Logo

Toshkent aeroportining yonilg‘i quyish majmuasini xususiylashtirishga 5 ta investor qiziqish bildirdi

Бугун 16:092 дақиқа

Majmuani xususiylashtirish bo‘yicha ochiq savdolarning dastlabki bosqichi yakunlandi.

Toshkent aeroportining yonilg‘i quyish majmuasini xususiylashtirishga 5 ta investor qiziqish bildirdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahri, Sirg‘ali tumanida joylashgan havo kemalariga xizmat ko‘rsatish uchun zamonaviy yonilg‘i qo‘yish majmuasining ochiq savdo jarayonlari yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, majmuani xususiylashtirish jarayonining dastlabki bosqichida beshta investor xaridga qiziqish bildirgan.

Majmuani sotish bo‘yicha dastlabki qiziqish bildirish (Express of Interest — EoI) bosqichi joriy yilning 22-sentabrida boshlanib, 23-oktabrga qadar davom etdi.

Ushbu yirik xususiylashtirish jarayonini shaffof va xalqaro standartlar asosida tashkil etish maqsadida «Ernst and Young» (EY) xalqaro kompaniyasi konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi rasmiy maslahatchi sifatida jalb qilingan.

Dastlabki bosqich doirasida konsultant tomonidan keng qamrovli marketing va targ‘ibot ishlari olib borilib, investitsiya takliflari salohiyatli investorlarga yuborildi. Belgilangan muddat yakuniga kelib, jarayonda qatnashish istagini bildirgan beshta talabgordan tegishli arizalar qabul qilib olindi.

Investorlarga qo‘yiladigan talablar va sanksiyalar nazorati

Endi «Ernst and Young» kompaniyasi kelib tushgan arizalarni qator qat’iy mezonlar asosida chuqur o‘rganib chiqadi.

Bunda talabgorlarning nafaqat moliyaviy imkoniyatlari va barqarorligi, balki ularning jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish qonunchiligi talablariga qanchalik rioya qilishi tekshiriladi.

Jarayonning eng muhim shartlaridan biri — investorlar Yevropa Ittifoqi, AQSH va boshqa xalqaro moliya institutlarining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lishi shart.

Ushbu o‘rganish mezonlariga to‘liq javob beradigan talabgorlargina xususiylashtirish jarayonining keyingi — majburiyatga ega takliflarni taqdim etish (Binding Offer — BO) bosqichiga o‘tkaziladi va savdolarda ishtirok etishni davom ettiradi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi konsultant bilan hamkorlikda savdoning har bir bosqichi bo‘yicha jamoatchilikni ochiq va muntazam ravishda xabardor qilib borishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Humo Air davlatga qaytarilib, yana xususiylashtirilishi haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид