Poyezd kechiksa, pulingiz qaytariladi: Yangi kompensatsiya tartibi tafsilotlari

Бугун 10:502 дақиқа

Raqobat qo‘mitasi talabi bilan O‘zbekistonda poyezdlar kechikkani uchun pullik kompensatsiya to‘lash tartibi joriy etilmoqda. 121 daqiqadan ortiq kechikish uchun chipta puli 100 foiz qaytariladi.

Poyezd kechiksa, pulingiz qaytariladi: Yangi kompensatsiya tartibi tafsilotlari

Raqobat qo‘mitasiga so‘nggi vaqtlarda temir yo‘l transporti xizmatlari, xususan, poyezdlarning belgilangan jadvaldan kechikishi yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Birgina 2025 yil davomida ushbu masala bo‘yicha 51 ta shikoyat qayd etilgan. Masalan, Toshkent–Buxoro–Toshkent yo‘nalishidagi «Sharq» poyezdlari doimiy ravishda 40 daqiqadan 1 soatgacha kechikayotgani yo‘lovchilarning shaxsiy rejalariga jiddiy zarar yetkazmoqda.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda tashuvchining aybi bilan poyezd kechikkan hollarda («Afrosiyob»dan tashqari) yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lash tartibi mavjud bo‘lmagan. «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunga asosan, xizmat ko‘rsatuvchi yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to‘liq qoplashi shart. Shu sababli Raqobat qo‘mitasi Transport vazirligiga tegishli so‘rov yubordi.

Yangi tartib va kompensatsiya

Transport vazirligining ma’lum qilishicha, ayni paytda temir yo‘llarda yo‘lovchi tashish qoidalarining yangi tahriri ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, poyezd tashuvchining aybi bilan kechikkanda yo‘lkira (chipta va platskart) qiymatining quyidagi miqdorlarida kompensatsiya to‘lanishi belgilanmoqda:

15 – 30 daqiqa kechiksa — chipta narxining 15 foizi;

31 – 60 daqiqa kechiksa — chipta narxining 25 foizi;

61 – 120 daqiqa kechiksa — chipta narxining 50 foizi;

121 daqiqadan ortiq kechiksa — chipta narxining 100 foizi qaytariladi.

Ilgari bunday tartib faqat yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» poyezdlari uchun amal qilar edi. Endilikda Raqobat qo‘mitasining aralashuvi bilan ushbu imtiyoz barcha mahalliy (oddiy va tezyurar) yo‘nalishdagi poyezdlarga ham tatbiq etiladi.

Теглар

Мавзуга оид