Logo

Toshkent va unga tutash tumanlardagi issiqxonalar uchun maxsus ekologik tartib joriy etilmoqda

Бугун 15:133 дақиқа

Belgilangan talablarni bajarmagan va havoni ifloslantirishda davom etgan xo‘jaliklar elektr energiyasi, gaz va suv ta’minotidan to‘liq uziladi.

Toshkent va unga tutash tumanlardagi issiqxonalar uchun maxsus ekologik tartib joriy etilmoqda © egemen.kz

Toshkent shahri va Toshkent viloyatining beshta tumanida joylashgan qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan issiqxonalar 1-dekabrga qadar isitish tizimini o‘zgartirishi yoki qat’iy ekologik talablarga javob berishi shart. Belgilangan talablarni bajarmagan xo‘jaliklar elektr energiyasi, gaz va suv ta’minotidan uziladi. Bu haqda 22-oktabr kuni qabul qilingan Hukumatning 586-sonli qarorida ma’lum qilindi.

Hujjat bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, maxsus ekologik hududga Toshkent shahri, shuningdek, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlari kiritilgan. Ushbu hududlardagi issiqxonalarni isitish uchun tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, geotermal va quyosh energiyasidan, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarida hosil bo‘ladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalanishga ruxsat etiladi.

Qattiq yoqilg‘i, ya’ni ko‘mir, briket va biomassa pelletlarida ishlaydigan issiqxonalar 1-dekabrgacha isitish turini o‘zgartirishi kerak. Biroq, ular bir qator qat’iy talablarni bir vaqtning o‘zida bajargan taqdirdagina qattiq yoqilg‘idan foydalanishni davom ettirishi mumkin.

Xususan, qozon qurilmalari yoqilg‘i uzatish va yonish jarayonini avtomatik boshqarish tizimi hamda chang-gaz tozalash uskunalari bilan jihozlanishi lozim. Shuningdek, Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimlariga integratsiya qilingan uzluksiz avtomatik monitoring o‘rnatilishi, uskunalarning muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi, onlayn kameralar, zaxira generatori o‘rnatilishi va chiqindilar utilizatsiya qilinishi talab etiladi.

Qarorga muvofiq, issiqxonalarda shina, bitum, mazut, plastmassa va polimer plyonkalar, sintetik karton, rezina, jun tolasi, ishlatilgan moylar hamda maishiy va ishlab chiqarish chiqindilarini yoqilg‘i sifatida yoqish qat’iyan man etiladi.

Ekologik modernizatsiya uchun moliyaviy ko‘mak va javobgarlik choralari

Ekologik talablarga moslashayotgan tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ham belgilangan. 2028 yilgacha chang-gaz tozalash uskunalari, qozon qurilmalari, energiya tejamkor ekranlar, shuningdek, elektr, geotermal, quyosh va kogeneratsiya asosidagi isitish uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizi davlat budjeti hisobidan subsidiyalanadi. Bunda subsidiya miqdori har bir gektar uchun 50 million so‘mdan oshmasligi belgilangan.

Avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatmoqchi bo‘lgan issiqxonalarga har bir stansiya uchun 350 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ 7 yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi. Shuningdek, 2026-2027-yillarda zamonaviy isitish tizimlariga o‘tish loyihalari uchun banklar orqali 14 foizlik stavkada (bank marjasi 4 foiz) 7 yil muddatga kreditlar ajratiladi. Kredit miqdori loyiha qiymatining 50 foizigacha, har bir gektar uchun esa eng ko‘pi bilan 3 milliard so‘mni tashkil qilishi mumkin.

2026-yil 1-dekabrdan boshlab yuqoridagi talablarga javob bermaydigan issiqxonalarga davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi berilmaydi, avval berilgan xulosaning amal qilishi esa vaqtincha to‘xtatiladi. Bunday holatda issiqxonani elektr, gaz va suv ta’minotidan uzish choralari ko‘riladi. Maxsus hududdagi issiqxonalarda har yili 15-oktabrdan 15-martgacha nazorat va monitoring o‘tkaziladi. Inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf tug‘diruvchi omillar aniqlansa, ifloslantiruvchi manba faoliyati 10 kungacha to‘xtatilishi mumkin.

Bundan oldinroq, 13-oktabr kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda va tegishli qarorda 1-noyabrdan boshlab ayrim issiqxonalarga elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizi qoplab berilishi, shuningdek, soliq imtiyozlari va energiya tejamkor uskunalar xaridi uchun 300 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratilishi ma’lum qilingan edi.

Теглар

Мавзуга оид