«Soliq hosildan olinishi kerak, urug‘likdan emas»: omonatlarga soliq taklifi iqtisodchilar tanqidiga uchradi
O‘zbekistonda bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlariga 5 foizlik soliq joriy etish taklifi bahslarga sabab bo‘ldi. Vaqt.uz mazkur tashabbus bo‘yicha Markaziy bankning munosabati, iqtisodchilarning e’tirozlari va xorij tajribasini o‘rgandi.

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning bank omonatlari bo‘yicha foiz daromadlariga 5 foiz miqdorida soliq joriy etish taklif qilindi. Bu taklif «Fiskal muloqot» tadbirida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish hamda Fiskal tahlillar instituti tomonidan ilgari surildi, deya xabar bermoqda Vaqt.uz muxbiri.
Institut taqdimotiga ko‘ra, bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlari 1998-yildan buyon soliqdan ozod qilingan. Bugungi kunda bu soliq to‘lanmaydigan yagona passiv daromad turi hisoblanadi.
Ayni paytda dividendlardan 5 foiz, uy-joy yoki boshqa mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromadlar, royalti va kapital o‘sishidan olingan daromadlardan esa 12 foiz soliq undiriladi.
Shu sababli Fiskal tahlillar instituti bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlariga ham dividendlar kabi 5 foizlik soliq joriy etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblamoqda. Buning uchun Soliq kodeksining 381-moddasiga o‘zgartirish kiritish taklif etilgan.

Manba: Vaqt.uz
Xorij tajribasi misol qilib keltirildi
Taqdimotda boshqa davlatlar tajribasi ham keltirilgan. Unga ko‘ra, bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlari Qozog‘iston, Ozarbayjon va Hindistonda 10 foiz, Tailandda 15 foiz, Indoneziyada 20 foiz, Germaniyada 26,4 foiz stavkada soliqqa tortiladi. Turkiyada esa bu stavka 15 foizdan 40 foizgacha o‘zgaradi. Bunga batafsil to‘xtalamiz.
Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, 5 foizlik soliq joriy etilsa, davlat budjetiga qariyb 1,4 trln so‘m qo‘shimcha daromad tushishi mumkin. Bunda 2026-yil 1-may holatiga jismoniy shaxslarning banklardagi omonatlari 170,2 trln so‘mni tashkil etgani, o‘rtacha foiz stavkasi 16 foiz ekani hisobga olingan.
Masalan, fuqaro bankka 200 mln so‘mni yillik 20 foiz stavkada omonat qo‘ysa, bir yilda 40 mln so‘m foiz daromadi oladi. Taklifga ko‘ra, ana shu 40 mln so‘mning 5 foizi, ya’ni 2 mln so‘mi soliq sifatida ushlab qolinadi.
Hozircha bu faqat taklif
Ayni paytda bu tashabbus faqat taklif bo‘lib, Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar hali kiritilmagan. Ya’ni, bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlari hozircha amaldagi tartib bo‘yicha soliqqa tortilmaydi.
Shunga qaramay, xabar ijtimoiy tarmoqlarda iqtisodchilar, ekspertlar va jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar bu budjetga qo‘shimcha daromad keltirishini ta’kidlasa, boshqalar bunday soliq aholining banklarda pul saqlashga bo‘lgan qiziqishini kamaytirishi mumkinligini aytmoqda.
Muhokamalardan so‘ng Markaziy bank ham mazkur taklif yuzasidan o‘z pozitsiyasini bildirdi.
Markaziy bank: «Bu rasmiy taklif emas»
Taklif keng muhokamalarga sabab bo‘lgach, Markaziy bank rasmiy munosabat bildirdi.
Regulyatorning ta’kidlashicha, bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlariga soliq joriy etish haqidagi fikr Fiskal tahlillar instituti tomonidan o‘tkazilgan ilmiy-tahliliy tadqiqot doirasida ilgari surilgan. Institut xalqaro tajriba va iqtisodiy jarayonlarni o‘rganish asosida turli tahliliy takliflarni ishlab chiqishi tabiiy ekani qayd etildi.
Markaziy bank ushbu fikr ilmiy-tadqiqot natijalari taqdimoti davomida bildirilganini, u hozircha rasmiy taklif sifatida kiritilmaganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, regulyator bunday tashabbuslar ko‘rib chiqilganda ularning moliyaviy resurslar qiymatiga, banklarning resurs bazasi hamda moliyaviy barqarorlikka ta’siri har tomonlama baholanishiga alohida e’tibor qaratilishini ma’lum qildi.
Iqtisodchilar nimadan xavotirda?
Taklif e’lon qilingach, iqtisodchilar turli jihatlarga e’tibor qaratdi. Ularning aksariyati soliq stavkasining o‘zi emas, balki uning bank omonatlari, bank tizimi va umuman iqtisodiyotga ta’siri muhimroq ekanini ta’kidlamoqda.
