Logo

O‘zbekiston iqtisodiyoti keyingi uch yilda qanday rivojlanadi?

Markaziy bank mamlakat iqtisodiyotini 2027-yilda 7–7,5 foizga, 2028-2029-yillarda esa 6,5–7,5 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda.

O‘zbekiston iqtisodiyoti keyingi uch yilda qanday rivojlanadi? © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 2027-yilda 7−7,5 foiz, 2028-2029-yillarda esa 6,5−7,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, 2027-yil yakuniga qadar inflatsiyani 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichgacha (targetgacha) tushirish va keyingi yillarda shu darajada saqlab qolish rejalashtirilgan. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvining 4-noyabrdagi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yig‘ilishda pul-kredit siyosatining 2027-yil va 2028−2029-yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari konseptual loyihasi tasdiqlangan.

Hujjatga ko‘ra, belgilangan iqtisodiy o‘sish va inflatsiya ko‘rsatkichlariga erishish uchun 2026-2027-yillarda mamlakatda qat’iy pul-kredit sharoitlari saqlab qolinadi.

Asosiy stavka bo‘yicha qarorlar inflatsiya prognozi, ichki talab va taklif nisbati hamda tashqi sharoitlar asosida qabul qilinadi.

Asosiy ssenariy va inflatsiyaning pasayishi

Markaziy bankning asosiy ssenariysi tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning bosqichma-bosqich muvozanatlashuviga tayanadi.

Unda geosiyosiy mojarolarning passiv bosqichga o‘tishi, jahon bozorida neft narxlarining pasayishi va asosiy savdo hamkorlarida iqtisodiy o‘sishning mo‘’tadil davom etishi nazarda tutilgan. Ichki sharoitlarda esa fiskal taqchillikning YAIMga nisbatan 3 foiz atrofida saqlanishi, tartibga solinadigan narxlar islohotlarining yakunlanishi va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi faraz qilingan.

Agar ushbu shartlar amalga oshsa, umumiy inflatsiya 2027-yilning ikkinchi yarmida 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichgacha pasayadi (bazaviy inflatsiya 4−5 foizgacha tushadi). Bunga energiya resurslari tariflari oshishining bevosita ta’siri tugashi va ichki taklif kengayishi yordam beradi.

Qat’iy pul-kredit siyosati doirasida 2027-yilda pul bozoridagi «UZONIA» stavkasining real hisobda 6−7 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Regulyatorga ko‘ra, agar inflyatsion bosim pasayib, maqsadli ko‘rsatkich atrofida barqarorlashsa, siyosatni neytral darajaga yaqinlashtirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi. Aksincha, bosim kuchaysa, qat’iy sharoitlar uzoqroq muddat davom etadi.

Muqobil xatarlar va tizimni takomillashtirish rejalari

Markaziy bank asosiy ssenariydan chetlanishga sabab bo‘luvchi xatarlarni ham e’lon qildi. Savdo hamkorlari valutalarining qadrsizlanishi, neft va oziq-ovqat narxlarining keskin oshishi yoki banklar o‘rtasidagi raqobat ortidan kreditlashning haddan tashqari jadallashuvi inflatsiyaning kutilganidan yuqori bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Bunday vaziyatda pul-kredit siyosati qayta ko‘rib chiqilib, e’tibor yana inflatsiyani 5 foizlik darajaga tushirishga qaratiladi.

2027−2029-yillarda Markaziy bank qator institutsional islohotlarni amalga oshirishni rejalashtirgan:

Uzoq muddatli tamoyillarni belgilovchi Pul-kredit siyosati strategiyasi ishlab chiqiladi;

Islomiy banklar uchun shariat tamoyillariga muvofiq likvidlikni jalb qilish va taqdim etish instrumentlari joriy etiladi;

Makroiqtisodiy tahlil va choraklik prognoz modeli modernizatsiya qilinadi;

Qarorlar va xatarlarni jamoatchilikka tushunarli yetkazish uchun yangi kommunikatsiya strategiyasi tasdiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani haqida ma’lum qilingandi.

Теглар

Мавзуга оид