Logo

Toshkentning Amir Temur va Yangishahar ko‘chalarida 24/7 formatidagi hududlar barpo etiladi

Shuningdek, poytaxt hovlilarida imkoniyati cheklangan aholi uchun moslashtirilgan inklyuziv bolalar va sport maydonchalari quriladi.

Toshkentning Amir Temur va Yangishahar ko‘chalarida 24/7 formatidagi hududlar barpo etiladi © Foto: t.me/poytaxt_uz

Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Amir Temur va Yangishahar ko‘chalarining ayrim uchastkalarida 24/7 formatidagi hududlar hamda poytaxt hovlilarida barcha uchun hammabop inklyuziv maydonchalar barpo etiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi masalalari bo‘yicha departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziz Azimov, shuningdek, mutasaddi idoralar va tuman hokimliklari rahbarlari zamonaviy, xavfsiz va hammabop jamoat makonlarini yaratishga qaratilgan loyihalar bilan tanishgan.

Inklyuziv maydonchalar va tunu kun ishlaydigan ko‘chalar

«Yunusobod tumanidagi Yangishahar va Amir Temur ko‘chalarining ayrim uchastkalarida 24/7 formatidagi hududni barpo etish ishlari davom etmoqda», — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, ushbu obyektda obodonlashtirish, piyodalar yo‘laklarini tashkil etish, servis obyektlarini joylashtirish, yoritish, ko‘kalamzorlashtirish, xavfsizlikni ta’minlash va hududdan kecha-yu kunduz foydalanish masalalari o‘rganilgan. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan aniq chora-tadbirlar va ularni bartaraf etish muddatlari belgilab olingan.

Shu bilan birga, poytaxt hovlilaridagi bolalar va sport maydonchalariga o‘rnatish uchun taklif etilayotgan jihozlar namunalari ko‘zdan kechirilgan.

Konstruksiyalarning sifati, xavfsiz qoplamasi, jihozlarning uzoq muddatga chidamliligi, shuningdek, imkoniyati cheklangan bolalar va kattalar uchun sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qarotilgan. Mutasaddilarga zamonaviy xavfsizlik, sifat va inklyuzivlik talablariga javob beradigan jihozlar o‘rnatilishini ta’minlash topshirilgan.

«Bolalar va sport maydonchalari nomiga qurilgan obyektlar emas, balki barcha aholi bemalol foydalana oladigan to‘laqonli maskanlar bo‘lishi kerak», — deya ta’kidlanadi rasmiy xabarda.

Shuningdek, loyihalar doirasida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tutash hududni kompleks rivojlantirish va uni ochiq jamoat bog‘iga aylantirish ishlariga start berilgani, bog‘ga kirishni cheklaydigan panjarali to‘siqlar olib tashlanib, to‘siqsiz muhit shakllantirilishi qayd etilgan.

Amalg‘a oshirilayotgan ishlarning bosh maqsadi shunchaki jihozlar o‘rnatish yoki ayrim hududlarni obodonlashtirish emas, balki aholi har kuni foydalana oladigan hammabop, xavfsiz va qulay makonlar yaratishdan iborat ekani ma’lum qilingan.

Теглар

Мавзуга оид