Logo

Solfy va Milliy bank mojarosi: investor O‘zbekistonga qarshi 100 mln dollarlik da’vo kiritdi

Бугун 12:252 дақиқа

Da’vo Milliy bank bilan foizsiz muddatli to‘lov kartalari loyihasi atrofida yuzaga kelgan mojaro bilan bog‘liq. 100 mln dollar hozircha O‘zbekiston to‘lashi belgilangan tovon emas, balki investor talab qilayotgan kompensatsiya miqdori hisoblanadi.

Solfy va Milliy bank mojarosi: investor O‘zbekistonga qarshi 100 mln dollarlik da’vo kiritdi © sun'iy intelekt

Rossiyaning «Sberbank»ida sobiq birinchi rais o‘rinbosari bo‘lgan Maksim Poletayev va Solfy Rus O‘zbekistonga qarshi Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazga — ICSID’ga ariza kiritdi. Bu haqda Global Arbitration Review xabar berdi.

Da’vogarlar O‘zbekistondan 100 mln dollar kompensatsiya talab qilmoqda. Ish Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida 2013 yilda imzolangan investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitimga asoslangan. Hujjat 2014 yil 14-yanvardan kuchga kirgan.

Rossiya ICSID haqidagi Vashington konvensiyasini imzolagan, biroq ratifikatsiya qilmagan. Shu sababli da’vo markazning Qo‘shimcha mexanizmi qoidalari asosida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Poletayevning xalqaro yuridik maslahatchisi Amsterdam & Partners O‘zbekiston investorlar bilan adolatli munosabatda bo‘lish, ularning mulkini noqonuniy olib qo‘ymaslik, kamsitmaslik va mablag‘larni erkin o‘tkazish bo‘yicha majburiyatlarini buzganini da’vo qilmoqda.

Biroq bu ayblovlar hozircha faqat da’vogar tomonning pozitsiyasi hisoblanadi. Arbitraj O‘zbekistonning bitimni buzganini tasdiqlagani yoki mamlakat zimmasiga 100 mln dollar to‘lash majburiyatini yuklagani yo‘q.

Solfy O‘zbekiston bozoriga 2020 yilda kirgan. Kompaniya 2021 yilda Milliy bank bilan foizsiz muddatli to‘lov kartalarini chiqarish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Loyiha doirasida bank moliyalashtirishni, Solfy esa texnologiya, marketing va savdo hamkorlarini jalb qilishni ta’minlashi kerak edi.

Kartalar 2022 yildan chiqarila boshlangan. Dastlab tomonlar bir necha yil ichida 1 mlndan ortiq karta chiqarish hamda mamlakatdagi yirik chakana savdo korxonalarining yarmidan ko‘pini hamkorlik tarmog‘iga ulashni rejalashtirgan edi.

Keyinchalik tomonlarning munosabatlari yomonlashib, nizo O‘zbekiston sudlariga ko‘chgan. Mahalliy sudlar Solfy CA’dan Milliy bank foydasiga 21,32 mlrd so‘m undirish haqida qaror chiqargan. Shundan 19 mlrd so‘mdan ortig‘i asosiy qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Milliy bank keyinchalik ushbu qarorlarni Angliyada ham ijro ettirish jarayonini boshladi. Bankning britaniyalik yuristlari undiriladigan mablag‘ni qariyb 1,32 mln funt sterlingga baholagan.

Mojaro fonida 27-mart kuni Solfy’ning O‘zbekistondagi rahbari O‘ktam Xasanov hibsga olingan. Unga qariyb 17 mlrd so‘mni o‘zlashtirish yoki rastrata qilish bilan bog‘liq ayblov qo‘yilgan.

Investor vakillari Xasanovning hibsga olinishini tijoriy nizoda Solfy’ga bosim o‘tkazish vositasi deb hisoblamoqda. Ular arbitrajdan Xasanovni ozod qilishga qaratilgan vaqtinchalik choralarni ham so‘ramoqchi.

Milliy bank esa bosim haqidagi ayblovlarni rad etgan. Bank bu tijoriy va huquqiy nizo ekanini, O‘zbekiston sudlarining qarorlari yakuniy kuchga kirganini bildirgan. Shuningdek, Xasanov bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga Milliy bankdan tashqari yana to‘qqiz nafar shaxs murojaat qilganini ma’lum qilgan.

Теглар

Мавзуга оид