Logo

O‘chirilgan video, ochiqlangan hujjatlar: «Iman Invest» atrofida nimalar bo‘lyapti?

Кеча 22:308 дақиқа

Mahmud Usmon moliyaviy hujjatlarni e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay, kompaniya asoschisining videomurojaati rasmiy sahifalardan olib tashlandi. Xo‘sh, ochiqlangan hujjatlarda nimalar aks etgan, tomonlar bir-birini nimada ayblamoqda va IMAN Holding Kuzatuv kengashi bu vaziyatga qanday munosabat bildirdi?

25-oktabr kuni Islom moliyasiga muvofiqlashtirish kengashi (IFCB) «Iman Invest» bilan barcha hamkorlikni zudlik bilan va to‘liq to‘xtatganini e’lon qildi. Kengash a’zolari — islom moliyasi bo‘yicha xalqaro auditor Mahmud Usmon va xalqaro huquqshunos Husayn Rajabov bayonotiga ko‘ra, kompaniya faoliyati yuzasidan yakuniy xulosa berilmagan, shar’iy audit jarayoni davom etgan.

2026-yil iyul oyida kengashga kompaniyadagi shubhali tranzaksiyalarni aks ettiruvchi hujjatlar kelib tushgan. Shundan so‘ng xalqaro moliyachilar, huquqshunoslar va shar’iy auditorlardan iborat taftish komissiyasi tuzilib, uch yarim oy davomida tekshiruv olib borilgan. Moliyaviy tekshiruvlar 15-oktabrda yakunlangan.

IFCB xulosasiga ko‘ra, kompaniya rahbariyati investorlar mablag‘larini islom moliyasi tamoyillari, ichki hujjatlar va O‘zbekiston qonunchiligiga zid ravishda ishlatgan.

Xususan, «Iman Invest» mudoraba asosida faoliyat yuritishiga qaramay, investor kapitali yoki uning bir qismi qaytarilinmaydigan holatga kelgan paytda ham foyda taqsimlangani aytiladi. Shuningdek, investorlar mablag‘lari qimmatbaho avtomobillar va xonadonlar xaridi, shaxsiy manfaatlar hamda ma’muriy xarajatlarga sarflangani ta’kidlangan.

Buning oqibatida kompaniyada bir necha million dollarlik kamomad yuzaga kelgan. Kengash vakili investorlar mablag‘larini qaytarish talabi qo‘yilgan taqdirda kompaniya ushbu majburiyatlarni to‘liq bajarishga qodir bo‘lmasligi mumkinligini aytmoqda.

Shu sababli aniqlangan qoidabuzarliklar bartaraf etilib, zarar qoplanmaguncha kengash «Iman Invest»ga mablag‘ kiritishni shariat nuqtai nazaridan tavsiya etmasligini ma’lum qildi.

«Iman» asoschisi ayblovlarni rad etdi

«Iman» kompaniyasi asoschisi Rustam Rahmatov Mahmud Usmon tomonidan kompaniya faoliyatiga nisbatan bildirilgan da’volarni rad etdi. Uning aytishicha, tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchilik xizmat haqlarini kamaytirish masalasi va kompaniya aksiyalaridan ulush so‘ralishi ortidan yuzaga kelgan.

Rahmatovning ta’kidlashicha, Mahmud Usmon bilan ikki yarim yillik hamkorlik davomida unga 100 ming dollardan ortiq xizmat haqi to‘langan. Keyinchalik kompaniya ushbu to‘lovlarni kamaytirishga qaror qilgan. Shuningdek, Mahmud Usmon «Iman xolding» aksiyalaridan ulush so‘ragan. Rahmatov esa kompaniya sheriklari bilan maslahatlashib, bu taklifni rad etgan. Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.

«…Rad javobini berdik va natijada siz ko‘rgan video chiqdi. Musulmonning sha’ni va mulki boshqa musulmon uchun harom», — dedi kompaniya asoschisi.

