifat kamayib ketdi. Meni juda tashvishga soladi. Shuning uchun, men juda katta tajribaga ega, to‘rtta viloyat hokimi bo‘lgan odamni ta’limga olib kelganim tagida juda katta ma’no borki, endi bu narsalarga prezident mutlaqo boshqacha qaraydi. Ta’limga juda katta e’tibor berish uchun bosh vazirning birinchi o‘rinbosari maqomini berganim, bu bejiz emas. Endi davlatda tibbiyotga, ta’limga e’tibor mutlaqo o‘zgaradi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Erkinjon Turdimov qaysi lavozimga tayinlanmasin, uning zimmasiga katta mas’uliyat yuklangan. Prezidentning uni «eng ishongan kadrim» deb atashi ham bildirilgan ishonch qanchalik katta ekanini ko‘rsatadi. Prezidentning Turdimov oldiga qo‘ygan talabi aniq: ta’limda son emas, sifat.
9-oktabrdagi farmon bilan Turdimovga biriktirilgan tashkilotlar va uning yangi vakolatlari ham belgilandi. Vazirlar Mahkamasi tarkibida 12 shtat birligidan iborat Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil etiladi. Turdimov ushbu sohalarda vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar, inspeksiyalar va hududiy hokimliklar faoliyatini vakolati doirasida muvofiqlashtiradi.
Demak, unga keng vakolat va katta mas’uliyat berildi. Endi asosiy savol — bu ishonch qanday natija beradi? Ta’lim sifati oshadimi, maktablardagi muammolar hal etiladimi, o‘quvchilarning bilimi yaxshilanadimi? Turdimov faoliyatiga beriladigan asosiy baho aynan shu natijalarda namoyon bo‘ladi.
Prezidentning xalqaro uchrashuvlari va haftalik faoliyati
Prezidentning bu haftasi ham juda tig‘iz o‘tdi. 13-oktabr kuni davlat rahbari issiqxonalarda «yashil» texnologiyalarni joriy etish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yaylovlar degradatsiyasining oldini olish va suvdan samarali foydalanish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi. 14-oktabr kuni esa Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev taklifiga binoan Bokuga jo‘nab ketdi. Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Aliyev bilan uchrashdi va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etdi.
Sammit doirasida Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Laos prezidenti Txonglun Sisulit, Kambodja bosh vaziri Xun Manet va Vietnam vitse-prezidenti Vo Txi An Suan bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi va O‘zbekistonga qaytdi.
Toshkentning to‘rtta tumani hokimi o‘zgardi
Endi yana tayinlovlarga qaytsak. Yuqorida aytganimizdek, bu hafta tayinlovlar haftasi bo‘ldi. Dushanba kuni boshlangan kadrlar o‘zgarishi hafta davomida to‘xtamadi.
15-oktabr kuni Toshkent shahrining Yashnobod, Yangihayot, Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarida hokimlar bilan bog‘liq kadrlar o‘zgarishi yuz berdi. Yashnobodni boshqarib kelgan Rahmonqulovning hokimlik davri yakunlandi. Uning o‘rniga Abdulaziz Abdulakov tayinlandi. Yangihayot tumanini 2020-yildan beri boshqarib kelgan Hayot Inog‘omov Chilonzor hokimi bo‘ldi. Uning o‘rnini esa 2024-yildan Yashnobod tumani hokimining moliya-iqtisodiyot masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Lazizbek Temirov egalladi.
Yakkasaroy hokimi Nilufar Allabergenova ham lavozimidan ketdi. U Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari etib tayinlandi.
E’tiborli jihati, Allabergenova avval ham prokuratura tizimida ishlagan. U turli yillarda Yashnobod, Chilonzor va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida prokuror o‘rinbosari, 2019-yildan 2023-yilning oktabrigacha esa Yakkasaroy tumani prokurori bo‘lgan. Demak, u hokimlikdan yana o‘zi avval faoliyat yuritgan tizimga qaytdi. Uning o‘rniga Akmal Jumaboyev hokim bo‘ldi.
Prezident administratsiyasidagi tayinlovlar
Prezident administratsiyasida ham qator tayinlovlar bo‘ldi. Hamkasbimiz, jurnalist Aziza Qurbonova Prezident administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Mazkur tayinlovga qadar Qurbonova Kontent markazi va «O‘zbekiston 24» telekanalida faoliyat yuritayotgan edi. U prezident faoliyatini faol tarzda yoritadigan jurnalistlardan biri sifatida tanilgan.
