O‘ta qashshoqlikka chek qo‘yish narxi o‘ylanganidan ancha arzon ekani ma’lum bo‘ldi

Iqtisodchilarning yangi hisob-kitoblariga ko‘ra, bu mablag‘ odamlar har yili kosmetika yoki spirtli ichimliklarga sarflaydigan xarajatlardan ancha kam.

O‘ta qashshoqlikka chek qo‘yish narxi o‘ylanganidan ancha arzon ekani ma’lum bo‘ldi

Dunyo bo‘ylab o‘ta qashshoqlikni tugatish yiliga 318 milliard dollar yoki global yalpi ichki mahsulotning bor-yo‘g‘i 0,3 foizini tashkil etadi. Berklidagi Kaliforniya universiteti Effektiv global harakatlar markazi (CEGA) iqtisodchilari va hammualliflari tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqot shunday xulosaga keldi. Bu haqda Edvard Lempinenning UC Berkeley nashrida e’lon qilingan maqolasida batafsil ma’lumot berilgan.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu mablag‘ insoniyat har yili spirtli ichimliklar (global mahsulotning 2,2 foizi) yoki kosmetika (0,6 foizi) uchun sarflaydigan mablag‘dan ancha kamdir.

Sun’iy intellekt qanday yordam beradi?

Tadqiqot mualliflari Joshua Blumenstok va Pol Nixausning ta’kidlashicha, ilgari yordam pullari barchaga bir xil (universal) berilgani sababli xarajatlar haddan tashqari ko‘p bo‘lgan. Yangi usulda esa mashinaviy o‘qitish (AI) algoritmlari sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, uy qurilishi materiallari va iste’mol darajasi kabi detallarni tahlil qilib, kimga qancha mablag‘ kerakligini metrlik aniqlikda belgilab beradi. Bu 85 ta davlatdagi 533 million kishini qashshoqlikdan olib chiqish imkonini beradi.

Iqtisodchi Joshua Blumenstok va Pol Nixaus boshchiligidagi guruh 23 ta past daromadli mamlakatdagi uy xo‘jaliklari ma’lumotlarini tahlil qilib, sun’iy intellekt yordamida ko‘makka muhtoj oilalarni aniq belgilash modelini ishlab chiqdi. Ushbu model yordamni har bir oilaga individual ehtiyojidan kelib chiqib yo‘naltirish orqali xarajatlarni tejashga asoslanadi.

Maqolada keltirilishicha, agar ushbu tizim AQSHdagi o‘rtacha daromadga ega bo‘lgan fuqaro (yiliga 45 000 dollar topuvchi) misolida ko‘rilsa, uning global qashshoqlikka qarshi hissasi yiliga taxminan 135 dollarga to‘g‘ri keladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu hisob-kitoblar Jahon banki tomonidan o‘rnatilgan kunlik 2,15 dollarlik daromad mezoniga asoslangan. Tadqiqot mualliflari orasida CEGA ma’lumotlar olimi Leo Selker hamda Stenford universiteti vakillari Roshni Saxoo va Stefan Vager ham bor.

Tadqiqot mualliflari qashshoqlikni bartaraf etish yo‘lida siyosiy qiyinchiliklar mavjudligini e’tirof etishgan. Ularning fikricha. ko‘plab kambag‘al davlatlar tashqi yordamsiz qashshoqlikni yo‘q qila olmaydi.

Теглар

Мавзуга оид