Logo

O‘zbekistonda 9 ta aeroport akkreditatsiyasidan o‘tdi

Бугун 12:022 дақиқа

Toshkent xalqaro aeroporti Markaziy Osiyoda Level 2 akkreditatsiya darajasiga erishgan birinchi va hozircha yagona aeroport bo‘ldi.

O‘zbekistonda 9 ta aeroport akkreditatsiyasidan o‘tdi © simpleflying.com

«Uzbekistan Airports» AJ aeroportlar tarmog‘i uglerod chiqindilarini boshqarish bo‘yicha dunyoda tan olingan «Airport Carbon Accreditation» dasturiga qo‘shildi.

Akkreditatsiya natijalariga ko‘ra, Samarqand, Urganch, Namangan, Farg‘ona, Nukus, Termiz, Qarshi va Navoiy xalqaro aeroportlari Level 1 darajasini oldi. Bu ularning operatsion faoliyatdagi uglerod emissiyalarini o‘lchagani va ushbu ko‘rsatkichlar mustaqil ravishda tasdiqlanganini anglatadi.

Toshkent xalqaro aeroporti esa Level 2 darajasiga erishdi. Bu aeroport nafaqat uglerod izini hisoblab chiqqan, balki uni kamaytirishga qaratilgan amaliy choralarni ham joriy etgan. Natijada Toshkent aeroporti Markaziy Osiyoda ushbu darajadagi akkreditatsiyani olgan birinchi va hozircha yagona aeroportga aylandi.

«Uzbekistan Airports» boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxodjayevning ta’kidlashicha, ushbu akkreditatsiya kompaniyaning barqaror rivojlanish yo‘lidagi muhim bosqichidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya ekologik ko‘rsatkichlarni xalqaro standartlar asosida yanada yaxshilash va aeroportlar emissiyalarini boshqarish amaliyotini takomillashtirishni davom ettiradi.

«Airport Carbon Accreditation» aeroportlar uchun maxsus ishlab chiqilgan global sertifikatlash dasturi bo‘lib, u aeroportlarga uglerod emissiyalarini bosqichma-bosqich o‘lchash, boshqarish va kamaytirish imkonini beradi. Dastur doirasida aeroportlar akkreditatsiyaning yuqori bosqichlariga izchil o‘tib boradi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil iyun oyi o‘rtalarida Prezidentga «Uzbekistan Airways»ni transformatsiya qilish va IPO'ga tayyorlash jarayoni yuzasidan taqdimot o‘tkazilgandi. Unda aviakompaniyaning xalqaro kapital bozorida 15–20 foiz aksiyalarini 2026 yil oxirigacha joylashtirish rejalashtirilgani, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida kompaniya qiymatini 1,6 mlrd dollardan 2,3 mlrd dollargacha oshirish maqsad qilingani ma’lum qilingan edi.

Yangi rejalarga ko‘ra esa, «Uzbekistan Airways» va «O‘zbektelekom»ning xalqaro IPO'si 2027 yilga qoldirilishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид