Nurafshon–Yangiyer temir yo‘li qurilishi boshlandi

Бугун 18:152 дақиқа

Toshkent viloyatida uzunligi 110 kilometr bo‘lgan yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘i qurilishiga start berildi.

Nurafshon–Yangiyer temir yo‘li qurilishi boshlandi © Foto: t.me/uzrailways_uz

Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Bekobod tumanlarida «Nurafshon – Piskent – Bo‘ka – Bekobod – Boyovut – Yangiyer» yo‘nalishidagi yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘i qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev, soha mutaxassislari va nuroniylar ishtirok etdi. Bekobod tomonidan esa tuman hokimi Zaynilobiddin Nizomiddinov hamda faollar videomuloqot orqali qatnashdi.

Rasmiylar ta’kidlashicha, mazkur temir yo‘l tarmog‘i viloyat iqtisodiyoti rivojiga yangi sur’at bag‘ishlaydi. Shuningdek, loyiha aholi bandligini ta’minlash, transport-logistika xizmatlarini kengaytirish va hududlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Loyihada rejalashtirilgan ishlar

Loyiha doirasida 4 ta temir yo‘l bekati, 21 ta yo‘l o‘tkazgich, 6 ta ko‘prik va 1 ta nim tortish stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Qurilish ishlarida xalqaro infratuzilma loyihalarida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiya va ilg‘or tajribalardan foydalanilishi aytildi.

Mutasaddilarga ko‘ra, yangi temir yo‘l avtomobil va temir yo‘l kesishmalarisiz loyihalashtirilgan. Shu bilan birga, yo‘nalish aholi yashash hududlarini chetlab o‘tadi va atrof-muhitga ta’sirni minimallashtirish choralari inobatga olingan.

Tadbir yakunida ramziy qoziq qoqish marosimi o‘tkazildi. Qurilish ishlari bir vaqtning o‘zida Nurafshondan Bekobodga hamda Bekoboddan Nurafshon tomon boshlangani ma’lum qilindi.

Avvalroq Baytqo‘rg‘on-Parkent elektrlashtirilgan temir yo‘li tarmog‘ining qurilish ishlari yakunlangan edi. Toshkent viloyatining Parkent tumanida uzunligi 23,8 km bo‘lgan mazkur bir izlik temir yo‘l liniyasining qurilishi 2025-yil boshida boshlangan.

Loyiha doirasida ko‘priklar, tunnel va infratuzilma obyektlari barpo etildi. Temir yo‘lda kuniga 275 ming nafargacha yo‘lovchi tashish mumkin.

Теглар

Мавзуга оид