«O‘ztransgaz» sobiq rahbari Prezident Administratsiyasida ish boshladi
Saida Mirziyoyeva 2023 yil boshidagi energetik inqirozdan so‘ng lavozimidan ozod etilgan «O‘ztransgaz» sobiq rahbari Behzod Normatovni yangi lavozimga tayinladi.
© Фото: Kun.uzO‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining farmoyishi bilan Behzot Raxmatullayevich Normatov Administratsiyaning Neft-gaz sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha loyiha ofisi sho‘ba mudiri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Behzod Normatov ilgari Energetika vazirligining Geologiya, neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshlig‘i hamda «Andijonneft» AJ boshqaruvi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Uning oxirgi ish joyi «O‘ztransgaz» AJ bo‘lib, u yerda 2021 yil avgustidan boshlab qariyb 1,5 yil davomida rahbarlik qilgan. Normatov 2023 yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan boshqa energiya korxonalari rahbarlari qatorida lavozimidan ozod etilgan edi. O‘shanda Prezident «O‘ztransgaz»ning 27 ta yirik kompressor gaz stansiyasidan 8 tasi ishlamayotganini tanqid qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi paytlarda energetika sohasida bir qator kadrlar o‘zgarishi kuzatildi. Xususan, 2025 yil 17-dekabrda Bahodirjon Sidikov «O‘zbekneftgaz» rahbarligidan ozod etilgan, undan bir kun avval esa Alisher Sultanov Prezidentning energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha vakili lavozimini tark etgan edi. Shuningdek, 18-dekabrdan Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshid Mustafoyev neft-gaz sohasiga mas’ul etib belgilangan.