«Davlat odamlarni pulini bankka olib kirishga undayotgan paytda aynan shu ishonchni soliqqa tortib qo‘yishi mumkin» — Botir Qobilov
Iqtisodchi Botir Qobilov bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlariga 5 foizlik soliq joriy etish g‘oyasi nazariy jihatdan tushunarli bo‘lsa-da, O‘zbekistonning hozirgi sharoitida unga ehtiyotkorlik bilan yondashish zarurligini aytdi.
Birinchidan, uning fikricha, taklif qilinayotgan soliq real emas, nominal daromaddan undiriladi.
«Bu soliq real daromadga emas, nominal daromadga solinishi taklif qilinmoqda, to‘g‘ri tushungan bo‘lsam. Bank to‘laydigan foizning katta qismi aslida odamni boyitmaydi — u faqat inflatsiya sabab yo‘qotilgan xarid qobiliyatini qoplaydi. Masalan, deylik, omonat foizi 16 va inflatsiya 6–7 foiz bo‘lsa, odamning real daromadi 16 foiz emas, taxminan 9 foiz atrofida bo‘ladi. Davlat esa 5 foizlik soliqni shu 9 foizlik real daromaddan emas, to‘liq 16 foiz nominal daromaddan oladi».
Ikkinchidan, iqtisodchi bunday tashabbus Markaziy bankning pul-kredit siyosati bilan qarama-qarshilikka olib kelishi mumkinligini ta’kidlaydi.
«Odatda Markaziy bank inflatsiyani pasaytirish uchun yuqori foiz stavkalarini saqlaydi va yuqori depozit stavkalari odamlarni bugun ko‘proq iste’mol qilish o‘rniga pulini bankda saqlashga undaydi. Lekin bir tomondan Markaziy bank omonatni jozibador qilishga harakat qilsa, ikkinchi tomondan davlat uning daromadini soliqqa tortsa, bu ikki siyosat bir-biriga qarshi ishlaydi. Odamga avvalgi 16 foizlik sof daromadni berish uchun bank endi taxminan 16,8 foiz stavka taklif qilishi kerak bo‘ladi. Bu esa banklarning resurs xarajatini oshiradi. Bank resursi qimmatlashsa, kredit ham qimmatlashadi», — deb yozmoqda iqtisodchi.
Uchinchidan, Qobilov bunday qarorning psixologik ta’siri uning moliyaviy ta’siridan ham kattaroq bo‘lishi mumkinligini qayd etadi.
«Oddiy omonatchi esa bu yangilikni boshqacha qabul qilib, «davlat bankdagi pulimizga soliq solishni boshladi», deydi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda bu «omonatlardan 5 foiz olib qo‘yiladi» degan noto‘g‘ri shaklda tarqalishi ehtimoli juda yuqori. Odamlar bugungi 5 foizni emas, ertaga nima bo‘lishini ham o‘ylaydi. Moliyaviy tizimda ishonch juda sekin quriladi, lekin bitta qaror bilan tez yo‘qolishi mumkin».
To‘rtinchidan, u davlat budjetiga tushishi kutilayotgan 1,4 trln so‘mlik qo‘shimcha daromad hisob-kitobini shartli deb hisoblaydi.
«1,4 trillion so‘mlik kutilayotgan soliq tushumi juda sodda hisob-kitobga asoslangan, menimcha. Bu statik hisob-da, odamlar va banklarning javob reaksiyasi yo‘q. Soliq joriy qilingach, yangi omonatlar o‘sishi sekinlashishi, ayrim omonatlar muddati tugagach yangilanmasligi, pul xorijiy valutaga yoki boshqa aktivlarga o‘tishi, banklar depozit stavkalarini ko‘tarishi, kreditlar qimmatlashishi mumkin».
Beshinchidan, iqtisodchi bu tashabbus so‘mdagi omonatlarning jozibadorligini pasaytirishi mumkinligini aytadi.
«So‘mdagi omonat stavkasi yuqori bo‘lishining sababi bor. Odam so‘mda pul saqlab, inflatsiya va valuta kursi xavfini o‘z zimmasiga oladi, yuqori foiz ana shu xavf uchun kompensatsiya. Agar davlat shu kompensatsiyaning bir qismini ham soliqqa olsa, so‘mda saqlashning jozibadorligi pasayadi».
Qobilovning fikricha, asosiy masala soliq stavkasining 5 foiz ekani emas, balki uning bank tizimiga bo‘lgan ishonchga qanday ta’sir qilishidadir.
«Xullas, asosiy masala 5 foizning katta yoki kichikligida emas, balki davlat hali odamlarni pulini bankka olib kirishga va so‘mga ishonishga undayotgan paytda, aynan shu ishonchni soliqqa tortib qo‘yishi mumkin», — deya xulosa qildi Botir Qobilov.
