Tramp tahdidiga Eronning javob va’dasi ortidan neft tebrandi, kripto va aksiyalar tushdi

AQSH va Eron o‘rtasidagi geosiyosiy ziddiyatning kuchayishi fonida dushanba kuni kripto va Osiyo fond bozorlarida keskin pasayish qayd etildi, neft narxida esa yuqori tebranuvchanlik kuzatilmoqda.

Tramp tahdidiga Eronning javob va’dasi ortidan neft tebrandi, kripto va aksiyalar tushdi

AQSH Prezidenti Donald Trampning yakshanba kuni «Truth Social» tarmog‘ida yozishicha, agar Eron 48 soat ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochmasa, AQSH Eronning elektr stansiyalariga «eng kattasidan boshlab» zarba beradi va ularni yo‘q qiladi. Bunga javoban Tehron energetika va suv infratuzilmasiga qilingan har qanday hujumga Ko‘rfazdagi AQSH va Isroil aktivlariga zarba berish bilan javob qaytarishini hamda jahondagi muhim neft yo‘lagi bo‘lgan bo‘g‘ozni butunlay yopib qo‘yishini bildirdi.

Mojaro xavfining ortishi kripto bozoriga jiddiy zarba berdi. Uzoq vaqtdan beri xavfsiz aktiv sifatida ko‘rib kelingan «Bitcoin» («BTC») narxi so‘nggi 24 soat ichida 1,8 foizga pastlab, 68 160 dollarni tashkil qildi. Buning ortidan kripto bozorida umumiy qiymati 336,3 million dollarlik pozitsiyalar majburiy yopildi (likvidatsiya). «CoinGlass» ma’lumotlariga ko‘ra, bu mablag‘ning qariyb uchdan bir qismi (100 million dollar) muvaffaqiyatsiz long-pozitsiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Osiyo fond bozorlarida ham salbiy dinamika kuzatildi. Yaponiya bozorida indekslar 4 foizdan ko‘proqqa, Avstraliya va Yangi Zelandiya bozorlarida esa 0,8 foizga pastladi.

Shu bilan birga, energetika bozorida beqarorlik yuzaga keldi. Xom neft narxi dushanba tongida qisqa muddatga 100 dollardan oshdi, so‘ng tezda 97,20 dollarga tushib, keyinroq 99,30 dollar atrofida shakllandi. Etalon hisoblangan «Brent» markali neft barreli 114 dollardan oshgan bo‘lsa-da, keyinchalik 113 dollardan pastroq darajada barqarorlashdi.

«BTC Markets» kripto birjasi tahlilchisi Reychel Lukasning ta’kidlashicha, hozirda kriptovalyutalar xavfsiz boshpana sifatida emas, balki aksiyalar bilan bir xil yo‘nalishda harakat qilmoqda. Bozordagi qo‘rquv ko‘rsatkichi esa o‘ta past darajaga tushib ketgan.

Shuningdek, tahlilchi neft narxining oshishi inflatsiya kutilishlarini kuchaytirayotganini va AQSH Federal zaxira tizimi tomonidan foiz stavkasini oshirish ehtimoli bir hafta ichida noldan 12,4 foizga ko‘tarilib ketganini aytdi.

«Agar vaziyat yumshasa, kripto eng tez tiklanadigan xavfli aktivlar qatorida bo‘ladi. Ammo hozircha mojaroning aniq muzokara tomoni va tugash muddati yo‘qligi sababli, yaqin kelajakda nima bo‘lishini taxmin qilish qiyin», — dedi Lukas.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bozordagi pasayish davom etsa, «Bitcoin» uchun 65 800 dollar asosiy tayanch nuqtasi bo‘ladi. Tiklanish jarayoni boshlanishi uchun esa narx 71 500 dollardan oshishi kerak. Shunga qaramay, sohada kuchli institutsional qo‘llab-quvvatlov mavjudligi sababli, joriy oyda «Bitcoin» birja fondlariga («ETF») 1,43 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritilgan.

Теглар

Мавзуга оид