Logo

O‘zbekiston banklari foydasi keskin oshib 8,5 trln so‘mga yetdi. Qanday qilib?

Бугун 16:272 дақиқа

Banklar 2026-yilning dastlabki 5 oyida foydasini 66,7 foizga oshirdi. O‘sishning asosiy manbai kreditlardan olingan foizlar emas, balki komissiya va boshqa foizsiz xizmatlardan tushgan daromadlar bo‘lmoqda.

O‘zbekiston banklari foydasi keskin oshib 8,5 trln so‘mga yetdi. Qanday qilib? © Kontent tayyorlash markazi

2026-yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistondagi 34 ta bank birgalikda 8,5 trln so‘m foyda olishga erishdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

Banklarning foyda ko‘rsatkichi 2025-yilning mos davriga nisbatan uchdan ikki qismga yoki 66,7 foizga ko‘paydi. Birgina may oyining o‘zida foyda 1,5 trln so‘mni tashkil qildi.

Shuningdek, soliqdan oldingi foyda 53,9 foizga ko‘payib, 9,6 trln so‘mga yetdi. Foyda solig‘ini to‘lash xarajatlari o‘tgan yilgidan deyarli o‘zgarmadi (15 mlrd so‘mga kamaydi) va 1,2 trln so‘m bo‘ldi.

Banklar qanday qilib foydani keskin oshirdi?

5 oy davomida banklarda foizsiz daromadlar 61,3 foizga oshib, 26,5 trln so‘mdan 42,8 trln so‘mga yetdi. Bu banklarning komissiya daromadlari, to‘lov xizmatlari va boshqa foizsiz xizmatlardan tushumlari ancha tez o‘sayotganini bildiradi.

Foizli daromadlar esa 19,3 foizga ko‘payib, 59,3 trln so‘mni tashkil qildi. Ammo foizli xarajatlar (+23 foiz) foizli daromadlarga nisbatan tezroq o‘smoqda.

Natijada foizli marja 15,1 trln so‘mdan 16,7 trln so‘mga hajman oshgan bo‘lsa-da, uning o‘sish sur’ati atigi 11 foiz bo‘lgan. Bu depozitlar va jalb qilingan resurslar qiymati qimmatlashayotganini anglatadi.

Banklarning foizsiz daromadidan foizsiz xarajatlarini chiqarib tashlanganda hosil bo‘ladigan foizsiz sof daromadi 2,5 baravarga (+152,9 foiz) oshgan. Aynan shu omil foyda o‘sishining asosiy sabablaridan biriga aylangan.

Umuman olganda, banklar kredit va boshqa shu kabi foizli xizmatlardan ko‘ra, komissiya, to‘lov kabi xizmatlardan ko‘proq daromad olmoqda.

Bu tendensiya davom etadigan bo‘lsa, 2027 yilda bank tizimida foizsiz daromadlar ilk marta foizli daromadlardan o‘tib ketishi mumkin.

Tizimning rentabellik ko‘rsatkichlari qanday?

Yil boshidan beri foyda va daromadlar o‘sishi bilan birgalikda bank tizimining rentabellik ko‘rsatkichlari ham yaxshilangan.

Soliq to‘langunga qadar sof foydaning jami aktivlarga nisbati –– ROA 1,9 dan 2,4 ga o‘sdi. Soliq to‘langunga qadar sof foydaning jami kapitalga nisbati — ROE esa 10,3 dan 14,5 ga ko‘paydi.

Shunga qaramay, sof foizli daromadlarning aktivlar, kreditlar va majburiyatlarga nisbatida biroz pasayish qayd etildi.

Теглар

Мавзуга оид