Sakkiz yil bosim ostida: Jerom Pouellning Federal zaxira tizimidagi sinovlari
AQSH Senati Kevin Uorshni Federal zaxira tizimi raisi etib tasdiqladi. U mazkur lavozimni Jerom Pauellning pandemiya, inflatsiya va bank inqirozlari bilan to‘la davri ortidan qabul qilmoqda.
© Foto: forbes.comBugun, 13-may kuni AQSH Senati Kevin Uorshni Federal zaxira tizimi (FZT) raisi lavozimiga tasdiqladi. Uning o‘tmishdoshi Jerom Pouell 2018-yilda «S&P 500» indeksi 2650 punkt darajasida va bazaviy foiz stavkasi 1,25–1,5 foiz bo‘lgan paytda FZTga rahbarlik qilishni boshlagan edi.
2026-yil mayiga kelib esa indeks 7400 punktdan oshib ketdi, FZTning asosiy stavkasi esa 3,5–3,75 foiz oralig‘ida turibdi.
Bu sakkiz yil davomida FZT rahbari pandemiya, AQSHda so‘nggi qirq yildagi eng kuchli inflatsiya to‘lqini, bank inqirozi va uni bu lavozimga tavsiya qilgan shaxs tomonidan bo‘lgan mislsiz siyosiy bosim sharoitida qarorlar qabul qilishga majbur bo‘ldi. «Oninvest» Jerom Pouelning uchta asosiy sinovi haqida yozdi.
«Volmageddon»
2018-yil 5-fevral kuni qo‘rquv indeksi – «Cboe Volatility Index» (VIX) bir kun ichida 100 foizdan ortiqka o‘sdi. «Dow Jones Industrial Average» indeksi 4,6 foizga quladi va o‘sha vaqt uchun o‘z tarixidagi eng yirik punktli pasayishni qayd etdi. Investorlar katta mablag‘ yo‘qotdi – keyingi hisob-kitoblarga ko‘ra, bir kunlik zarar qariyb 2 milliard dollarni tashkil etgan.
Keyinchalik moliyaviy ekspertlar va brokerlar «Volmageddon» deb atagan bu kun Jerom Pouellning Federal zaxira tizimi Boshqaruv kengashi raisi sifatidagi birinchi ish kuni edi.
«Volmageddon» iqtisodiyot uchun jiddiy oqibatlarsiz o‘tdi, ammo u Janet Yellenning vorisi uchun ramziy jihatdan og‘ir start bo‘lib qoldi.
Asosiy xato: COVID-19 va uning oqibatlari
Jerom Pouell uchun haqiqiy sinovlar pandemiya davrida boshlandi. COVID-19 Federal zaxira tizimi pul-kredit siyosati trayektoriyasini to‘liq o‘zgartirib, Amerika Markaziy bankini keskin choralar ko‘rishga majbur qildi.
O‘sha davrdagi eng muhim qarorlardan biri bazaviy stavkani deyarli nol darajasiga tushirish bo‘ldi. FZT, shuningdek, miqdoriy yumshatish (QE) dasturini qayta ishga tushirdi va har oy taxminan 80 milliard dollarlik davlat obligatsiyalari hamda 40 milliard dollarlik ipoteka qog‘ozlarini sotib oldi.
«Biz juda ko‘p «qizil chiziqlar»dan o‘tdik. Bu aynan avval harakat qilib, keyin oqibatlarini tahlil qiladigan vaziyat edi», – degan edi Jerom Pouell.
Bu choralar AQSHga ikkinchi Buyuk depressiyadan qochish imkonini berdi: pandemiya sababli iqtisodiy pasayish mamlakat tarixidagi eng qisqa retsessiya bo‘lib, atigi ikki oy davom etdi. AQSH iqtisodiyoti G10 davlatlari orasida eng tez tiklangan iqtisodiyotlardan biriga aylandi.
Biroq COVID-19 FZT uchun oqibatsiz o‘tmadi. 2020-yilgacha regulyatorning asosiy muammosi inflatsiyaning haddan tashqari pastligi edi – uni yillik 2foizlik maqsadga yetkazishga urinishlar samara bermayotgandi.
Ammo trillionlab dollarlik fiskal rag‘batlantirish choralari 2020–2021 yillarda narxlar o‘sishini xavfli darajagacha tezlashtirdi. Shu yerda FZTning asosiy xatosi yuz berdi: inflatsiya vaqtinchalik hodisa sifatida qabul qilindi va unga o‘z vaqtida javob berilmadi.
