Logo

Pasport va ID-kartalarda «Ö», «Ğ», «Ş» va «Ç» harflari qanday yoziladi? Yagona qoidalar ishlab chiqiladi

Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, biometrik pasport va ID-kartalarda takomillashtirilgan alifbodagi harflarni xalqaro lotin yozuviga o‘tkazish — transliteratsiya qilish qoidalari qayta ko‘rib chiqilishi rejalashtirilmoqda.

Pasport va ID-kartalarda «Ö», «Ğ», «Ş» va «Ç» harflari qanday yoziladi? Yagona qoidalar ishlab chiqiladi © Sun'iy intelekt

O‘zbekistonda biometrik pasportlar va identifikatsiya ID-kartalarida takomillashtirilgan o‘zbek alifbosidagi yangi harflarni aks ettirish hamda xalqaro lotin yozuviga transliteratsiya qilish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan Vazirlar Mahkamasining «O‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgarishlarni jamiyatning barcha sohalarida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasida ma’lum qilindi.

Hujjat loyihasi 2026 yil 21-oktabrdagi O‘RQ–1184-son Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Ushbu qonun bilan alifbodagi 4 ta harf «O‘ o‘ – Ö ö», «G‘ g‘ – Ğ ğ», «Sh sh – Ş ş», «Ch ch – Ç ç» tarzida o‘zgartirilgan.

Chora-tadbirlar dasturi loyihasiga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan biometrik hujjatlar va ID-kartalarning mashina o‘qiydigan zonasiga (MRZ) ism, familiya va boshqa ma’lumotlarni transliteratsiya qilish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Jarayonni quyidagi bosqichlarda amalga oshirish taklif etilgan:

— 2027 yil yanvar oyida malakali mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzish;

— 2027 yil fevralda amaldagi transliteratsiya qoidalari va dasturiy algoritmlarni xatlovdan o‘tkazib, ICAO Doc 9303 xalqaro standarti talablariga muvofiq yagona qoidalarni ishlab chiqish, zaruratga ko‘ra ICAO tashkiloti bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish;

— 2027 yil martda MRZ zonasida ma’lumotlarni xalqaro lotin harflarida ifodalashning yagona transliteratsiya qoidalarini tayyorlash;

— 2027 yil aprelda yangi qoidalarni MRZ zonasini shakllantirish va personallashtirish tizimlarida sinovdan o‘tkazish;

— 2027 yil mayda sinov natijalari asosida normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

Shuningdek, 2027 yil yanvar–aprel oylarida biometrik hujjatlar va ID-kartalarning vizual ma’lumotlar zonasida (VIZ) takomillashtirilgan o‘zbek alifbosi harflarini aks ettirishning texnik imkoniyatlarini o‘rganish va personallashtirish tizimlariga moslashtirish bo‘yicha texnik talablarni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Eski pasport va shaxsiy hujjatlar kuchini yo‘qotmasligi ko‘zda tutilmoqda

Qaror loyihasida qonun kuchga kirgandan boshlab beriladigan O‘zbekiston fuqarosi, chet davlat fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasi, xorijga chiqish biometrik pasporti, haydovchilik guvohnomalari, avtomobil texnik pasporti va kadastr hujjatlarini takomillashtirilgan alifboda rasmiylashtirish taklif etilmoqda. Shu bilan birga, ularning amaldagi alifboda tayyorlangan blankalaridan 2028 yil 1-yanvarga qadar foydalanishga ruxsat berilishi mumkin.

Davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari xodimlarining xizmat guvohnomalarini normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatlarda almashtirilayotganda yangi alifboda rasmiylashtirish belgilanmoqda.

Loyihaga muvofiq, amaldagi qonunchilik asosida rasmiylashtirilgan barcha hujjatlar, shu jumladan, shaxsiy va mulkiy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar ularda harflarning avvalgi shakli mavjudligidan qat’i nazar, o‘z yuridik kuchini saqlab qoladi. Fuqarolarning familiyasi, ismi va otasining ismi avvalgi yoki takomillashtirilgan harf shaklida yozilgani sababli shaxsni aniqlash, huquq va majburiyatlarni belgilash, davlat xizmatlaridan foydalanish yoki hujjatlarni qabul qilish rad etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi taklif etilmoqda.

Ma’lumot uchun, o‘zbek tilining lotin yozuviga o‘tishi 1993 yilda boshlangan va 1995 yilda alifbo sezilarli o‘zgartirilgan. Alifboni yangilash to‘g‘risidagi amaldagi qonun 2026 yil 7-iyulda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 10-sentabrda Senat tomonidan ma’qullangan va 21-oktabrda prezident tomonidan imzolangan.

Теглар

Мавзуга оид