Logo

Sun’iy intellekt ta’siri: ma’lumotlar markazlari atrofida harorat 9 darajagacha oshgan

Tadqiqotlarga ko‘ra, ma’lumotlar markazlari nafaqat katta miqdorda suv va elektr energiyasi sarflaydi, balki atrof-muhitga ham salbiy ta’sir o‘tkazadi.

Sun’iy intellekt ta’siri: ma’lumotlar markazlari atrofida harorat 9 darajagacha oshgan

Texnologiya gigantlari sun’iy intellekt ishlashi uchun zarur bo‘lgan infratuzilmani qurishda o‘zaro raqobatlashmoqda. Biroq tobora ko‘payib borayotgan dalillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sun’iy intellekt giperskeylerlari — «Google», «Amazon» va «Microsoft» kabi yirik bulutli xizmat provayderlari o‘z atrofidagi hududlar iqlimiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Kembrij tadqiqotchilari o‘tkazgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlari atrofida yer yuzasining harorati o‘rtacha 2 selsiy darajaga, ayrim hududlarda esa hatto 9 darajagacha ko‘tarilgan.

«Al Jazeera» nashrining yozishicha, tadqiqotchilar buni «ma’lumotlarning issiqlik oroli effekti» deb atashgan.

Sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlari qancha energiya sarflaydi?

Foydalanuvchi «ChatGPT», «Gemini» yoki «Claude»ga murojaat qilganda, uning har bir so‘rovi ma’lumotlar markazida — kuniga 24 soat tinimsiz ishlaydigan maxsus komputerlarga to‘la ulkan binolarda qayta ishlanadi.

Sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlari bir vaqtning o‘zida minglab hisob-kitoblarni amalga oshiradigan kuchli chiplardan foydalanadi. Yirik modellarning uzluksiz ishlashi esa ularni odatiy veb-serverlarga qaraganda ancha ko‘proq energiya talab qiladigan obyektlarga aylantiradi.

Xalqaro Energetika Agentligi (XEA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda ma’lumotlar markazlari taxminan 415 teravatt-soat (TVt/soat) elektr energiyasini iste’mol qilgan. Bu global ta’minotning qariyb 1,5 foizini tashkil etadi va so‘nggi besh yil ichida mazkur ko‘rsatkich yiliga taxminan 15 foizdan o‘sib bormoqda. 2030 yilga borib bu raqam qariyb ikki baravar ko‘payib, 945 TVt/soatga yetishi kutilmoqda.

Eng ko‘p energiya talab qiladigan inshootlar qatoriga giperskeyl (o‘ta yirik) ma’lumotlar markazlari kiradi — bular yirik texnologik kompaniyalar tomonidan global miqyosda bulutli hisob-kitoblar va sun’iy intellektni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qurilgan eng ulkan obyektlardir. «IBM» ma’lumotlariga ko‘ra, ular odatda kamida 5000 ta serverni o‘z ichiga oladi va kamida 930 kvadrat metr maydonni egallaydi.

Giperskeyl ma’lumotlar markazlari ishlashi uchun odatda har soniyada uzluksiz ravishda 100 dan 300 megavattgacha elektr energiyasi talab qilinadi. Bu yuz minglab uylarni elektr bilan ta’minlashga yetadigan ulkan quvvatdir.

Buncha miqdordagi energiya sarfi juda katta issiqlik ajratib chiqaradi. Bu issiqlikni esa faqatgina ko‘p miqdorda suv talab qiladigan zamonaviy sovutish tizimlari orqaligina nazorat qilish mumkin.

Buyuk Britaniya hukumatining raqamli barqarorlik bo‘yicha maslahat organi hisobotida aniqlanishicha, quvvati 100 megavattli giperskeyl ma’lumotlar markazi yiliga taxminan 2,5 milliard litr suv sarflashi mumkin. Bu 80 ming kishining yillik suv ehtiyojiga teng ko‘rsatkichdir.

Ma’lumotlar markazlari qurilishidagi jadal o‘sish

Bugungi kunda sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlarini qurish jarayoni butun dunyo bo‘ylab misli ko‘rilmagan sur’atlarda rivojlanmoqda. 2026 yil iyun holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 11 600 dan ortiq ma’lumotlar markazi faoliyat yuritmoqda.

«Data Center Map» ma’lumotlariga ko‘ra, bunday inshootlarning aksariyati, ya’ni 4 300 dan ortig‘i AQSHda joylashgan.

