Tax Free tizimi chegara postlariga ham joriy etiladi

Кеча 22:502 дақиқа

QQSni qaytarish imkoniyati endi aeroportlardan tashqari chegara postlari orqali chiquvchi sayyohlar uchun ham yaratiladi.

Tax Free tizimi chegara postlariga ham joriy etiladi

O‘zbekistonda chet el fuqarolari uchun QQSni qaytarish — Tax Free tizimi qamrovi kengaytirilib, ayrim chegara bojxona postlarida ham joriy etiladi. Bu prezident qarorida belgilanib, turizm va chakana savdoni rag‘batlantirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Yangilikka ko‘ra, “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti rekonstruksiya ishlari tugallangach, u yerda tajriba tariqasida mazkur servis ishga tushiriladi. Shu orqali quruqlik orqali mamlakatni tark etayotgan xorijiy fuqarolar ham O‘zbekistonda xarid qilgan tovarlari uchun QQSni qaytarib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Bu o‘zgarish amaldagi tizimdan sezilarli farq qiladi. Ilgari Tax Free asosan xalqaro aeroportlar orqali chiqib ketayotgan sayyohlarga xizmat qilgan bo‘lsa, endilikda uning qamrovi kengayib, qo‘shni davlatlar bilan chegara orqali harakatlanuvchi sayyohlar ham qamrab olinadi.

Hukumat ushbu chora orqali savdo hajmini oshirishni ko‘zlamoqda. Chunki quruqlik orqali kirib-chiquvchi turistlar soni yuqori bo‘lib, ular uchun QQSni qaytarish imkoniyati yaratilishi xaridlarni rag‘batlantiradi.

Qarorga muvofiq, Tax Free xizmati raqamlashtiriladi. Soliq organlarining mobil ilovasida alohida funksiya ishlab chiqilib, xorijiy fuqarolarni identifikatsiya qilish va qaytariladigan mablag‘ni avtomatik hisoblash imkoniyati yaratiladi. Bu jarayonlarni tezlashtirib, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, tizimni ommalashtirish maqsadida axborot va reklama ishlari kuchaytiriladi. Tax Free imkoniyatlari bir nechta tillarda targ‘ib qilinib, savdo nuqtalari va turistik hududlarda maxsus belgilar o‘rnatiladi. Ma’lumotlar xalqaro platformalar, aviakompaniyalar va turoperatorlar orqali ham tarqatiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 1-apreldan Tax Free tizimi barcha xalqaro aeroportlarda to‘liq ishga tushiriladi. Unga ko‘ra, kamida 300 ming so‘mlik xarid qilgan chet el fuqarolari QQSning 85 foizini qaytarib oladi.

Теглар

Мавзуга оид