Shuningdek, 2023-yilning avgust oyidan O‘zA bosh direktorining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan huquqshunos, bloger Xushnud Xudoyberdiyev ham Prezident administratsiyasida ish boshladi. U Prezident administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
Piskent hokimi fermerlarni haqorat qilgani uchun hayfsan oldi
Poytaxtda hokimlar boshqa lavozimlarga o‘tkazilayotgan, ko‘tarilayotgan bir vaqtda Piskentning so‘kong‘ich hokimi hayfsan oldi.
9-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Piskent tumani hokimi Muzaffar Oripovning fermerlarni haqorat qilgani, kartoshka ekmasa, yerlarini tortib olish va «jonini sug‘urib olish» bilan tahdid qilgani aytilgan audio tarqaldi.
13-oktabr kuni Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev farmoyishi bilan Oripovga hayfsan berildi. Farmoyishda bunga sabab sifatida davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalarini buzgani ko‘rsatilgan.
Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari qo‘lga olindi
Bu hafta kimdir hokim o‘rinbosari bo‘ldi, qaysidir «zam» hokim qo‘lga tushdi. Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari tadbirkorga hokimlik balansida bo‘lgan 1 gektar yer maydonini davlat aktivlarini boshqarish tizimidagi tanishlari orqali auksion savdolarga chiqarib, olib berishni va’da qilgan. Xizmati evaziga 25 ming dollar talab qilgan.
Istanbul suv ostida qoldi
Endi xalqaro xabarlarga o‘tsak, 15-oktabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida kuchli yomg‘ir va bo‘ron oqibatida sel yuzaga kelib, kamida uch kishi halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi bedarak yo‘qoldi. Shaharning ko‘plab hududlarini suv bosib, yuzlab uylar va ish joylariga zarar yetdi.
Istanbul gubernatorligi ma’lumotiga ko‘ra, 14-oktabr kuni favqulodda xizmatlarga 2 518 ta murojaat tushgan. Sel oqibatlarini bartaraf etish uchun 8 ming xodim va 2 mingta transport vositasi safarbar qilingan. Ayrim hududlarda yog‘ingarchilik miqdori 1985-yildan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga yetgan.
Saida Mirziyoyeva Turkiyada
Istanbulda kuchli yomg‘ir va toshqin kuzatilgan paytda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham Turkiyada edi. Uning tashrifi davomida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an bilan uchrashuv, mudofaa sanoati va ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalari kun tartibidan o‘rin oldi.
15-oktabr kuni Saida Mirziyoyeva Erdog‘an qabulida bo‘ldi. U O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy tilaklarini yetkazganini ma’lum qildi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va hamkorlik natijalari muhokama qilingan.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva Turkiyaning «Baykar» kompaniyasi majmuasiga tashrif buyurib, mudofaa sanoati va yuqori texnologiyalar sohasidagi loyihalar bilan tanishdi. Unga bu jarayonda Erdog‘anning qizi Sumayya Erdog‘an Bayraktar va uning turmush o‘rtog‘i Selchuk Bayraktar hamrohlik qilgan.
Tashrif doirasida Turkiya prezidentining o‘g‘li Najmiddin Bilol Erdog‘an bilan birgalikda Istanbuldagi Ibn Xaldun universiteti va «Yenidoğu» maktabiga ham borildi. Ta’lim sifati, yoshlarning iqtidorini rivojlantirish va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvlar bilan tanishilgan. Ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashish va hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilingan.
Bank nomidan aldab, 8 million dollarni o‘zlashtirishgan
Toshkentda banklar nomidan qo‘ng‘iroq qilib, fuqarolarni aldagan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilar soxta koll-markaz tashkil qilib, fuqarolarning bank kartalari ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan. Ularning nomiga onlayn kreditlar ham rasmiylashtirilgan.
Guruh a’zolari orasida yirik banklardan birining kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi ham bo‘lgani aytilmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jami 8 million dollar o‘zlashtirilib, kriptovalyutaga aylantirilgan va soxta kompaniya orqali xorijga olib chiqilgan.
Toshkent viloyatida 15 kilogramm narkotik
Toshkent viloyatida ikki alohida tezkor tadbir davomida jami 15 kilogramm giyohvandlik vositasi musodara qilindi. Birinchi holatda transmilliy jinoiy guruh a’zolari Toshkent–Andijon magistral yo‘lida oldindan yashirib ketilgan 13 kilogramm «gashish»ni olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Ikkinchi holatda esa Bo‘ka tumanida bir shaxs 2 kilogramm «opiy»ni 20 ming dollarga sotayotgan vaqtda ushlangan.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, musodara qilingan giyohvandlik vositalarining 75 ming dozasi noqonuniy aylanmaga kirishining oldi olingan. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.
Теглар






