So‘nggi ikki oyda 8 ta narkotik laboratoriyasi aniqlandi
Shuningdek, jami 375 kg narkotik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning iste’molga chiqib ketishining oldi olingan.

Joriy yilning dastlabki ikki oyida huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida 8 ta g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya fosh etilib, faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu bilan birga ikki oy davomida jami 375 kg narkotik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning iste’molga chiqib ketishining oldi olingan.
Giyohvandlik vositalarining eng ko‘pini «gashish» (42 foiz yoki 146 kg) va «marixuana» (33 foiz yoki 113 kg) moddalari tashkil etgan.
Avvalroq, Toshkent xalqaro aeroportida Bishkekdan uchib kelgan qo‘shni davlat fuqarosining jomadonida sport ozuqasi sifatida ko‘rsatilgan giyohvandlik moddalari aniqlangani haqida xabar bergan edik.





