Toshkent markazida bir tomonlama harakatlanish rejasi bekor qilindi

Бугун 11:252 дақиқа

Jamoatchilik muhokamalari va qo‘shimcha tahlillardan so‘ng poytaxt markazidagi ko‘chalardan birida faqat bir tomonlama harakat joriy etish rejasi hozircha amalga oshirilmaydigan bo‘ldi.

Toshkent markazida bir tomonlama harakatlanish rejasi bekor qilindi

Toshkent shahri markazida yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirish maqsadida bir ko‘chada bir tomonlama harakat joriy etish rejasi to‘xtatildi. Bu haqda shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.

Mazkur tashabbus 25-mart kuni e’lon qilingan bo‘lib, u transport oqimini samarali taqsimlash, tirbandliklarni qisqartirish va harakat xavfsizligini oshirishga qaratilgan edi. Shuningdek, haydovchilar uchun yanada qulay sharoit yaratish asosiy maqsad sifatida ko‘rsatilgan.

Biroq loyiha jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kelib tushgan fikr-mulohazalar va qo‘shimcha tahlillar natijasida qaror hozirgi ko‘rinishda amalga oshirilmasligi ma’lum qilindi.

«Bir tomonlama harakatni joriy etish bo‘yicha dastlab ko‘rib chiqilgan qaror hozirgi bosqichda amalga oshirilmaydi. Zero, mazkur masala transport tizimi va ijtimoiy muhitga ta’sirini yanada chuqurroq baholashni talab etadi», deyiladi markaz xabarida.

Poytaxtda kunlik harakatlansvchi avtomobillar

Ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni Toshkentga qariyb 1 million kishi tashrif buyuradi. Ertalab shaharga kirib kelib, kechqurun qayta chiqib ketuvchi minglab avtomobillar tirbandliklarni yanada kuchaytirmoqda.

Yo‘l harakatini tashkil etish markazi bo‘lim boshlig‘i Olloyor Norbo‘tayevning aytishicha, 2030 yilgacha poytaxtda tirbandlik darajasini kamida 30 foizga kamaytirish rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, jamoat transportini rivojlantirish bu borada asosiy omil hisoblanadi.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev poytaxtda taxminan 1,3 millionta avtomobil harakatlanishini ma’lum qilgan. Ularning 700–800 mingtasi doimiy aholiga tegishli ekani ta’kidlagan edi.

Теглар

Мавзуга оид