Rahmatovning ma’lum qilishicha, Mahmud Usmon bilan hamkorlik to‘xtatilganidan keyin kompaniya Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy bilan hamkorlikni boshlagan. Yangi audit natijalari taxminan bir oy ichida e’lon qilinadi. Shuningdek, kompaniya ikki yil avval auditdan o‘tib, shar’iy talablarga muvofiqligi haqida ijobiy xulosa olganini bildirdi. O‘tgan yil va joriy yil faoliyati bo‘yicha tekshiruv natijalari ham jamoatchilikka taqdim etilishi aytildi.

Kompaniya asoschisi shar’iy masalalarda qarorlar bir kishining fikriga emas, kengashning umumiy xulosasiga tayanishi lozimligini qo‘shimcha qildi. Shu maqsadda bir nechta ulamolar ishtirokida yangi shar’iy kengash tuzilmoqda. Kelgusida kompaniyaning yangi xizmatlari va shartnomalari ushbu kengash tomonidan ko‘rib chiqiladi. Kengash tarkibini yaqin kunlarda e’lon qilish rejalashtirilgan.

Rahmatov investorlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlar o‘z kuchida qolishini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuzaga kelgan kelishmovchilik kompaniyaning ushbu majburiyatlariga ta’sir qilmaydi.

«Sizdan har qanday tekshirilmagan va isboti yo‘q ma’lumotlarga ishonmasligingizni iltimos qilaman va bu tushunmovchilikni albatta qonun orqali hal qilamiz», — dedi Rustam Rahmatov.

 

«Ulush so‘ramaganman, yetimxonaga berishni aytganman»

Mahmud Usmon o‘zining navbatdagi bayonotida «Iman Invest» rahbari tomonidan ilgari surilgan ayblovlarni rad etdi. Uning aytishicha, kompaniyadan ulush talab qilgani haqidagi gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Mahmud Usmonning ta’kidlashicha, u aksincha, kompaniya rahbariga o‘z ulushini yetimxonaga berishni taklif qilgan.

«Kerak emas menga ulushing dedim. Yetimxonaga berib yubor dedim, menga ulush kerak emas, sen ketgin, odamlarning puli sening qo‘lingda qolmasin, o‘rningga boshqa rahbar qo‘yib, yo‘q bo‘lib ketgin shu kompaniyadan dedim. Va bu narsani hamma tasdiqladi. Uning tarafida turgan odamlar ham siz ketmasangiz bo‘lmaydi dedi. Tasavvur qiling, uningda tarafdori bo‘lgan o‘sha maslahatchilari siz ketmasangiz bo‘lmaydi deb turibdi. Bu nimaga dalolat qiladi? Qanchalik odam botib ketgan bo‘lishi kerakki, kompaniyaning rahbari bo‘lib turib, uni ta’sischisi bo‘lib turib, uning oldidagi odamlar siz ketmasangiz bo‘lmaydi deyapti», — deydi Mahmud Usmon.

Bu voqeada Rustam Rahmatov ishdan ketmagani uchun kompaniyaga aloqador shaxslar va moliyachilar o‘zlari bo‘shagan.

Mahmud Usmon so‘zlariga ko‘ra, bu masalada Shayx Abror Muxtor Aliy ham guvohlik berishi mumkin. U, shuningdek, kompaniya rahbarining o‘ziga nisbatan bildirgan ayblovlari yuzasidan tegishli idoralarga, jumladan, sudga murojaat qilib, o‘z huquqlarini himoya qilishini ma’lum qildi.

 

70 mln dollarlik portfelda 20 mln dollarlik kamomad

Mahmud Usmon bayonotida kompaniyaning moliyaviy faoliyatiga oid raqamlarni keltirdi. Xususan, kompaniya faoliyatini tekshirgan moliyachilar hujjatlarda 20 mln dollarlik kamomad borligini qayd etgan.

Kompaniyaning 70 mln dollarlik portfelida taxminan 20 mln dollarlik tafovut mavjudligi muhokama qilingan yig‘ilishlarda ham ko‘tarilgan.

Shuningdek, u taftish komissiyasi tuzilgani, komissiya muammolarni qayd etgani va kompaniya rahbari ushbu masalalar muhokama qilingan hujjatlarni imzolaganini bildirdi. Mahmud Usmonning aytishicha, hujjatlarda millionlab dollar mablag‘ning sarflanishi, avtomobillar va uy-joylar bilan bog‘liq operatsiyalar ham aks etgan.

