Logo

O‘zbekistonda yangilangan alifboga o‘tish rejasi e’lon qilindi: hujjatlar, darsliklar va biznesda nimalar o‘zgaradi?

Бугун 10:364 дақиқа

Hujjat muhokamasi 6-dekabrga qadar davom etadi.

O‘zbekistonda yangilangan alifboga o‘tish rejasi e’lon qilindi: hujjatlar, darsliklar va biznesda nimalar o‘zgaradi? © Sun'iy intelekt

O‘zbekistonda davlat organlari, ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari, biznes va raqamli xizmatlarning yangilangan lotin alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tishini nazarda tutuvchi dastur ishlab chiqildi. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan 21-noyabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasining «O‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgartirishlarni jamiyat hayotining barcha sohalariga joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasida ma’lum qilindi.

Hujjat muhokamasi 6-dekabrga qadar davom etadi. Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 21-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbek alifbosidagi to‘rtta harfni («O‘ o‘ — Ö ö», «G‘ g‘ — Ğ ğ», «Sh sh — Ş ş», «Ch ch — Ç ç») o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi. 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat yangilangan alifbo to‘g‘risidagi qonun 2027 yil 22-apreldan kuchga kiradi.

Loyihada davlat muassasalari, tashkilotlar va korxonalarga qonun kuchga kirgunga qadar ham ish yuritishda yangi alifbodan foydalanishni boshlash tavsiya etilmoqda.

Pasport va shaxsiy hujjatlar

Loyihaga ko‘ra, qonun kuchga kirganidan so‘ng ID-kartalar, biometrik xorijga chiqish pasportlari, haydovchilik guvohnomalari, avtomobillarning texnik pasportlari va kadastr hujjatlari yangilangan alifboda rasmiylashtiriladi. Shu bilan birga, avval tayyorlangan blankalardan 2028 yil 1-yanvarga qadar foydalanishga ruxsat berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Alifbo o‘zgartirilgunga qadar berilgan barcha hujjatlar, jumladan, shaxsiy va mulkiy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar o‘z yuridik kuchini saqlab qoladi. Milliy valuta va qimmatli qog‘ozlarni ham qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.

Davlat organlariga fuqarolarga xizmat ko‘rsatishni, hujjatlarni qabul qilishni yoki shaxsni tasdiqlashni faqat ism, familiya yoki otasining ismi yozilishidagi farqlar tufayli rad etish taqiqlanishi nazarda tutilmoqda. Xizmat guvohnomalari esa rejali almashtirish jarayonida yangi alifboga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, ICAO xalqaro standartini hisobga olgan holda pasport va ID-kartalarning mashinada o‘qiladigan zonalarida ism va familiyalarni transliteratsiya qilish qoidalari qayta ko‘rib chiqiladi.

Ta’lim tizimi va darsliklar

Dastur loyihasiga ko‘ra, 1–11-sinflar uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualar 2027–2031 yillarda bosqichma-bosqich yangi qoidalarga muvofiqlashtiriladi. Yangilangan harfli darsliklar birinchi navbatda 1-sinf o‘quvchilari uchun 2027/2028 o‘quv yilidan joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Qolgan darsliklar inventarizatsiya qilinib, qayta nashr etish davriyligiga qarab almashtiriladi.

5–11-sinf o‘quvchilari uchun 2028 yil 1-avgustga qadar imlo savodxonligini baholashda, jumladan, yakuniy davlat attestatsiyasi va kirish imtihonlarida vaqtinchalik yengilliklar ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun maxsus alifbelar, o‘rgatuvchi o‘yinlar hamda 2027 yilda to‘rtta yangi harf bosh qahramon bo‘ladigan «Sehrli harflar sarguzashtlari» to‘rt qismli multserialini yaratish taklif etilmoqda.

