Toshkentdagi banklardan biri mijozning omonatdagi 300 ming dollarini talon-toroj qildi
Jinoyat kodeksining 2 ta moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.
© Vaqt.uzToshkent shahrida fuqaroning omonatga qo‘ygan 300 ming dollarini talon-toroj qilgan bank fosh etildi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Sergeli tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat banklardan birining mas’ul shaxslari fuqaro I.M.ning omonatga qo‘yilgan 500 ming dollaridan I.M.ning nomidan qalbaki ariza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirib, 300 ming dollarni o‘zlashtirib talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Departament tijorat bankining nomi va gumonlanuvchi mas’ul shaxslar haqidagi boshqa ma’lumotlarni ochiqlamadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq imtiyozli kreditlarni talon-toroj qilgan hokim yordamchilari qo‘lga olingandi.