Bu borada Yevropa ikkinchi o‘rinda turadi. Bu yerda Buyuk Britaniya 540 dan ortiq (asosan London atrofida to‘plangan) markazi bilan yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarni Germaniya (520 dan ortiq) va Fransiya (390 dan ortiq) egallagan.

Osiyo qit’asida esa Xitoy (360 dan ortiq) va Hindiston (300 dan ortiq) oldinda bormoqda. Shu bilan birga, Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasi ham jadal kengayib boryapti hamda ma’lumotlar markazlari quvvati va bulutli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha eng tez o‘sayotgan bozorlardan biriga aylanmoqda.

«Synergy Research Group» ma’lumotlariga qaraganda, 2021 yildan buyon butun dunyoda giperskeyl ma’lumotlar markazlari soni qariyb ikki barobarga oshib, 700 tadan 1 297 taga yetgan.

Sun’iy intellekt ma’lumotlar markazi qancha issiqlik ajratadi?

Kembrij, Nanyang texnologiya universiteti hamda boshqa muassasalar tadqiqotchilari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlari ishga tushgach, ularning atrofida yer yuzasi harorati o‘rtacha 2 selsiy darajaga ko‘tariladi. Uning issiqlik ta’siri esa 10 kilometrgacha masofada seziladi.

Tadqiqotchilar NASA sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalangan holda, 2004–2024 yillar oralig‘idagi global yer yuzasi haroratini o‘lchagan va buni dunyo bo‘yicha 11 000 dan ortiq ma’lumotlar markazining joylashuvi bilan solishtirgan.

Tadqiqot asosan aholi zich joylashmagan hududlardagi 6 733 ta markazga qaratildi. Bunda har bir inshoot ochilganidan keyingi oylardagi harorat o‘sha joydagi avvalgi besh yillik o‘rtacha ko‘rsatkich bilan taqqoslandi. Natijada haroratning ko‘tarilishi 0,3 selsiy darajadan to 9,1 selsiy darajagacha bo‘lgan oraliqni tashkil qilgani aniqlandi.

Tadqiqot xulosalariga ko‘ra, ma’lumotlar markazlaridan 10 kilometr radiusda yashovchi 340 milliondan ortiq aholi bunday isish ta’sirini sezishi mumkin. Mutaxassislar bu holatni «aholining yashash tarzi va mintaqaviy farovonligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatuvchi» omil sifatida baholab, mazkur masala ekologik barqaror sun’iy intellekt bo‘yicha global muhokamalarning asosiy kun tartibidan joy olishi kerakligini ta’kidlamoqda.

Ko‘pgina ma’lumotlar markazlari aholi zich yashaydigan hududlardan uzoqda, asosan sanoat zonalarida quriladi. Biroq ulardan chiqayotgan issiqlik baribir o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu isishning tafti 10 kilometrgacha bo‘lgan masofada ham yaqqol seziladi.

Haroratning bunday sun’iy ko‘tarilishi odamlarning sog‘lig‘iga, energiyaga bo‘lgan ehtiyojiga va umumiy yashash tarziga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Bu esa yaqin atrofdagi aholi uchun qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

5,3 trillion dollarlik sarmoya

«Goldman Sachs» global investitsiya bankining taxminlariga ko‘ra, 2025 yildan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda to‘rtta eng yirik giperskeyler — «Microsoft», «Amazon», «Alphabet» va «Meta» kompaniyalari tomonidan jami 5,3 trillion dollar miqdorida sarmoyaviy xarajatlar amalga oshirilishi kutilmoqda.

Kelgusida amalga oshiriladigan eng yirik loyihalar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:

·         «Meta»: Luiziana shtatida barpo etiladigan 27 milliard dollarlik «Hyperion» kampusi;

·         «Microsoft»: Viskonsin shtatidagi 20 milliard dollarlik ko‘p bosqichli ma’lumotlar markazi kampusini kengaytirish loyihasi;

·         «Amazon»: Missisipi shtatida ma’lumotlar markazi infratuzilmasiga kiritiladigan 25 milliard dollarlik sarmoya;

·         «Google»: Missuri shtatining Nyu-Florens shahrida joylashgan 15 milliard dollarlik giperskeyl ma’lumotlar markazi kampusi («Project Spade» loyihasi);

·         «Oracle»: Texas shtatining Abilin shahrida quriladigan, umumiy quvvati 1,2 GVt dan to 2 GVt gacha yetadigan va «OpenAI» uchun mo‘ljallangan ulkan sun’iy intellekt superklasteri («Project Stargate» loyihasi).

Теглар

Мавзуга оид