Biroq 20 mln dollarlik kamomad borligi haqidagi da’volarni mustaqil audit xulosasi yoki vakolatli organlarning rasmiy ma’lumotlari bilan tasdiqlash zarur. Kompaniya rahbariyati bu masalalar bo‘yicha qanday hujjatlarni taqdim etishi va tekshiruv natijalari qanday bo‘lishi hozircha ochiq qolmoqda.

Rustam Rahmatov da’volarni yig‘ilishlarda tan olgan

Mahmud Usmon o‘z nomi bilan ochilgan Telegram kanalida kompaniya faoliyatiga oid hujjatlarni birma-bir e’lon qilib kelmoqda.

Xususan, «Iman Halal Investments» yagona ishtirokchisining 2026-yil 1-iyuldagi taftish komissiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori joylangan.

111

Hujjatga ko‘ra, kompaniya boshqaruv kompaniyasiga operatsion xarajatlarini qoplash uchun mablag‘larni muntazam ravishda qarz sifatida bergani qayd etilgan. 2026-yil 31-may holatida boshqaruv kompaniyasining qarzi 2,97 mln dollarni tashkil etgan.

Shuningdek, boshqaruv kompaniyasi xarajatlarini kompaniya zimmasiga yuklash investorlar uchun ajratiladigan dividendlar miqdorini kamaytirgani aytiladi. Hujjatda bunday xarajatlar tarkibida oylik ish haqi, marketing, skoring va tranzaksiya komissiyalari kabi to‘lovlar sanab o‘tilgan.

Muammoli kreditlar va dividendlar

Ilovaning 4-bandida 2026-yil 31-may holatiga «Iman»ning BNPL portfelidagi muammoli kreditlar miqdori 9,5 mln dollarni tashkil etgani ko‘rsatilgan. Portfelning taxminan 17–18 foizi muddati o‘tgan muammoli qarzlardan iborat bo‘lgan.

5-bandda esa investorlar mablag‘lari hali to‘liq qaytarilmagan bo‘lsa-da, ayrim dividendlar to‘langaniga oid e’tirozlar keltirilgan. Komissiya vakillari bunday to‘lovlar investorlar kapitali va daromadlarini hisoblash tartibiga ta’sir qilishi mumkinligini bildirgan.

Mercedes-Benz S500 xaridi

2026-yil 3-iyuldagi qarorda keltirilishicha, yig‘ilishda investorlar mablag‘lari hisobidan xarid qilingan Mercedes-Benz S500 avtomobili masalasi ko‘tarilgan.

Ya’ni 2026-yil 10-aprelda «Founders Trust 1» MCHJ hisobiga 128 ming dollar o‘tkazilgan. Taftish komissiyasi bu mablag‘ kompaniya ta’sischisi Rustam Rahmatov foydalanishi uchun avtomobil xaridiga sarflanganini qayd etib, bitim kompaniya va investorlarning manfaatlariga muvofiq emas deb topilgan.

Qarorda avtomobilga oid hujjatlarni komissiyaga taqdim etish, avtomobilni sotish yoki mablag‘ni qaytarish orqali yetkazilgan zararni qoplash choralarini ko‘rish belgilangan. Bundan tashqari, Rustam Rahmatov bilan 2023-yil 1-dekabrda tuzilgan BYD Champion avtomobilini muddatli to‘lovga olish shartnomasi bo‘yicha ham to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan.

Yuqoridagi barcha hujjatlar bilan Rustam Rahmatov shaxsan tanishgani va imzolaganini ko‘rish mumkin.

222

222

Mahmud Usmon, shuningdek, jamoatchilik taftish komissiyasining hujjatlari, moliyaviy masalalar muhokama qilingan materiallar va bir necha soat davom etgan Zoom yig‘ilishlari yozuvlari e’lon qilishini aytdi.

Ayrim yig‘ilishlar to‘rt, besh, hatto o‘n soat davom etgani sababli yozuvlar Telegram bilan birga Instagram va YouTube platformalarida ham ulashish rejalashtirilmoqda.

