O‘zbekistonliklarning bank kartalari soni 70 millionga yaqinlashdi

O‘zbekistonda so‘nggi bir yilda muomaladagi bank kartalari soni 6 milliondan ortiqqa oshgan bo‘lsa-da, eng yirik ulushga ega Xalq bankida kartalar soni 1,5 milliontaga qisqardi.

O‘zbekistonliklarning bank kartalari soni 70 millionga yaqinlashdi

2026 yil 1-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi bank kartalari soni 69 232 341 tani tashkil qilmoqda. O‘tgan yilning shu davriga solishtirganda kartalar soni 6 172 269 taga, ya’ni 9,8 foizga ortgan. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan hisobotda ko‘rish mumkin.

2026 yilda bank kartalari soni bo‘yicha davlat banklari yetakchilikni saqlab qolmoqda. Biroq so‘nggi bir yil ichida xususiy banklar kartalari ham aholi orasida faol ommalashib, umumiy muomaladagi bank kartalari tarkibida sezilarli ulushni egallay boshladi.

Quyida 2026 yil 1-fevral holatiga ko‘ra, muomaladagi kartalar soni bo‘yicha TOP-10 bank:

photo_2026-02-25_12-48-11

Jadvalga qaraydigan bo‘lsak, 2026 yilda kartalar soni bo‘yicha eng katta o‘sish Uzum Bankda qayd etilgan. Bir yil ichida bank kartalari soni 4,6 milliontaga oshib, bozordagi eng yuqori o‘sish sur’ati aynan shu bank hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, bir qator banklarda ham ijobiy dinamika kuzatildi:

Anor bank 2 845 793 → 3 598 665 (+752 872);

Agrobank 5 468 758 → 6 612 898 (+1 144 140);

Hamkorbank 3 045 121 → 3 946 694 (+901 573);

Aloqabank 1 946 697 → 2 780 838 (+834 141);

Ipoteka bank 4 734 335 → 5 391 900 (+657 565);

Ipak Yo‘li banki 3 083 890 → 3 647 603 (+563 713).

Eng yuqori kamayish esa Octobank kartalarida kuzatilgan: 2026 yildan o‘tgan yilga nisbatan qariyb 3 milliontaga kamaygan. Undan so‘ng esa Xalq bankida: 1,5 millionta karta kamaygan.

Shu bilan birga quyidagi banklarda ham sezilarli darajada kamayish qayd etilgan:

TBC bank 5 729 634 → 4 349 167 (–1 380 467);

Turonbank 766 321 → 543 083 (–223 238);

Asaka bank 1 569 680 → 1 332 313 (–237 367);

Madad Invest bank 17 483 → 10 866 (–6 617).

Umumiy o‘sish tendensiyasi

Umumiy hisobda kartalar soni bo‘yicha eng yaxshi o‘sishni APEX bank, Uzum bank va AVO bank ko‘rsatdi. APEX bank yil davomida 600 foizdan ortiqqa o‘sgan. Uzum bank 450 foizlik, AVO bank esa 300 foizlik o‘sish ko‘rsatgan.

APEX bankda 2025 yil boshida 3 939 dona karta bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib 28 038 donaga yetgan. Xuddi shu kabi AVO bankdagi kartalar soni ham 61 851 tadan  249 613 taga ko‘paygan.

Kartalar sonidagi o‘zgarishlar

Yil davomidagi kartalar sonidagi bu o‘zgarishlarga Markaziy bankning 2025 yilda qabul qilingan kartalar soniga vaqtinchalik cheklovi sabab bo‘ldi.

Unga ko‘ra, har bir fuqaro bitta bankda 5 ta, barcha banklarda umumiy (virtual va kobeyjing kartalari bilan birga) 20 tagacha bank kartasi ochishi mumkin. Bu tartib 2025- yil oxiri, 31-dekabrgacha amal qilishi kerak edi. Ammo Markaziy bank kartalar soniga qo‘yilgan cheklovni yana bir yilga uzaytirgan. 

Kartalar sonidagi bu cheklovlar ayrim o‘zbekistonliklar orasida uzoq vaqt foydalanilmagan yoki faol ishlatilmayotgan bank kartalarini yopish zaruratini keltirib chiqardi.

Ma’lumot uchun: 2026 yil fevral holatida ko‘ra, mamlakat bo‘yicha 42 mingtadan ortiq bankomat va infokiosklar mavjud. To‘lov terminallari esa 433 mingtani tashkil qilmoqda. 2025 yilning aynan shu davrida esa 31 mingta bankomat va infokiosk,  426 mingta to‘lov terminallari mavjud bo‘lgan.

O‘zbekiston bo‘ylab eng ko‘p bankomat va infokiosklar soni bo‘yicha to‘lov tashkilotlari ustunlikni saqlamoqda – 24 331 ta, banklar orasida birinchilik, o‘z navbatida, eng ko‘p bank kartalariga ega Xalq bankiga tegishli – 3 132 ta.  To‘lov terminallarining eng yirik ulushi esa Hamkorbanda –  58,5 mingta.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq my.gov.uz'da bank kartalari va mobil raqamlarni nazorat qilish imkoniyati joriy etilishi haqida xabar bergan edik. Bu imkoniyat joriy etilganidan so‘ng, fuqarolar platformada o‘z nomiga nechta bank kartasi va nechta sim-karta borligini ko‘rishi, zarur hollarda ushbu kartalar yoki raqamlarni portal orqali yopish uchun ariza yuborishi mumkin bo‘ladi.:

Теглар

Рухсора Жовлиева

Рухсора ЖовлиеваМақолалар сони: 829

Барчаси

Мавзуга оид