Shavkat Mirziyoyev Moskvadagi G‘alaba paradida ishtirok etadi

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlar va ayrim OAVlarda Shavkat Mirziyoyevning bu yilgi tadbirlarda qatnashmasligi haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalgan edi.

Shavkat Mirziyoyev Moskvadagi G‘alaba paradida ishtirok etadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ertaga, 9-may kuni Moskva shahrida Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan harbiy paradda ishtirok etadi. Bu haqda VAQT.UZ nashrining hukumatdagi ishonchli manbalari xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat rahbari bugun, 8-may kuni Moskvaga uchib ketishi kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda va ayrim OAVlarda O‘zbekiston Prezidentining bu yilgi tadbirlarda ishtirok etmasligi haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalgan edi. Shuningdek, Kreml tomonidan e’lon qilingan dastlabki ro‘yxatda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari, xususan, Shavkat Mirziyoyev nomi qayd etilmagandi.

Avvalroq taqdim etilgan rasmiy mehmonlar ro‘yxatidan Belarus, Laos, Gvineya-Bisau prezidentlari, Malayziya oliy hukmdori hamda ayrim xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rin olgan edi.

Prezidentning ushbu tashrifi doirasida boshqa ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi yoki o‘tkazilmasligi borasida hozircha rasmiy ma’lumot berilmagan.

O‘tgan yilgi parad

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilgi paradda ham qantashgandi. 2025-yilda Moskvadagi Qizil maydonda Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda, xususan G‘alaba paradida Xitoy raisi Si Szinpin, Braziliya prezidenti Lula da Silva, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel, Venesuelaning o‘sha paytdagi prezidenti Nikolas Maduro va boshqalar qatnashgandi.

Shavkat Mirziyoyev Moskvaga tashrifi doirasida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan rasmiy uchrashuv, Xitoy raisi Si Szinpin, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Vietnam kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi To Lam, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich va Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan norasmiy uchrashuvlar o‘tkazgandi.

Теглар

Мавзуга оид

Shavkat Mirziyoyev Moskvadagi G‘alaba paradida ishtirok etadi | Vaqt.uz