Logo

O‘zbekistonda gaz qazib olish 10 yilda 14 foizga kamaydi, iste’mol esa 53 foizga oshdi — «Eni»

08.11.2026 | 21:282 дақиқа

«Eni» hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda gaz iste’moli 10 yilda 53 foizga, neft iste’moli 75 foizga oshdi. Gaz qazib olish esa 14 foizga kamaydi.

O‘zbekistonda gaz qazib olish 10 yilda 14 foizga kamaydi, iste’mol esa 53 foizga oshdi — «Eni» © AP

O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yil ichida tabiiy gaz iste’moli 53 foizga oshdi, qazib olish hajmi esa 14 foizga kamaydi. Natijada mamlakat Markaziy Osiyodagi eng yirik gaz importchisiga aylandi. Bu haqda Italiyaning Eni energetika kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan «World Energy Review 2026» hisobotida ma’lum qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2015 yilda O‘zbekistonda 46,55 milliard kub metr gaz qazib olingan va ichki iste’mol 35,4 milliard kub metrni tashkil etgan. Biroq 2025 yilga kelib vaziyat keskin o‘zgardi: qazib olish hajmi 40,16 milliard kub metrgacha pasaygan, iste’mol esa 54,32 milliard kub metrga yetgan. Oqibatda iste’mol qazib olishdan 14,16 milliard kub metrga oshib ketgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston 19,88 milliard kub metr tabiiy gaz import qilgan va 5,72 milliard kub metr eksport qilgan. Taqqoslash uchun, 2015 yilda eksport hajmi 10,22 milliard kub metrni tashkil qilgan edi. Shu tariqa, O‘zbekiston 2025 yilda Markaziy Osiyo gaz importining taxminan 76 foizini o‘zlashtirib, mintaqadagi eng yirik gaz iste’molchisi va importchisiga aylandi.

Iste’molning o‘sishi faqat aholi sonining ko‘payishi (30,7 milliondan 37,1 milliongacha) bilan emas, balki aholi jon boshiga hisoblangan gaz sarfining yiliga 1151 kub metrdan 1466 kub metrgacha oshishi bilan ham izohlangan.


Neft iste’moli va qayta tiklanuvchi energiyaning o‘sishi

Gaz bilan bir qatorda neft va neft mahsulotlariga bo‘lgan talab ham keskin o‘sgan. 2015 yilda kunlik neft iste’moli 84 ming barrelni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 75 foizga o‘sib, 147 ming barrelga yetdi. Bu davrda neft qazib olish hajmi esa kuniga 66 ming barreldan 81 ming barrelgacha (23 foizga) oshgan. Natijada, 2015 yilda ichki qazib olish iste’molning 79 foizini qoplagan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu nisbat 55 foizgacha pasayib ketdi.

Shu bilan birga, hisobotda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvati ham jadal o‘sayotgani qayd etilgan. Xususan, 2025 yilda quyosh elektr stansiyalarining umumiy o‘rnatilgan quvvati 2024 yilga nisbatan 86 foizga ko‘payib, 5934 MVtga yetgan. Shamol elektr stansiyalarining quvvati esa 501 MVtdan 1652 MVtgacha oshdi. Umumiy hisobda quyosh va shamol stansiyalarining quvvati bir yil ichida ikki baravardan ko‘proqqa o‘sib, 7586 MVtni tashkil qildi.

Теглар

Мавзуга оид