Natijada 2022-yil iyuniga kelib inflatsiya 9,1 foizga yetdi – bu AQSH aholisi 1981-yildan beri ko‘rmagan ko‘rsatkich edi.
Xalqaro valuta jamg‘armasi rahbarining sobiq o‘rinbosari, hozirda Atlantika kengashi qoshidagi geoiqtisodiyot markazi tahlilchisi Hung Tranning fikricha, muammo faqat yuqori inflatsiyani «o‘tkazib yuborish»da emas edi.
Uning aytishicha, xato 2020-yil bahorida qabul qilingan yangi strategiya — inflatsiyaning o‘rtacha darajasini moslashuvchan targetlash (FAIT) siyosatida bo‘lgan. Bu yondashuvga ko‘ra, agar inflatsiya uzoq vaqt past bo‘lib kelgan bo‘lsa, FZT uning 2 foizlik maqsaddan yuqori chiqishiga vaqtincha yo‘l qo‘yishi mumkin edi.
Ekspertlar fikricha, strategiyaning o‘zi yomon emasdi, ammo pandemiya kabi favqulodda vaziyat uchun mos kelmagan. Amerika Markaziy banki buni juda kech angladi.
«Oqibatda FZT FAIT siyosatidan voz kechib, an’anaviy inflatsiya targetlash siyosatiga qaytishga majbur bo‘ldi. Bu ot qochib ketgach, otxona eshigini yopishga o‘xshaydi», – degan Hung Tran.
«Bankrate» tahlilchisi Stefan Keyts esa shunday deydi:
«Orqaga nazar tashlasak, FZT inflatsiyaga dastlabki bosqichda sekin javob berganini tan olish mumkin. Lekin qattiqlashtirish sikli boshlangach, u tarixdagi eng tez stavka oshirish sur’atlaridan biriga o‘tganini ham inkor qilib bo‘lmaydi».
Haqiqatdan ham sur’at juda yuqori bo‘ldi: 2022-yil martdan dekabrgacha asosiy stavka 0,25 foizdan 4,5 foizgacha ko‘tarildi. Biroq bu jarayon ham salbiy oqibatlarsiz kechmadi.
2023-yilgi bank inqirozi
FZT harakatlari bank sohasida kuchli inqirozni keltirib chiqardi. U 2023-yil mart oyida Sillikon vodiysi banki (SVB) qulashidan boshlandi – bu bank AQSHdagi texnologik va biotexnologik kompaniyalarning taxminan yarmiga xizmat ko‘rsatgan.
Aktivlari hajmi bo‘yicha (209 mlrd dollar) u mamlakatda 16-o‘rinda edi. 2022-yilga kelib depozitlarning 94,4 foizi uzoq muddatli HTM-qimmatli qog‘ozlariga, xususan davlat obligatsiyalari va ipoteka qog‘ozlariga joylashtirilgan edi.
Foiz stavkasining keskin oshishi bir vaqtning o‘zida ikki holatga olib keldi: bu qimmatli qog‘ozlar qiymati tushib ketdi va bank katta miqdordagi amalga oshirilmagan zararlarga duch keldi. Shu bilan birga, FZT harakatlaridan xavotirga tushgan mijozlar omonatlarini ommaviy ravishda yechib ola boshladi.
Natijada mablag‘lar oqimi tezlashib, SVB likvidlik tanqisligiga uchradi va regulyatorlar tomonidan yopildi. SVB ortidan yana ikki kredit tashkiloti «Silvergate Bank» va «Signature Bank» ham yopildi.
2023-yil 1-may kuni esa «First Republic Bank» faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi. «First Republic» ham SVB kabi Kaliforniyadagi nish bank edi. Va u ham, SVB kabi, mijozlar panikasi oqibatida depozitlarning keskin chiqib ketishiga (100 mlrd dollar – barcha omonatlarning 40 foizidan ortig‘i) duchkeldi. 213 mlrd dollar aktivga ega «First Republic» bankrotligi SVBni AQSH tarixidagi eng yirik bank bankrotliklari reytingida ikkinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa tushirdi.
Umuman olganda, o‘sha davrda 22 ta kredit tashkiloti depozitlarning keskin chiqib ketgani haqida xabar berdi.
Amerikaning «Forbes» nashri hisob-kitobiga ko‘ra, 2023-yil 2008–2013 yillarga nisbatan bankrot bo‘lgan banklar soni bo‘yicha rekord o‘rnatmagan bo‘lsa-da, bankrot bo‘lgan banklar hisoblaridagi umumiy aktivlar hajmi bo‘yicha barcha tarixiy rekordlarni yangilagan.
Shunga qaramay, keng ko‘lamli inqirozning oldi olindi – ko‘p jihatdan FZTning tezkor harakatlari tufayli, deb hisoblaydi Tim Sablik. SVB 10-mart kuni qulaganidan so‘ng, regulyator diskont oynasi orqali banklarga favqulodda kredit berish hajmini keskin oshirdi. 12-mart kuni esa FZT yangi qo‘llab-quvvatlash dasturi – «Bank Term Funding Program» (BTFP)ni ishga tushirdi. Uning doirasida banklar davlat obligatsiyalari va boshqa ishonchli aktivlar garovi evaziga kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
«Ahmoq. Esi og‘gan. O‘ta jinni» – Donald Tramp bilan ziddiyat
Agar eng katta sinov bo‘lmagan taqdirda ham, Jerom Pauell va umuman AQSH Federal zaxira tizimi uchun eng uzoq davom etgan sinov Donald Tramp bo‘ldi.
Pauell nomzodini 2017-yilda aynan Trampning o‘zi FZT rahbarligiga taklif qilgan bo‘lsa-da, 2018-yilga kelib siyosatchi va moliyachi o‘rtasida ilk ziddiyatlar boshlandi. Prezidentga aylangan biznesmen har ikki prezidentlik muddatida ham FZTning foiz stavkasini oshirish yoki uni yuqori darajada saqlab turish qarorlariga juda keskin munosabat bildirgan. Bu munosabat qanchalik keskin ekanini siyosatchining ijtimoiy tarmoqlardagi postlaridan bilish mumkin edi.
«AQSH har doim eng past stavkalar bo‘yicha qarz olishi kerak. Inflatsiya yo‘q! Faqat Jey Pauell va FZTning soddaligi boshqa davlatlar qilayotgan ishni qilishimizga to‘sqinlik qilmoqda. Biz hayotda bir marta uchraydigan imkoniyatni ana shu ahmoqlar sabab qo‘ldan boy beryapmiz», – deb yozgan edi Donald Tramp 2019-yilda.
«Jerom «juda kechikkan» Pauell yana shu ishni qildi!!! U JUDA KECH harakat qiladi va, ochig‘ini aytganda, FZT rahbari bo‘lish uchun JUDA G‘AZABNOK, JUDA AHMOQ va JUDA SIYOSIYLASHGAN».
Oq uy rahbari faqat haqoratlar bilan cheklanib qolmagan – u Pauellni stavka tushirishga rozi bo‘lmasa, uni ishdan bo‘shatish bilan ham bir necha bor tahdid qilgan.
Jerom Pauell esa prezident bilan ommaviy bahsga kirishmagan, qo‘pol so‘zlarga javob qaytarmagan va prezident siyosatini sharhlamagan. U o‘z pozitsiyasini oddiy qilib tushuntirgan:
«Biz hech bir tomonni qo‘llamaymiz. Biz bir guruhni boshqasiga qarshi qo‘ymaymiz va mas’uliyatimizga kirmaydigan masalalardan chetda turamiz. Biz shunchaki barcha fuqarolar manfaati uchun iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga e’tibor qaratamiz».
Bu muvozanatli holat 2026-yil yanvarda buzildi – o‘shanda Jerom Pauellga qarshi tergov boshlangani ma’lum bo‘ldi.
Rasmiy sabab sifatida Vashingtondagi Federal zaxira tizimiga tegishli ikki binoda rekonstruksiya ishlari qiymati ko‘rsatildi: u 2017-yildagi 1,9 mlrd dollardan 2023-yilda 2,5 mlrd dollargacha oshgan.
«Hech bir davlat xizmatchisi o‘z muddatida tarixiy binoni katta rekonstruksiya qilish bilan shug‘ullanishni xohlamaydi. Buni keyingi rahbarlarga qoldirish ancha qulay va bu holat nima uchun shunday bo‘lishini yaxshi ko‘rsatadi», – degan Pauell 2025-yil iyulida AQSH Senati oldida.
