Logo

Pokiston hukumati mamlakatdagi vizasiz afg‘onlarni hibsga olishni buyurdi

Hibsga olish tadbirlarini 10-iyuldan boshlanadi. Mahalliy hokimiyat organlari har kuni Ichki ishlar vazirligiga amaldagi vizasiz afg‘on fuqarolari soni, ularning hibsga olinishi va deportatsiya qilinishi bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida hisobot taqdim etishi kerak. Pokiston 2023 yil oxirida noqonuniy yashayotgan xorijliklarni deportatsiya qilish dasturini boshlagan edi.

Pokiston hukumati mamlakatdagi vizasiz afg‘onlarni hibsga olishni buyurdi © IOM

Pokiston Ichki ishlar vazirligi mamlakat bo‘ylab amaldagi vizaga ega bo‘lmagan barcha Afg‘oniston fuqarolarini zudlik bilan hibsga olish va ularni deportatsiya qilish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Mazkur topshiriq viloyat hukumatlari, mahalliy ma’muriyatlar hamda Islomobod poytaxti ma’muriyatiga yuborilgan. Hujjatda ushbu siyosatni butun mamlakat bo‘ylab bir xil tartibda amalga oshirish talab etilgan.

Ko‘rsatmaga muvofiq, mahalliy hokimiyat organlari har kuni Ichki ishlar vazirligiga amaldagi vizasiz afg‘on fuqarolari soni, ularning hibsga olinishi va deportatsiya qilinishi bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida hisobot taqdim etishi kerak.

Tegishli organlarga hibsga olish tadbirlarini 10-iyuldan boshlash topshirilgan. Mazkur qaror Pokistonning hujjatsiz afg‘on migrantlarini mamlakatdan chiqarish bo‘yicha davom etayotgan kampaniyasining navbatdagi bosqichi hisoblanadi. Ushbu siyosat gumanitar oqibatlari sababli BMT va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan bir necha bor tanqid qilingan.

AQSHda joylashgan afg‘onlar manfaatlarini himoya qiluvchi AfghanEvac tashkiloti prezidenti Shon VanDiver bu qarorni «yurakni ezuvchi» deb atadi. U BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarni vaziyatga aralashishga chaqirdi. «Bu juda achinarli holat. Afg‘on xalqi bundan yaxshiroq munosabatga loyiq», — dedi u videomurojaatida.

Pokiston 2023 yil oxirida noqonuniy yashayotgan xorijliklarni deportatsiya qilish dasturini boshlagan edi. Rasmiylar bu choralar mamlakatda hujjatsiz yashayotgan barcha chet el fuqarolariga nisbatan qo‘llanayotganini ta’kidlamoqda.

Pokiston Ichki ishlar vazirligi va BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi ma’lumotlariga ko‘ra, faqat 2025 yilning o‘zida 1,1 milliondan ortiq afg‘on fuqarosi Pokistondan Afg‘onistonga qaytgan.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yil sentabridan 2026 yil mayigacha bo‘lgan davrda Pokistondan qariyb 2,4 million afg‘on qochqini va migranti Afg‘onistonga qaytgan. Ularning aksariyati mamlakatdagi gumanitar va iqtisodiy inqiroz davom etayotgan bir paytda vatanga qaytishga majbur bo‘lgan.

Avvalroq, Pokiston Afg‘onistonning sharqiy qismidagi hududlarga bir nechta hujumlar uyushtirgan edi. Pokiston rasmiylariga ko‘ra, ushbu amaliyot yaqinda Karachi shahridagi Paramilitar Reynjerlar mintaqaviy qo‘mondonligiga uyushtirilgan qonli hujumga javoban o‘tkazilgan.

Теглар

Мавзуга оид