«Iman Invest» kompaniyasi kim bilan hamkorlik qilmoqda?

Mahmud Usmon, shuningdek, kompaniyadagi shubhali va noqonuniy deb hisoblayotgan tranzaksiyalarga oid hujjatlar prokuratura hamda tegishli tashkilotlarga topshirilganini bildirdi.

Bundan tashqari, Mahmud Usmonning aytishicha, Rustam Rahmatov avval Shayx Muhammad Taqiy Usmoniyning o‘g‘li Shayx Hasan bilan hamkorlik qilishi haqida ma’lum qilgan, keyinchalik esa Shayx Taqiy Usmoniyning o‘zi bilan ishlashini aytgan.

«Biz Shayx Taqiy Usmoniyga o‘zimizning xulosamizni va uning barcha dalillarini yetkazib qo‘yganmiz», — dedi Mahmud Usmon.

Uning ta’kidlashicha, Shayx Taqiy Usmoniyga kompaniya faoliyati yuzasidan tayyorlangan xulosalar arab tilida yuborilgan.

Mahmud Usmon, shuningdek, kompaniyadagi noqonuniy deb hisoblayotgan tranzaksiyalarga oid hujjatlar prokuratura va tegishli tashkilotlarga topshirilganini bildirdi. U Shayx Taqiy Usmoniy ushbu kompaniya bilan hamkorlik qilmasligini taxmin qilib, bu masalaga vaqt oydinlik kiritishini aytdi.

Bayonotda yana bir masala — Mahmud Usmonga bosim o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ham tilga olindi. Uning aytishicha, ayrim vositachilar va diniy ulamolar unga ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilgan. Shunga qaramay, u kompaniya faoliyatiga oid ma’lumotlarni oshkor qilishni o‘zining jamoatchilik oldidagi vazifasi deb hisoblashini bildirdi.

Mahmud Usmon kompaniya rahbari e’tiborini o‘ziga qarshi bayonotlar berishga emas, investorlar oldidagi majburiyatlarni bajarish va mablag‘larni qaytarish masalasiga qaratishi kerakligini alohida ta’kidladi.

Rustam Rahmatovning bayonoti o‘chirildi

Kompaniya asoschisi Rustam Rahmatovning bayonotlari sal o‘tmay turib, kompaniya ijtimoiy tarmoqlaridan o‘chirildi.

 

«IMAN Holding» Kuzatuv kengashi rasmiy bayonot bilan chiqib, kompaniya rasmiy sahifalari shaxsiy munosabatlar va kelishmovchiliklarni muhokama qilish uchun mo‘ljallanmaganini qayd etdi.

Shu sababli kengash Rahmatovning videomurojaatini kompaniyaning rasmiy sahifalaridan olib tashlashga qaror qilgan.

Bu kompaniyaga nisbatan bildirilgan da’volarni tan oldik degani emas. Biz shunchaki masalaning shaxsiy janjalga aylanishini istamaymiz. Bunday bahsda hech kim yutmaydi, eng avvalo investorlarimiz va xalqimiz yutqazadi.

Kelishmovchiliklar bo‘lishi mumkin. Lekin ular ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar bilan emas, hujjatlar, dalillar va qonun asosida hal bo‘lishi kerak. Kompaniya faoliyati bo‘yicha ko‘tarilgan jiddiy savollarni mustaqil tekshiruv asosida ko‘rib chiqishga tayyormiz. Undan tashqari yaqin bir necha soat ichida bildirilgan da’volar masalasidagi munosabatni e’lon qilamiz, deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, Kuzatuv kengashi yaqin bir necha soat ichida bildirilgan da’volar yuzasidan qo‘shimcha munosabat e’lon qilinishini ham ma’lum qildi.

«Iman Invest» atrofidagi mojaro yuzasidan yangi ma’lumotlar va voqealar rivojini Vaqt.uz bilan kuzatib boring.

Теглар

Мафтуна Яхшиликова

Мафтуна ЯхшиликоваМақолалар сони: 215

Барчаси
O‘chirilgan video, ochiqlangan hujjatlar: «Iman Invest» atrofida nimalar bo‘lyapti? | Vaqt.uz