Logo

Saida Mirziyoyevaga diplomatik vakolatxonalarning ishini tahlil qilish topshirildi

Бугун 17:502 дақиқа

Prezident Administratsiyasi rahbari iqtisodiy diplomatiya, investitsiya va eksport bo‘yicha diplomatik vakolatxonalarning ishini tahlil qilib, o‘z vazifasini bajara olmayotganlarni yosh, zamonaviy fikrlaydigan kadrlar bilan almashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi.

Saida Mirziyoyevaga diplomatik vakolatxonalarning ishini tahlil qilish topshirildi © Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xorijdagi investitsiya loyihalari ijrosi hamda diplomatik vakolatxonalar faoliyati tanqidiy muhokama qilindi. Yig‘ilishda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar natijasida erishilgan kelishuvlar ijrosida sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, 52 ta oliy darajadagi tashrif doirasida umumiy qiymati 213 milliard dollar bo‘lgan 1 617 ta investitsiya loyihasi yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Biroq ushbu loyihalarning amalga oshirilishini tizimli nazorat qilishda muammolar saqlanib qolmoqda.

Shu munosabat bilan investitsiya loyihalari bo‘yicha ishlab chiqilgan "yo‘l xaritalari"ni endi Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi yuritishi belgilandi.

Nazorat kuchaytiriladi

Yig‘ilishda Bosh vazirga har hafta tarmoq rahbarlari, hokimlar va elchilar ishtirokida davlatlar kesimida har bir investitsiya loyihasini alohida muhokama qilib borish topshirildi. Bu orqali har bir kelishuv ijrosi muntazam nazorat qilinishi ko‘zda tutilgan.

Prezident xorijdagi ayrim diplomatik vakolatxonalar faoliyati ham kutilgan natijani bermayotganini ta’kidladi. Xususan, Belarusdagi elchi investitsiya va tashqi savdo yo‘nalishidagi ishlarga befarqligi sabab lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, Fransiya, Avstriya, Ispaniya, Italiya, Ummon, Indoneziya, Malayziya va Singapurdagi O‘zbekiston elchilarining faoliyati ham yetarli darajada samarali emasligi qayd etildi.

Diplomatik vakolatxonalar tahlil qilinadi

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga maxsus komissiya tuzish vazifasi yuklatildi. Komissiya iqtisodiy diplomatiya, investitsiya va eksport yo‘nalishida diplomatik vakolatxonalar faoliyatini kompleks tahlil qiladi.

Tahlil yakunlari bo‘yicha o‘z vazifasini samarali bajara olmayotgan diplomatlarni yosh va zamonaviy fikrlaydigan kadrlar bilan almashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.

Теглар

Мавзуга оид