San’atkorlar soliqdan qo‘rqyapti: Nega ular hamma kabi soliq to‘lamasligi kerak?

Кеча 21:405 дақиқа

1-sentabrdan boshlab san’at vakillari 2,5 yil davomida bir xizmatidan maksimum 100 dollar soliq to‘lashi kutilmoqda.

San’atkorlar soliqdan qo‘rqyapti: Nega ular hamma kabi soliq to‘lamasligi kerak?

San’atkorlarning soliq to‘lash masalasi bir necha yildan beri jamoatchilik tomonidan muhokama qilib kelinadi.

Hukumat nihoyat 2026-yilga kelib ularga berilgan imtiyozlarni kamaytirib, barcha kabi soliq to‘lash masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasida san’atkorlardan har bir to‘y va konsert uchun alohida soliq undirish taklif qilinmoqda.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab ijrochilar va ijodiy jamoalarning ijodiy faoliyati bilan bog‘liq barcha xizmatlari «Soliq» mobil ilovasida ro‘yxatga olinadi.

San’atkorlar 2026-yil 1-sentabrdan 2029-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashni «bir xizmat — bir to‘lov» tamoyili asosida ilovaga muvofiq qat’iy miqdorlarda amalga oshiradi.

Ulardan mobil ilovada xizmat ko‘rsatish joyi, sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirish talab qilinadi. Ilovada ijrochilar tomonidan tegishli ma’lumotlar kiritilgandan va belgilangan miqdordagi to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng avtomatik tarzda elektron ma’lumotnoma shakllantiriladi.

Soliq qancha bo‘ladi?

San’at vakillari tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash tartibi qolganlarnikidek 12 foiz ko‘rinishida bo‘lmaydi. Hukumat bu uchun ham tizim taklif qilmoqda.

3

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan 2029-yil 1-yanvarga qadar «bir xizmat – bir to‘lov» miqdorlari hududlarga qarab farq qiladi va san’atkorlar reyting toifalariga bo‘linadi.

I reyting guruhi san’atkorlar qishloq joylarda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 barobari — 412 ming so‘m soliq to‘lasa, shahar joylarda BHMning 3 barobari miqdorida — 1 mln 236 ming so‘m budjetga to‘lov qiladi. Bu chet el valutasida 100 dollarga ham bormaydi.

III reyting guruhi vakillari esa qishloq joylarda BHMning 0,25 barobarida, 103 ming so‘m miqdorida soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.

Bunda to‘lovlar bepul asosda xizmat ko‘rsatilgan taqdirda ham undiriladi. Biroq, Madaniyat vazirligi tomonidan davlat tadbirlariga bepul jalb qilingan hollar bundan mustasno.

Taklif qilinayotgan tizimda hududlardagi iqtisodiy holat va san’at vakillarining reytingi, bu orqali topadigan daromadi inobatga olingan. 

Hamma kabi 12 foizli daromad solig‘i 2029-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi. Ungacha san’at vakillarida moslashish uchun bir necha yil vaqt bo‘ladi.

San’atkor soliq to‘lamasligi kerakmi?

Eng qizig‘i, qonun loyihasida san’atkorlarning soliq to‘lash tartibi boshqa soha vakillariga nisbatan yengilroq belgilangan. Biroq, shunda ham ayrim san’at vakillari bu tartibni amalda qo‘llashga qarshi bo‘lib, chiqishlar amalga oshirmoqda.

Ulardan biri xonanda Samandar Hamroqulov san’atkorlarning pul topish manbai faqat to‘y ekanini ta’kidlab, ularning aksariyati yillab qarz to‘lashi, krediti borligini aytib o‘tdi.

«Bunaqa soliqni qo‘yayotgan paytda hisobga olish kerakda har tomonlama. Bechora san’atkorlarni haydab yurgan yaltiroq mashinalari — kredit. Ko‘pchiligining qarzi juda ko‘p. Shuning uchun men shaxsan iltimos qilardim, san’atkorlarga ozgina yengillik qilib berilsa yaxshi ijod mahsullari bo‘lardi… San’atkorlar insonlarni tarbiya qiladi», — deydi u o‘z murojaatida.

Taklif qilinayotgan loyihaga qarshi san’at vakillari ko‘p bo‘lishiga qaramay, bu tartibni qo‘llab-quvvatlovchilar ham topilmoqda.

Xonanda Davron Ergashev san’atkorlar xalqning aksariyat qismidan ko‘p daromad qilishini ta’kidlab, soliq to‘lashga ijobiy qarashini bildirib o‘tdi.

«Xalqimiz orasida ancha-muncha insonlardan yaxshi topamiz, xudoga shukur. To‘ylarga borsak xalqimiz bizni chiroyli kutvolishadi, aytgan pulimizdan ortig‘ini ham berishadi kerak bo‘lsa. Ularga katta rahmat deyman. Nega bu mavzu muhokama bo‘lyapti? San’atkorlar shunchalik bechora bo‘lib qoldinglarmi? Soliq to‘larkanmiz, u qilarkanmiz, bu qilarkanmiz. Voy to‘laymizda, hamma to‘lyaptiyu», — deydi xonanda.

Davron Ergashev so‘zining davomida san’at vakillarining ijtimoiy tarmoqlardagi bunday chiqishlari uyat ekanini, ularga kreditni hech kim majburlab oldirmaganini aytib o‘tdi.

Faqat san’atkorlar kredit oladimi?

Shu o‘rinda, O‘zbekistonda qaysi soha vakillari kredit olmaydi degan o‘rinli savol paydo bo‘ladi. Bunga bemalol kredit olmaydigan soha yo‘q deb javob berish mumkin.

Aksincha, san’at vakillariga nisbatan kam daromadli aholi kreditga ko‘proq ehtiyoj sezadi.

2025-yilda mamlakat aholisi 156,9 mlrd so‘mlik kredit olgan. Bu 2024-yilga nisbatan 50 foizga ko‘proq. Ajratilgan kreditlarning deyarli yarmi mikrokarzlarga to‘g‘ri kelgan.

Bu bankdan olingan qarzning aksariyati to‘y, mashina olish, qarzlarni to‘lash kabi istalgan maqsadlar uchun ishlatilayotganini bildiradi.

Kreditga bo‘lgan ehtiyoj soha tanlamaydi va o‘zbekistonliklar san’at vakillaridan tortib o‘qituvchi va shifokorgacha birdek kredit olishni sezilarli ko‘paytirmoqda.

Faqat O‘zbekistonda san’atkorlar soliq to‘laydimi?

Rivojlangan davlatlarda san’atkorlar oddiy aholi kabi soliqqa tortiladi. Masalan, Yevropa Ittifoqida ular daromadiga nisbatan 30 foizgacha, ayrim hollarda 40 foizdan ko‘proq soliqqa tortilishi mumkin.

Deylik, ma’lum san’atkor konsertdan 100 ming yevro topadigan bo‘lsa, buning taxminan 40 ming dollarini (Fransiya, Ispaniya kabi) davlatga topshiradi.

AQSHda esa san’at vakillariga soliq stavkasi 20–30 foiz atrofida bo‘lib, ayrim hollarda 35 foizdan ham oshadi.

Rivojlangan davlatlarda emas, O‘zbekistonga yaqinroq bo‘lgan Qozog‘istonda ham san’atkorlarni soliqqa tortish boshlab yuborilgan. 2026-yil 31-martgacha qozog‘istonlik san’at vakillari o‘tgan yil davomida olgan daromadlarini deklaratsiya qildi. Ular bundan 10 foiz miqdorida daromad solig‘i to‘laydi.

Xulosa o‘rnida san’at imtiyoz emas, mas’uliyat ekanini eslatib o‘tish kerak. To‘y va konsertlardan yaxshi daromad qilayotgan san’at vakillari soliq to‘lash masalasida jamiyatdan alohida bo‘lib qolishi yillar davomida noto‘g‘ri bo‘lib kelgan. Buni o‘zgartirish vaqti allaqachon o‘tib ketib bo‘lgandi.

Kredit esa faqat san’atkorlarning muammosi emas — bugun o‘qituvchidan tortib shifokorgacha, oddiy ishchidan tortib talabaga qadar ko‘pchilikda qarz majburiyatlari bor.

Shuning uchun yangi tartib kimnidir jazolash emas, balki sohani tartibga solish va ochiq qilishga qaratilgan qadam sifatida ko‘rilishi kerak. Agar san’at jamiyatni tarbiyalaydi desak, unda u jamiyat oldidagi mas’uliyatni ham old qatorlarda his qilishi shart.

Теглар

Мавзуга оид