O‘zbekiston ilk sun’iy yo‘ldoshini 2028 yilda uchiradi
O‘zbekiston 2028 yilgacha ilk ilmiy-texnik sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarishni
rejalashtirmoqda. Bu borada «O‘zkosmos» agentligi SpaceX kompaniyasi bilan muzokaralar olib bormoqda.
Loyiha Yaponiyaning Kyushyu texnologiya instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Joriy yilda 7 nafar o‘zbekistonlik talabalar mazkur oliygohda magistraturada ta’lim olmoqda. Ular o‘quv dasturi doirasida yo‘ldoshni loyihalash va tayyorlash ishlarida qatnashadi. Ta’lim 2027 yilda yakunlanadi, yo‘ldosh esa 2028 yilda uchirilishi kutilmoqda.
SpaceX bilan muzokaralar jadal kechayotgani qayd etildi. bugungi kunda ko‘plab mamlakatlar yuqori talab va chegaralangan parvozlar tufayli bir necha yil oldindan navbatga turishga majbur. Shu sababli, O‘zbekiston ham ushbu jarayonni o‘z vaqtida boshladi.
Avvalroq, O‘zbekiston va SpaceX o‘rtasida milliy kosmik dastur doirasida ham hamkorlik masalalari muhokama qilingan edi. Ushbu tashabbus mamlakatda fan va texnologiya sohasida yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda.
Xitoy sementi mahalliy bozorni egallayapti
O‘zbekistonda xitoy sementi ustunligi ortib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qattiq sinovga solmoqda. Narxlar arzonlashgan bo‘lsa-da, bu kichik va o‘rta korxonalarni tanazzulga
olib kelmoqda.
2017 yilda imzolangan kelishuv asosida 2023 yilda Toshkentdagi Conch Cement zavodi ishga tushdi. U mamlakat ishlab chiqarish hajmining yarmini ta’minlayotgan 9ta yirik xitoy zavodidan biridir. Natijada, sement narxi $70 dan $40 ga tushdi. Biroq, bu raqobat mahalliy korxonalar uchun katta xatar yaratmoqda.
2024 yil boshida 20 ga yaqin zavod to‘xtadi, «DAL Teknik Zomin Sement» yopildi, «Quvasoysement» esa 14 mlrd so‘m zarar ko‘rdi. Davlat tomonidan demping siyosatiga qarshi tekshiruvlar boshlandi, «Shangfeng — Do‘stlik ko‘prigi» 4,9 mlrd so‘m jarimaga tortildi.
Xitoy kompaniyalari tezkor va arzon qurilish modeli orqali xarajatni kamaytirmoqda. Mahalliy zavodlar energiya tejash va arzon xomashyoga o‘tish orqali raqobatga moslashmoqda. Hukumat narxni barqarorlashtirish maqsadida soliq imtiyozlari joriy qildi.
Shu bilan birga, bozor hajmi ehtiyojdan ikki barobar katta ekani, xitoy ekspansiyasi esa to‘xtayotgani yo‘q. Demping xavfi hozircha saqlanib qolmoqda.
Kredit olishni taqiqlash imkoni yaratildi
O‘zbekiston fuqarolari 2025 yil 6 iyundan o‘z nomlariga kredit rasmiylashtirilishini ixtiyoriy ravishda taqiqlash huquqiga ega bo‘lishdi. Bu yangi mexanizm «Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida»gi qonunga asosan
joriy etildi.
Endi jismoniy shaxslar maxsus reyestrga o‘z arizalari bilan kirib, nomlariga kredit rasmiylashtirilishini taqiqlashlari mumkin. Shuningdek, istalgan vaqtda reyestrdan chiqish ham mumkin. Bu tashabbus moliyaviy xavflarni kamaytirish va aldamchilik holatlarining oldini olishga qaratilgan.
Arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali elektron va yozma shaklda topshirilishi mumkin. Ushbu tartib fuqarolarga o‘z moliyaviy xavfsizligini mustaqil nazorat qilish imkonini beradi.
Mexanizm orqali nomiga ruxsatsiz kredit rasmiylashtirish holatlari oldini olinadi, bu esa nafaqat shaxsiy xavfsizlik, balki kredit tashkilotlari faoliyatining ham shaffofligini ta’minlaydi.
O‘zbekistonliklar qaysi davlatlarga ko‘proq sayohat qilmoqda?
2025 yilning dastlabki to‘rt oyida xorijga chiqqan o‘zbekistonliklar soni 23,6 foizga ko‘paydi. Eng ko‘p sayohat Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istonga
uyushtirilgan.
Milliy statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yanvar–aprel oylarida 2 mln 116,9 ming nafar fuqaro chet elga chiqqan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 404,5 ming nafarga ko‘p. Qirg‘izistonga 899 ming, Tojikistonga 388,4 ming, Qozog‘istonga 354,9 ming sayohat amalga oshirildi.
Shuningdek, Saudiya Arabistoniga 133,6 ming, Rossiyaga 93,9 ming, Turkiyaga 64,2 ming, BAAga 58,8 ming va Misrga 22,4 ming sayohat qayd etilgan. Tailand, Viyetnam va boshqa mamlakatlarga ham sayohatlar kuzatilmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, qo‘shni davlatlarga sayohat hali ham asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Biroq Saudiya Arabistoni, Turkiya va Osiyo mamlakatlariga qiziqish ham ortayotgani qayd etilmoqda.
O‘zbekiston Afg‘onistonda loyihalarni faol davom ettirmoqda
G‘arb va Rossiya chekingan paytda, O‘zbekiston Afg‘onistonda strategik qurilish loyihalarini amalga oshirmoqda. Bu haqda xalqaro ekspert Jeyms Dyurson
fikr bildirdi.
Ayni paytda Transafg‘oniston temir yo‘li, Surxon — Puli-Xumri elektr tarmog‘i va Termiz erkin iqtisodiy zonasi kabi yirik infratuzilma loyihalari olib borilmoqda. Ularning maqsadi — Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash.
Termizdagi erkin iqtisodiy zona afg‘on tadbirkorlariga maxsus viza, ombor va 900 ming tonnagacha tovar qabul qilish imkonini beradi. Bu mintaqa uchun yangi savdo markaziga aylanmoqda.
Temir yo‘l loyihasi orqali Pokiston portlariga chiqish arzonlashishi, yuk tashish xarajatlari esa 40 foizgacha kamayishi mumkin. Elektr liniyasi esa CASA-1000 loyihasi bilan bog‘lanib, Afg‘oniston infratuzilmasini elektrlashtirishga yordam beradi.
O‘zbekiston hozirda Afg‘onistonning elektr ehtiyojining 60 foizini ta’minlamoqda. Ekspertlar bu siyosatni Toshkentning yangi bozorlarga chiqish va mintaqaviy barqarorlikka hissa qo‘shishdagi muvaffaqiyatli qadami, deb baholamoqda.