«Depozitlarni soliqqa tortishdan keladigan zarar foydasidan oshib ketishi mumkin» — Mirkomil Xolboyev
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning fikricha, taklif qabul qilinsa, bu nafaqat budjetga qo‘shimcha daromad keltiradi, balki bank tizimi va omonatchilar xatti-harakatiga ham ta’sir qilishi mumkin.
Avvalo, iqtisodchiga ko‘ra, 5 foizlik soliq davlat budjetiga 1,4 trln so‘m qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin. Biroq u amalda bu ko‘rsatkich pastroq bo‘lishi ehtimolini istisno qilmaydi. Uning fikricha, soliq joriy etilishi omonatlardan olinadigan daromadni kamaytiradi.
Hozir milliy valutadagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha yillik foiz stavkasi 19,2 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, yangi soliq joriy qilinishi natijasida omonatchining qo‘liga tegadigan daromad 18,2 foizgacha kamayadi. Bu esa ayrim fuqarolarni pullarini boshqa investitsiya yo‘nalishlariga yo‘naltirishga undashi yoki banklardagi omonatlar o‘sishini sekinlashtirishi mumkin. Natijada davlat kutayotgan soliq tushumi ham prognoz qilinganidan kamroq bo‘lishi ehtimoli mavjud.
Ikkinchidan, iqtisodchi yagona 5 foizlik soliq so‘mdagi omonatlarga ko‘proq ta’sir qilishini ta’kidlaydi. Bu esa xorijiy valutadagi omonatlarni nisbatan jozibadorroq qilib qo‘yishi mumkin.
«5 foizlik soliq stavkasi so‘mdagi depozitlarni ko‘proq jazolaydi. Yuqorida yozganimdek, 5 foizlik soliq stavkasi so‘mda depozit qo‘yuvchi uchun foiz stavkasini qariyb 1 foiz bandga pasaytiradi. Xorijiy valutadagi depozitlar bo‘yicha foiz stavkasi esa 0,22 foiz bandga pasayadi, xolos. Bu esa o‘z navbatida xorijiy valutadagi depozitlarning jozibadorligini oshiradi», — deb yozmoqda Xolboyev.
Uchinchidan, uning aytishicha, agar odamlar bunga javoban banklarda kamroq pul saqlay boshlasa, banklar kredit berish uchun resurslarni qimmatroq narxda jalb qilishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa kreditlar ham qimmatlashiga olib kelishi mumkin.
«Agar odamlar foiz stavkasi pasayishiga (soliq) sezuvchan bo‘lsa, unda bu bank tizimida depozitlarning kamayishiga olib keladi. Balki depozitlar qoldig‘i qisqarishni boshlamas, lekin soliq depozitlar qoldig‘i o‘sishini sekinlashtirishi mumkin. O‘z navbatida depozitlar banklar uchun resurs manbai hisoblanadi. Banklar depozitlar darajasini saqlanib qolishi uchun foiz stavkasini oshirishni boshlasa, bu banklar ajratadigan kreditlar stavkasining o‘sishiga olib keladi», — deydi iqtisodchi.
To‘rtinchidan, Xolboyevning fikricha, taqdimotda boshqa davlatlar tajribasi to‘liq ochib berilmagan. Chunki ayrim mamlakatlarda omonatlar uchun istisnolar ham mavjud.
«Turli mamlakatlarda depozitlarni soliqqa solishda depozit valutasi, muddati, mahalliy yoki chet el bankiga qo‘yilganligi hamda depozitdan daromadni soliqqa solishning minimal chegarasi mavjud. Masalan, Ozarbayjonda 18 oydan ko‘proq muddatga qo‘yilgan milliy valutadagi depozitlardan olingan daromad soliqdan ozod qilingan».
Xolboyevning ta’kidlashicha, agar bunday soliq joriy etilsa, milliy va xorijiy valutadagi omonatlar uchun turli stavkalarni belgilash yoki soliq olinadigan minimal chegarani joriy etish kabi mexanizmlar ham ko‘rib chiqilishi kerak.
«Hozirgi arxitektura bilan depozitlarni soliqqa solishdan keladigan zarar, u olib keladigan foydadan oshib ketishi mumkin», — deydi iqtisodchi Xolboyev.
Shuning uchun depozitdan olingan daromadni soliqqa tortishda eng kamida milliy valutadagi depozitlar uchun boshqa stavkada, xorijiy valutadagi depozitlar uchun esa boshqa stavkada soliq belgilash, depozitlarni soliqqa solishning minimal chegarasini o‘rnatish kabi mexanizmlarni joriy qilish maqsadga muvofiq.
