«O‘zbektelekom»ning sof foydasi 16 baravarga oshdi

Бугун 18:312 дақиқа

Kompaniya 2026 yil I choragida 412 mlrd so‘mdan ortiq sof foyda ko‘rgan.

«O‘zbektelekom»ning sof foydasi 16 baravarga oshdi

«O‘zbektelekom» AK 2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra 412,25 mlrd so‘m sof foyda qayd etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 16 baravarga oshgan. 2025 yil I choragida kompaniya sof foydasi 25,73 mlrd so‘mni tashkil etgan edi.

Kompaniya hisobotiga ko‘ra, xizmat va mahsulotlar realizatsiyasidan tushgan sof tushum 2,84 trln so‘mga yetgan. Bu o‘tgan yilgi 2,52 trln so‘mlik ko‘rsatkichdan 12,5 foizga yuqori. Ya’ni daromad hajmi bir yilda 315,65 mlrd so‘mga oshgan.

Shu bilan birga, sotilgan mahsulot va xizmatlar tannarxi deyarli o‘zgarmagan holda 1,68 trln so‘m atrofida saqlanib qolgan. Bu esa yalpi foydaning 852,64 mlrd so‘mdan 1,16 trln so‘mgacha o‘sishiga xizmat qilgan. Ushbu ko‘rsatkich 36 foizlik o‘sishni anglatadi.

Asosiy faoliyatdan olingan foyda ham sezilarli darajada oshgan. 2025 yil I chorakda 402,96 mlrd so‘m bo‘lgan ushbu ko‘rsatkich 2026 yilda 631,93 mlrd so‘mga yetgan. Bu 56,8 foizlik o‘sish demakdir.

Moliyaviy omillar ta’siri

Sof foydaning keskin o‘sishida moliyaviy faoliyatdan olingan daromadlar ham muhim rol o‘ynagan. Jumladan, moliyaviy daromadlar 261,01 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilgi 34,8 mlrd so‘mga nisbatan bir necha baravar ko‘pdir.

Bu o‘sishda valuta kurslari farqidan olingan 244,23 mlrd so‘m daromad asosiy omil bo‘lgan. Biroq moliyaviy xarajatlar ham yuqori darajada saqlanib, 422,94 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Hisobot davrida kompaniyaning soliqqacha foydasi 470 mlrd so‘mga yetgan. 57,75 mlrd so‘m daromad solig‘i to‘langanidan so‘ng, yakuniy sof foyda 412,25 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, «O‘zbektelekom» AK xizmat ko‘rsatish korxonalari ichida eng ko‘p soliq to‘lagan kompaniya bo‘lib, 2026 yilning yanvar-mart oylarida jami 353,4 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

Теглар