Qirg‘iziston 2025-yilda YOIIda valuta bozori eng tez o‘sgan mamlakat bo‘ldi
Biroq mamlakatning fond bozorida vaziyat boshqacha bo‘lgan. 2024-yildagi rekord ko‘rsatkichdan so‘ng, 2025-yilda qimmatli qog‘ozlar savdosi hajmi 18,2 foizga qisqarib, 1,4 milliard dollardan 1,2 milliard dollarga tushgan.
© sputnikYevroosiyo iqtisodiy komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Qirg‘izistonning tashkil etilgan valuta bozoridagi savdo hajmi 84 foizga oshib, 2,5 milliard dollardan 4,5 milliard dollarga yetgan. Bu Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari orasidagi eng yuqori o‘sish sur’ati hisoblanadi.
Ittifoqning boshqa davlatlarida esa quyidagi natijalar qayd etilgan:
Qozog‘iston — 21,3 foiz o‘sish;
Belarus — 9,7 foiz o‘sish;
Rossiya — savdo hajmi 28,5 foizga kamaygan.
Biroq Qirg‘izistonning fond bozorida vaziyat boshqacha bo‘lgan. 2024-yildagi rekord ko‘rsatkichdan so‘ng, 2025-yilda qimmatli qog‘ozlar savdosi hajmi 18,2 foizga qisqarib, 1,4 milliard dollardan 1,2 milliard dollarga tushgan. Shunga qaramay, bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan ancha yuqori. O‘shanda fond bozoridagi savdo aylanmasi atigi 115 million dollarni tashkil etgan.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo boshqa mamlakatlarning fond bozorlarida esa ijobiy o‘sish saqlanib qolgan:
AIX (Qozog‘iston) — 59,2 foiz o‘sish;
Armaniston fond birjasi — 48,3 foiz o‘sish;
Belarus valuta-fond birjasi — 26,2 foiz o‘sish;
Moskva birjasi — 25 foiz o‘sish.
Fond bozori umumiy savdo hajmi bo‘yicha Qirg‘iziston hali ham Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi eng yirik birjalardan ancha ortda qolmoqda. Biroq Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi statistikasi mamlakatning aynan tashkil etilgan valuta bozori YOII davlatlari orasida eng yuqori o‘sish sur’atini qayd etganini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlakat prezidenti Sadir Japarov davlat qarzi YIMning 50 foizidan oshishiga yo‘l qo‘ymaslikni buyurgandi. Uning aytishicha, dunyoda davlat qarzi YIMning 100 foizidan oshib ketgan ko‘plab mamlakatlar bor, biroq bunday model Qirg‘iziston uchun mos emas.