«Soliq hosildan olinishi kerak, urug‘likdan emas» — Behzod Hoshimov
Iqtisodchi Behzod Hoshimovning fikricha, omonatlardan olinadigan daromadni soliqqa tortish masalasidan ham muhimroq muammo — O‘zbekistondagi soliq tizimining yondashuvida. Uning aytishicha, amaldagi tizim ko‘proq sarmoyani soliqqa tortmoqda, holbuki soliq investitsiyadan emas, undan olingan daromaddan undirilishi kerak.
Hoshimov bunga misol sifatida korxonalar foyda solig‘ini keltiradi. Uning ta’kidlashicha, biznes ishlab chiqarishni kengaytirish yoki yangi uskunalar sotib olish uchun qilgan xarajatlarini darhol soliq bazasidan chegira olmaydi. Natijada tadbirkorning investitsiya qilish istagi pasayadi.
Iqtisodchining qayd etishicha, shunga o‘xshash holat jismoniy shaxslar uchun ham mavjud. Masalan, uyini ijaraga bergan fuqaro ijara daromadidan soliq to‘laydi, biroq uyni ta’mirlash, jihozlash yoki daromad keltiruvchi boshqa xarajatlarini to‘liq hisobga olish imkoniga ega emas. Bu esa investitsiya qilayotgan shaxs uchun qo‘shimcha yuk yaratadi.
Hoshimovning fikricha, aynan shunday yondashuv iqtisodiyotda investitsiyalarni rag‘batlantirish o‘rniga, iste’molni afzal ko‘rishga olib keladi.
«Taklifim shuki, islohot stavkani emas, bazani nishonga olsin. Ijaradan, masalan, 12% olishsa olishsin, lekin ijaraga oid, hujjatlashtirilgan, daromad keltiruvchi xarajatni ayirib tashlash imkoni bilan. O‘zbekcha aytganda: urug‘likni soliqqa olmaslik, hosildan olish kerak», — deb yozmoqda Hoshimov blogda.
Xorijda omonatlar qanday soliqqa tortiladi?
Fiskal tahlillar instituti taqdimotida qator davlatlarda bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlari soliqqa tortilishi misol qilib keltirilgan. Biroq ayrim mamlakatlarda soliq stavkasi bilan bir qatorda omonatchilar uchun turli imtiyozlar ham qo‘llaniladi.
Qozog‘istonda fuqarolar mahalliy banklardagi omonatlaridan olinadigan foiz daromadlari uchun soliq to‘lamaydi. Soliq faqat xorijiy banklarda joylashtirilgan omonatlardan olingan daromadlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Germaniyada omonatlardan olingan foizlar kapital daromadi sifatida baholanadi. Asosiy soliq stavkasi 25 foiz bo‘lsa, unga 5,5 foizlik birdamlik yig‘imi ham qo‘shiladi va umumiy stavka 26,4 foizni tashkil etadi. Ayrim fuqarolar uchun cherkov solig‘i ham undiriladi. Shu bilan birga, yiliga bir kishi uchun dastlabki 1 ming yevro, er-xotin uchun esa 2 ming yevrogacha bo‘lgan kapital daromadi soliqqa tortilmaydi.
Indoneziyada bank depozitlari va jamg‘arma hisobvaraqlaridan olinadigan foiz daromadlari 20 foizlik yakuniy daromad solig‘iga tortiladi. Biroq asosiy summasi 7,5 mln rupiydan (taxminan 5 mln so‘m) oshmaydigan omonatlar bo‘yicha foiz daromadlari soliqdan ozod qilingan.
Ozarbayjonda bank omonatlari bo‘yicha foiz daromadlariga 10 foizlik soliq stavkasi amal qiladi. Biroq milliy valutada kamida 18 oy muddatga qo‘yilgan omonatlardan olingan daromadlar soliqqa tortilmaydi. Bundan tashqari, milliy valutadagi boshqa omonatlar bo‘yicha ham har bir bankda oyiga dastlabki 200 manat (taxminan 1,4 mln so‘m) miqdoridagi foiz daromadi soliqdan ozod etilgan. Faqat ushbu limitdan oshgan qism va xorijiy valutadagi omonatlar bo‘yicha bank 10 foizlik soliqni avtomatik ushlab qoladi.
Turkiyada ham bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlari soliqqa tortiladi. Biroq soliq stavkasi omonatning muddatiga qarab o‘zgaradi. Masalan, milliy valutada 6 oygacha muddatga qo‘yilgan omonatlardan olinadigan foiz daromadining 17,5 foizi, 6 oydan 1 yilgacha bo‘lgan omonatlardan 15 foizi, 1 yildan ortiq muddatga qo‘yilgan omonatlardan esa 10 foizi soliq sifatida ushlab qolinadi. Bu soliqni omonatchi alohida to‘lamaydi — bank foiz daromadini to‘lash paytida uni avtomatik ravishda ushlab qoladi va qolgan mablag‘ni mijoz hisobiga o‘tkazadi.
Теглар






