Logo

Osiyo «super El-Nino»ga tayyorlanmoqda: Bu anomal hodisa O‘zbekistonga ham ta’sir qiladimi?

Бугун 10:003 дақиқа

Mutaxassislar Markaziy Osiyo uchun eng katta xavf boshqa omil bilan bog‘liqligini aytmoqda.

Osiyo «super El-Nino»ga tayyorlanmoqda: Bu anomal hodisa O‘zbekistonga ham ta’sir qiladimi?

Tinch okeanining ekvatorial qismidagi suv haroratining yuqori darajaga ko‘tarilishi bilan bog‘liq El-Nino hodisasi kuchaymoqda. AQSH Milliy okean va atmosfera boshqarmasi (NOAA) 2026 yil kuzi va 2026–2027 yil qishi davomida juda kuchli El-Nino yuzaga kelish ehtimolini 90 foizdan yuqori deb baholamoqda.

NOAA ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr–dekabr oylari uchun hodisaning tarixiy darajaga yetish ehtimoli 75 foiz. Bunda El-Nino kuchi 1950 yildan keyingi avvalgi holatlardan yuqori bo‘lishi mumkin.

Jahon meteorologiya tashkiloti ham El-Nino 2027 yil boshigacha saqlanib qolishi ehtimoli juda yuqori ekanini bildirgan. Avgust oyidagi baholashga ko‘ra, uning sentabr–noyabr va dekabr–fevral davrlarida saqlanib qolish ehtimoli qariyb 100 foizga teng.

El-Nino — Tinch okeanining markaziy va sharqiy ekvatorial qismida suv yuzasi haroratining odatdagidan yuqori bo‘lishi bilan bog‘liq tabiiy iqlim hodisasi hisoblanadi.

2026 yil avgust oyida NOAA ma’lumotlarida Tinch okeanining sharqiy ekvatorial qismida dengiz yuzasi haroratidagi anomaliyalar +3°Cdan yuqori bo‘lgan. Niño-3.4 indeksi esa +1,8°Cga yetgan.

NOAA prognozida hodisa yil oxirigacha yana kuchayishi aytilmoqda.

Osiyo tayyorgarlikni boshlab yuborgan

El-Ninoning ta’siri dunyoning barcha hududlarida bir xil bo‘lmaydi. Biroq Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda uning ta’siriga tayyorgarlik kuchaytirilgan.

«The Guardian» nashrining xabar berishicha, Xitoyda ekstremal ob-havoga tayyorgarlik bo‘yicha 100 kunlik kampaniya boshlangan. Mamlakat hukumatining rejalari orasida erta ogohlantirish tizimlarini kuchaytirish va shaharlar uchun iqlim xavfi xaritalarini ishlab chiqish ham bor.

Hindistonda esa 350 dan ortiq xavf yuqori bo‘lgan hududda suvni tejash va suv to‘plash infratuzilmasi kuchaytirilmoqda. Fermerlarga suvni kam talab qiladigan va qisqa muddatda yetiladigan ekinlarga o‘tish tavsiya etilgan.

El-Nino oqibatlari ayrim mamlakatlarda allaqachon sezilmoqda.

«The Guardian» ma’lumotiga ko‘ra, sentabr oyida Hindistonning ba’zi mintaqalarida musson yomg‘irlari qariyb 50 foizga kamayib ketgan. Bu esa sholi, dukkakli ekinlar, paxta va makkajo‘xori kabi ekinlar hosiliga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Shri-Lankada esa yog‘ingarchilikning kamligi va jazirama issiq so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli qurg‘oqchilikni keltirib chiqargan. Oqibatda 160 mingdan ziyod aholi ichimlik suvi tanqisligiga duch kelgan.

Janubi-Sharqiy Osiyoda guruch hosili xavf ostida

El-Nino tabiiy hodisasi Janubi-Sharqiy Osiyo qishloq xo‘jaligiga ham jiddiy tahdid solmoqda. «The Guardian» nashrining yozishicha, mintaqada sholi hosildorligi 8–10 foizga pasayishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan, hududdagi davlatlar suv resurslarini oqilona boshqarish, ekin ekish muddatlarini o‘zgartirish va qishloq xo‘jaligiga yangicha usullarni joriy etish orqali mazkur xatarni yumshatishga urinmoqda.

Indoneziyada esa El-Nino va uzoq davom etgan qurg‘oqchilik oqibatida yirik yong‘inlar kelib chiqqan. «Reuters» agentligi xabariga ko‘ra, mamlakatdagi bu galgi yong‘inlar so‘nggi 11 yil ichidagi eng halokatlisi bo‘ldi. Birgina 1–9-sentabr kunlari tutun va olov ichida qolgan yettita provinsiyada nafas olish yo‘llari kasalliklari bilan bog‘liq 113 mingdan ziyod holat qayd etilgan

50 million kishi ochlik xavfiga yuzma-yuz kelishi mumkin

El-Nino keltirib chiqaradigan eng katta tahdidlardan biri bevosita oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq. Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) tahlillariga ko‘ra, mazkur kuchli tabiiy hodisa oqibatida qariyb 50 million kishi o‘tkir ochlikka duchor bo‘lishi mumkin.

Tashkilotning ta’kidlashicha, bu xatar, ayniqsa, iqlim o‘zgarishlariga ta’sirchan hamda oziq-ovqat ta’minoti tizimi zaif bo‘lgan hududlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Shu munosabat bilan, ayni paytda WFP turli davlat hukumatlari bilan hamkorlikda xavfning oldini olish, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash, sug‘urtalash va tabiiy ofatlardan barvaqt ogohlantirish tizimlarini joriy etish bo‘yicha maxsus dasturlarni amalga oshirmoqda.

El-Ninoning Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonga ta’siri qanday?

Mutaxassislarning baholashicha, El-Ninoning Markaziy Osiyoga ta’siri qit’aning boshqa hududlaridagi kabi kuchli bo‘lmaydi.

Joriy yilning 10-avgust kuni Markaziy Osiyo iqlim axborot portali tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida iqlimshunos Aleksey Kokorin mazkur tabiiy hodisaning mintaqaga ta’siri minimal darajada ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy o‘zgarish qish mavsumida yog‘ingarchilikning biroz ko‘payishida sezilishi mumkin, xolos.

Mutaxassis Markaziy Osiyoda yozgi yog‘ingarchilikning uzoq yillardan beri kamayib borayotgani va buning ortidan kelib chiqayotgan suv tanqisligi El-Nino bilan emas, balki global iqlim o‘zgarishlari bilan bevosita bog‘liqligini qayd etgan.

Теглар

Мавзуга оид