Logo

Toshkent – Nukus tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Бугун 12:302 дақиқа

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va logistika infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiquvchi yirik loyihalar start olmoqda.

Toshkent – Nukus tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi © vaqt.uz

Nukus shahrida bo‘lib o‘tayotgan Prezident yig‘ilishida Qoraqalpog‘istonning har bir tumanida aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladigan loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Xususan, 384 million dollar evaziga A-380 magistral yo‘lining Qo‘ng‘irotdan o‘tgan 240 kilometri to‘liq beton qoplamaga o‘tkazilgan.

18-sentabr kuni yo‘lning To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniydan o‘tgan yana 92 kilometrini qurish boshlangan. Mazkur loyihaning qiymati 233 million dollarga teng.

Ma’lum qilinishicha, mazkur ishlar natijada tranzit 1,5 karra oshadi. To‘rtko‘lga kirgan yuklar Qozog‘iston chegarasiga bir sutka o‘rniga 10 soatda yetib boradi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, kelasi yil mart oyidan Toshkent – Nukus tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilib, safar vaqti 16 soatdan 7 soatga qisqaradi.

Shuningdek, «Tuyamo‘yin» suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish va Qo‘ng‘irotdan Mo‘ynoqqa 100 kilometr ichimlik suv tarmog‘ini tortish boshlanadi.

Sanoat xaritasi yangilanadi

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda yer, qazilma boyliklar, quyosh va shamol energiyasi hamda katta yaylovlar borligini ta’kidladi. Bu imkoniyatlar asosida «resursdan tayyor mahsulotgacha» bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi yangi sanoat va investitsiya xaritasi yaratiladi.

Ta’kidlanishicha, «Qo‘ng‘irot – Qorao‘zak – Taxiatosh» yo‘nalishi Qoraqalpog‘istonning «yashil sanoat yo‘lagi» – «intellektual iqtisodiyot uchburchagi»ga aylanadi.

Shu bilan birga, sun’iy intellekt va data markaz loyihalari uchun tashkil etilgan maxsus zonada 8 milliard dollarlik 6 ta loyiha amalga oshiriladi.

Mutasaddilarga 1-oktabrgacha besh yillik dastur ishlab chiqib, investorlar uchun 1 gigavatt quvvatli barqaror elektr ta’minotini yo‘lga qo‘yish topshirilgan.

«Uch yilda Nukus shahri, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak va Taxiatoshda 1,5 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratish, bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida yillik eksportni 600 million dollarga yetkazish vazifasi belgilandi», — deyiladi xabarda.

Теглар

Мавзуга оид