Shu bilan birga, respublikachilar va prezident Tramp tarafdorlari «Vashington markazidagi Toj-Mahal» degan narrativni kuchaytirishda davom etishdi – go‘yo bu qurilish Pauell buyrug‘i bilan olib borilayotgandek.
Senatdagi eshituvlardan bir necha kun o‘tib, kongressvumen Anna Paulina Luna Adliya vazirligiga Pauellga nisbatan jinoiy ish ochish mumkinligini tekshirishni so‘rab murojaat qildi. Aynan shu davrda prezident shaxsan qurilish maydoniga inspeksiyaga keldi. Bu Tramp ma’muriyati rahbari uchun Jerom Pauellga nisbatan AQSH Markaziy bankiga 20 yil ichida birinchi tashrif bo‘ldi.
Shundan keyin Tramp «Truth Social» tarmog‘ida shunday yozdi:
«Shunchaki buni oxiriga yetkazaylik va, yanada muhimi, FOIZ STAVKALARINI TUSHIRAYLIK!».
Jerom Pauell stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi. Noyabrda prokuratura ish ochdi, yanvarga kelib Federal zaxira tizimiga dastlabki chaqiruv qog‘ozlari yuborildi va jarayon OAVga ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng Fed rahbari vaziyat haqida birinchi bor ochiq izoh berdi:
«Jinoiy ta’qib tahdidi FZT foiz stavkalarini prezident istaklariga emas, balki jamiyat manfaatlariga ko‘ra belgilagani uchun paydo bo‘lmoqda».
Bu ishning siyosiy bosim ekaniga ko‘pchilik, jumladan ayrim respublikachi siyosatchilar ham qo‘shilgan. Masalan, Senat a’zosi Tom Tillis ushbu tergov sababli FZTning yangi rahbari nomzodi bo‘yicha ovoz berishni bloklagan.
Oxir-oqibat, AQSH okrug sudyasi Jeyms Boasberg ham ishda jinoyat tarkibi yo‘qligi va siyosiy motivlar ustun ekanini qayd etdi. Uning fikricha, barcha so‘rovlar asosan Pauellga bosim o‘tkazish va uni iste’foga majbur qilishga qaratilgan bo‘lgan.
Ish rasman yopildi. Lekin bosh prokuror Janin Pirro tergov qayta ochilishi mumkinligini aytdi va 80 foiz atrofida budjet oshishi bo‘lgan qurilish loyihasi jiddiy tekshiruvga arziydi, deb ta’kidladi.
Jerom Pauell bo‘yicha yakunlar
Jerom Pauell rahbarligida FZT faoliyatini baholash hali ham ochiq masala bo‘lib qolmoqda. Agar asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha qat’iy baholansa, uning yutuqlari nisbatan kamtar, lekin baribir sezilarli.
Ishsizlik darajasi uning davrida o‘rtacha 4 foiz atrofida bo‘ldi (pandemiya paytida 15 foizga yaqin keskin o‘sish bilan). Bu tarixan juda past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Pandemiyadan keyin mehnat bozori 2008-yilgi moliyaviy inqirozdan keyingiga qaraganda ancha tez tiklandi. Biroq so‘nggi yillarda dinamika pasaydi: yangi ish o‘rinlari kam, ishchilarning o‘z xohishi bilan ish almashtirishi ham kamaydi.
Inflatsiya (CPI) masalasida esa FZT pandemiyadan keyin uni barqaror ravishda 2 foiz darajasida ushlab qololmadi. Bu maqsadli ko‘rsatkich 2026-yil boshida vaqtincha erishilgan, lekin keyin yana o‘sish boshlangan – bu Eron bilan urush fonidagi omillar bilan bog‘lanadi.
Biroq ko‘pchilik uchun eng muhim xulosa iqtisodchi Maykl Folkender tomonidan aytilgan:
Jerom Pauell odatda inflatsiyani boshqarish orqali baholanadi. Shu nuqtai nazardan u tarixda eng yaxshi natija ko‘rsatgan rahbarlardan biri bo‘lmasligi mumkin. Lekin uni ko‘proq FZT mustaqilligini himoya qilgan rahbar sifatida eslashadi.
73 yoshli Pauell lavozimdan ketganidan keyin ham FZT boshqaruv kengashida qolishni rejalashtirgan – bu so‘nggi 80 yil ichida birinchi holat bo‘lishi mumkin.





