Logo

Toshkentda havo sifati «yashil» darajaga chiqdi — Ekologiya qo‘mitasi

Бугун 18:572 дақиқа

Ekologik talablarga rioya qilmagan qurilish obyekti va korxonaga chora ko‘rildi.

Toshkentda havo sifati «yashil» darajaga chiqdi — Ekologiya qo‘mitasi

6-noyabrga o‘tar kechasi Toshkent shahrida havo sifati kechki soatlarda yomonlashdi. Soat 20:00 dan boshlab havo sifati Xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha «nosog‘lom» darajaga yetdi. Yarim tunda keyin esa havo sifati yaxshilanib, tonggi soatlarda «o‘rtacha» darajada kuzatildi. Milliy havo sifati indeksi bo‘yicha shahar o‘rtacha ko‘rsatkichi yarim tungacha «sariq», so‘ng «yashil» darajada bo‘ldi.

Kechki soatlarda kuchsiz shamol mahalliy va qo‘shni hududlarda shakllangan atmosfera tashlamalari hamda PM zarrachalarining tarqalishini cheklab, ularning yer yuzasiga yaqin qatlamda saqlanib qolishiga sharoit yaratdi. Yarim tundan keyin sharqdan iliq va quruq havo kirib kelishi, shamol tezligining kuchayishi hamda havo almashinuvining yaxshilanishi natijasida PM zarrachalari tarqalib, havo sifati sezilarli yaxshilandi.

Shuningdek, «Ekologik monitoring milliy markazi» DM mutaxassislari tomonidan Toshkent shahri va Qibray tumanida havo sifati holati bo‘yicha instrumental o‘lchovlar o‘tkazildi. Prognozlarga ko‘ra, 6-noyabr kuni Toshkent shahrida havo sifati Xalqaro AQI bo‘yicha asosan «sezgir guruhlar uchun nosog‘lom», milliy indeks bo‘yicha esa asosan «yashil», ayrim muddatlarda «sariq» darajada bo‘lishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, hozirda havo sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Xususan, Ekopolitsiya tomonidan Toshkent shahrida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida belgilangan tartibda «N.H.P» MCHJ faoliyati o‘rganildi. O‘rganish davomida korxona tomonidan bir qancha ekologik talablarga rioya qilinmagani aniqlandi va chora ko‘rilib, tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, Toshkentdagi yana bir qurilish obyektida jiddiy ekologik qonunbuzarliklar kuzatildi va kerakli choralar belgilandi.

Ekologiya qo‘mitasiga ko‘ra, reyd va nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda iflos havo yana 10 kun saqlanib qolishi mumkinligi haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид