Samarqanddagi hibsxonadan ayblanuvchining o‘ligi chiqdi

22.02.2026 | 21:102 дақиқа

Marhum Kattaqo‘rg‘on tumangaz ta’minoti korxonasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagani, hokimlik zalida qo‘lga olingani aytilmoqda.

Samarqanddagi hibsxonadan ayblanuvchining o‘ligi chiqdi

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumangaz ta’minoti korxonasida faoliyat yuritgan, sobiq bo‘lim boshliqlaridan biri bo‘lgan 35 yoshli erkak Q.X. Kattaqo‘rg‘on shahridagi hibsxonadan o‘lik holda uyiga qaytarilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ham erkakning o‘limini tasdiqladi.

Xabarlarga ko‘ra, Q.X. tuman hokimining yig‘ilishlaridan birida, hokimlik zalida qo‘lga olingan, ayni paytda u ayblanayotgan moddalar bo‘yicha tergov jarayoni ketayotgan bo‘lgan.

G‘iyosovning ma’lum qilishicha, kecha, 21-fevral kuni soat 17:35larda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani 7-sonli Tergov hibsxonada saqlanayotgan Q.X. sog‘ligi yomonlashganligi sababli Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga olib borish vaqtida, shu kuni soat 18:00larda vafot etgan.

«Birlamchi sud-tibbiyot tashxisga ko‘ra marhumning vafoti «2-tip qandli diabetning og‘ir asoratlari» natijasida yuzaga kelgan. Badanida hech qanday jarohat izlari aniqlanmagan», – deydi IIV matbuot kotibi.

Bildirilishicha, 2026 yilning 18-fevral kuni ayblanuvchi Q.X. kasalligi sababli Kattaqo‘rg‘on shahar Tibbiyot birlashmasiga olib chiqilib, akasi X.X.ga xabar qilingan va ularga shifoxonada qo‘shimcha ravishda uchrashuv tashkil etilgan. Ayblanuvchi Q.X. kerakli muolajalardan so‘ng 2026 yil 20-fevral kuni Kattaqo‘rg‘on shahar Tibbiyot birlashmasi shifokorlarining xulosasiga asosan sog‘lig‘i qoniqarli bo‘lganligi sababli hibsxonaga qaytarilgan.

Ma’lumot uchun, Q.X. Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan ayblanib qamoqqa olingan. Hozirda holat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид