Shavkat Mirziyoyev urush qatnashchilari bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini ziyorat qilib, ularni bayram munosabati bilan tabrikladi.

Shavkat Mirziyoyev urush qatnashchilari bilan uchrashdiPrezident matbuot xizmati | © Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari Qurolli Kuchlar Bosh harbiy klinik gospitalida Akmal ota Akramov, Vera Juravskaya, Hasanboy ota Xalmatov va Vladimir Alekseykov bilan suhbatlashdi. Prezident faxriylarning salomatligi va holidan xabar olib, ularning urush yillaridagi jasorati hamda mehnatini alohida e’tirof etdi.

«Sizlar tarixning jonli guvohi, matonat timsolisizlar. Sizdek tabarruk insonlar bilan uchrashish, o‘gitlaringizni tinglash bizga katta ma’naviy kuch bag‘ishlaydi. Xalqimiz sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi. Bugungi tinch va ozod kunlar, avlodlarning baxtiyor istiqboli sizlarning mislsiz fidokorligingiz mahsulidir. Sizlarning ibratli hayot yo‘lingiz yoshlarimiz uchun haqiqiy matonat maktabidir», – dedi Prezident.

Prezidentning 16-apreldagi qaroriga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti faxriylari hamda xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiylarning oilalariga davlat tomonidan qo‘shimcha e’tibor va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, salomatlikni tiklash uchun mamlakatdagi sanatoriylarga imtiyozli yo‘llanmalar ajratish ishlari amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv yakunida faxriylar O‘zbekistonda keksalarni e’zozlash va tarixiy xotirani asrash borasida amalga oshirilayotgan ishlar uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Теглар

Мавзуга оид

Shavkat Mirziyoyev urush qatnashchilari bilan uchrashdi | Vaqt.uz