OAV va nashriyotlar

Loyihada qonun kuchga kirganidan so‘ng o‘zbek tilidagi OAV axborot materiallari va bosma mahsulotlar yangilangan alifboda chop etilishi nazarda tutilgan. Talablar loyihasida xususiy OAV uchun istisnolar mavjud emas. Biroq alifboni o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunda xususiy OAVni yangilangan lotin alifbosiga o‘tishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburlovchi alohida norma yo‘q, qaror loyihasida esa ushbu talabga rioya etmaganlik uchun javobgarlikka aniqlik kiritilmagan.

Avvalroq, 10-sentabr kuni Senat yig‘ilishida senator Husan Ermatov bir vaqtning o‘zida uch xil — kirill, amaldagi va yangilangan lotin alifbolaridan foydalanish xavfi haqida ogohlantirganidan so‘ng, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev hukumat barcha OAVni yagona yangilangan alifboga o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi.

Biznes, qadoqlar va peshlavhalar

Tovar ishlab chiqaruvchilar uchun 2027 yil 22-apreldan 2028 yil 22-aprelgacha qadoqlar va yorliqlarda amaldagi hamda yangi alifbodan parallel foydalanishga ruxsat berilishi taklif etilmoqda. 2028 yil 22-apreldan yangi buyurtmalarda yangi alifbo majburiy bo‘ladi, eski yozuvdagi zaxira qadoqlardan esa 2029 yil 22-aprelgacha foydalanish mumkin. Ushbu davrgacha qonuniy markirovka qilingan tovarlarni yaroqlilik muddati tugaguniga qadar sotishga ruxsat beriladi.

Bank mobil ilovalari, bankomatlar, to‘lov terminallari, soliq va bojxona tizimlari, elektron tijorat platformalari interfeyslari yangi alifboga o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, tovar belgilari, firma nomlari, xorijiy shaxslar va tashkilotlar nomlari asl holida keltirilishi mumkin; domen nomlari, elektron pochta manzillari, loginlar, hisob va shartnoma raqamlarini o‘zgartirish talab etilmaydi.

2027 yildan davlat muassasalari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari peshlavhalari, yo‘l ko‘rsatkichlari, aeroport, vokzal va jamoat transporti yozuvlari bosqichma-bosqich yangilanadi. Shuningdek, 2027 yilda Davlat gerbi va davlat mukofotlaridagi yozuvlarni o‘zgartirish bo‘yicha hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Raqamli tizimlar, sun’iy intellekt va moliyalashtirish

Loyihada Android, iOS, macOS va Windows tizimlari uchun «ö», «ğ», «ş» va «ç» harflarini kiritishga mo‘ljallangan yagona klaviatura standartini ishlab chiqish, OneID va my.gov.uz portallarini moslashtirish hamda sun’iy intellekt yordamida matnlarni tekshiruvchi va yangi alifboga o‘giruvchi bepul dasturlar yaratish ko‘zda tutilgan. 2026–2027 yillarda OpenAI, Google, Anthropic, xAI, DeepSeek va Meta kompaniyalariga ChatGPT, Gemini, Claude, Grok, DeepSeek va Meta AI tizimlarini yangi o‘zbek alifbosiga moslashtirish bo‘yicha rasmiy murojaatlar yuborish rejalashtirilmoqda.

Davlat organlari bir oy muddatda o‘z yo‘l xaritalarini ishlab chiqishlari lozim. Xarajatlar 2027 yilda vazirlik va idoralarga ajratilgan budjet mablag‘lari doirasida, 2028 yildan esa davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

Ma’lumot uchun, o‘zbek tilining lotin yozuviga o‘tishi 1993 yilda boshlangan va 1995 yilda alifbo sezilarli o‘zgartirilgan. Alifboni yangilash to‘g‘risidagi amaldagi qonun 2026 yil 7-iyulda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 10-sentabrda Senat tomonidan ma’qullangan va 21-oktabrda prezident tomonidan imzolangan.

Теглар

Мавзуга оид