Toshkent–Samarqand pullik yo‘li tenderida Xitoy kompaniyasi g‘olib bo‘ldi

Бугун 08:302 дақиқа

Toshkent–Samarqand o‘rtasida quriladigan 282 kilometrlik yangi pullik avtomagistral loyihasi bo‘yicha 2,18 mlrd dollarlik tenderda Xitoy kompaniyasi g‘olib deb topildi.

Toshkent–Samarqand pullik yo‘li tenderida Xitoy kompaniyasi g‘olib bo‘ldi

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamovning «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, xalqaro tender yakuniga ko‘ra Xitoy kompaniyasi tanlab olingan va ayni paytda shartnoma imzolash hamda qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Qurilish ishlarini 2026 yil iyul oyida boshlash rejalashtirilgan.

Vazirning ta’kidlashicha, davlat rahbari loyihani zamonaviy yondashuvlar asosida amalga oshirish, loyihalash jarayonlarini tezlashtirish hamda qurilish sifatini nazorat qiluvchi xalqaro konsalting kompaniyasini jalb etish bo‘yicha topshiriq bergan. Mazkur kompaniya texnik nazorat, ekspertiza va sifat monitoringi bilan shug‘ullanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi Toshkent–Samarqand yo‘lida transport oqimi o‘tkazuvchanlik darajasidan oshib ketgan. Yangi trassa orqali tirbandliklar kamayishi, haydovchilar va yo‘lovchilar manzilga 2–2,5 barobar tezroq yetib borishi kutilmoqda.

Loyihani moliyalashtirish

O‘zbekiston Milliy banki boshqaruvi raisi Alisher Mirsoatov loyiha qiymati taxminan 2,185 mlrd dollar ekanini ma’lum qildi. Loyihani moliyalashtirish to‘rt bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, mablag‘larning asosiy qismi xorijiy kreditlar hisobidan qoplanadi.

Moliyalashtirish jarayoniga Xitoy taraqqiyot banki, Xitoy eksport-import banki va Xitoy kommunikatsiyalar banki kabi moliya institutlarini jalb qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, qurilish ishlarining uzluksizligini ta’minlash uchun 1 yil muddatga 200 mln dollarlik «brij-kredit» olish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.

Prezident administratsiyasi huzuridagi Transport va logistikani kompleks rivojlantirish loyiha ofisi rahbari Otabek Ungboyevning bildirishicha, loyihaning 85 foizi yoki 1,857 mlrd dollar qismi tashqi kreditlar hisobidan, qolgan 328 mln dollar qismi esa davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent–Samarqand pulli yo‘li qurilishini tezlashtirishni topshirgan edi.

Infratuzilma va qurilish obyektlari

Loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 60 ta tunnelli o‘tish joyi, 91 ta ko‘prik, 16 ta yo‘l o‘tkazgich, 258 ta drenaj inshooti va intellektual transport tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 12 ta terminal, yo‘l bo‘yi infratuzilmasi va vazn o‘lchash tizimi tashkil qilinadi.

Теглар

Мавзуга оид